Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:23

Prokuratura xodimi: Mehnat ta’tilimizda 1 kun ham dam ololmaymiz


Axir biz qonun ustuvorligini ta’minlaydigan, fuqarolar, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qiladigan, adolatni ro‘yobga chiqaradigan organ bo‘lsak, qanday qilib o‘zimiz adolatsizlik ichida bo‘la turib, o‘zimizning huquqlarimiz buzilib turgan bir vaqtda boshqalarni huquqlarini himoya qilishimiz mumkin?

Bu gap O‘zbekiston "prokuratura organlarida xizmat qilayotgan" shaxsini ochiqlasa "1 daqiqada ishdan bo‘shatib yuborishlari aniq" bo‘lgan fuqaro xatidan olindi. Xat muallifi o‘z ism-familiyasini hatto Ozodlik o‘zi bilishi uchun ham ochiqlamadi. Faqat chindan ham prokuratura xodimi ekanligiga dalil sifatida guvohnomasi muqovasi suratini jo‘natdi.

Ishchi-xizmatchilar mehnatidan foydalanishda qonunda belgilangan me’yorlar qo‘pol ravishda buzilayotgani to‘g‘risidagi shikoyatlar Ozodlikka ko‘p keladi. Bu muammo keyingi oylarda mahalliy matbuotda ham yoritilmoqda. Bu masalada qator vazirliklar "nazoratga olamiz", "rioya qilamiz" degan mazmunda bayonotlar bilan ham chiqqan. Biroq, prokuratura xodimidan kelgan xatga qaraganda, ahvol o‘zgarishsiz qolayotgan ko‘rinadi.

Tahrirsiz, qisqartirishsiz, imlo va stilistikasini saqlagan holda e’lon qilayotganimiz maktubni o‘qing:

"Men prokuratura organlarida xizmat qilaman. Yaqinda mehnat ta’tiliga chiqaman, ammo boshliqlarim menga 1 kun ham dam berishmoqchi emas. Moddiy yordamni olda, ishingni davom ettir deyishmoqda.

Biz tunu-kun tinmay mehnat qilamiz, ba’zida kechalari ishxonada tunashga to‘g‘ri keladi. Shunday bo‘lsada umuman dam yo‘q.

Axir biz qonun ustuvorligini ta’minlaydigan, fuqarolar, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qiladigan, adolatni ro‘yobga chiqaradigan organ bo‘lsak, qanday qilib o‘zimiz adolatsizlik ichida bo‘la turib, o‘zimizni huquqlarimiz buzilib turgan bir vaqtda boshqalarni huqularini himoya qilishimiz mumkin?

Bizdan yuqorida turuvchilarga faqat ularni o‘tirgan kursisi kerak, qo‘l ostidagi xodimlar bilan umuman ishi yo‘q, asosiysi ular lavozimni tark etmasa, stulchasini quchoqlab olsa bo‘lgani, xodimlar o‘lib ketmaydimi, ularga baribir.

Bizga IShLASh UChUN barcha sharoitlar yaratilgan, ha ishlash uchun, ammo dam olish uchun zarracha ham imkoniyat yo‘q.

Hozir bu xabarim sizlarni ijtimoiy tarmoqlaringizga chiqganidan keyin nimadir o‘zgarish bo‘lishi mumkin, vaqtincha. Ammo shunda ham meni davlat xoiniga chiqaradiganlar ham topiladi. Ishda qolmasligim aniq, agar biror sabab topilib qamoqqa olishmasa.

Aslida ular umuman o‘ylab ko‘rishmaydiki, men faqat xodimlarning huquqlarini himoya qilib chiqmoqdaman. Biz ham xalqmiz, yerdan chiqqan qo‘ziqorin emas. Bolalarimiz tarbiyasiz bo‘lib o‘smoqda, vaqt ajratolmaganimiz sababli.

Biz rozimiz kechayu-kunduz ishlashga, beriladigan topshiriqlarni so‘zsiz va bekami ko‘st qilib bajarishga, shanba va yakshanba kunlari ishlashga. Faqat yilida 1 marta beriladigan mehnat ta’tilidan hech bo‘lmasa 1 hafta to‘liq berishlarini so‘rab qolamiz.

Yuqoridagilar kursisidan ajralmasligi uchun undanda yuqoridagilardan mazkur tashabbus chiqishi lozimdir.

Shaxsimni va qaysi hududda faoliyat ko‘rsatishimni aytolmayman. Chunki 1 daqiqada meni ishdan bo‘shatib yuborishlari aniq. Raxmat".

Eslatma​: OzodMaktub rukni ostida chop etiladigan fikrlar muallifning shaxsiy qarashlari ifodasidir. Bu ruknda berilgan materiallar mualliflari qarashlari Ozodlik qarashlariga mos kelmasligi mumkin.​

XS
SM
MD
LG