Линклар

Шошилинч хабар
21 октябр 2020, Тошкент вақти: 13:43

OzodDayjest: Aliment to‘lamaslik uchun farzandini suvga cho‘ktirgan ota 18 yilga qamaldi


Illyustrativ surat.

Larisa Tolmachyova ishi bo‘yicha sudga jurnalistlar qo‘yilmadi. Samarqandda bir necha ming yillik nodir toshlar talon-toroj etilmoqda. Namanganda ota alimentdan qochib farzandini suvga cho‘ktirdi.

_____________________________________________________________

Jamoatchilik keng muhokama qilgan jinoyatga doir sud majlisiga jurnalistlar kiritilmadi


Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yunusobod tumani sudida fuqaro Larisa Tolmachyova ustidan navbatdagi sud ishi boshlandi (www.repost.uz, 18 fevral). Ayol 2019 yil 4 iyun kuni Yunusobod tumanida o‘z avtomobilida to‘rt nafar o‘smirni bosib ketgan edi. Bolalardan biri voqea joyida vafot etgan. Mahkama ochiq hisoblansa-da, Repost nashri jurnalistlari sud zaliga kiritilmagan.

O‘smirning o‘limi bo‘yicha ish jamoatchilikning keng muhokamalariga sabab bo‘lgan. Vafot etgan o‘smirning amakisi Mixail Axperjanyans bir necha marta jurnalistlarni sud majlisida ishtirok etishga va voqealarni keng yoritishga chaqirgan.

Repost jurnalistlari sud zaliga kirishga uringan, ammo sudya Elza Shamsutdinova OAV vakillarini chiqarib yuborgan.

Avvalroq “Sevimli” telekanali, Qalampir.uz ava Gazeta.uz internet nashri jurnalistlarining qonuniy huquqlardan foydalanishiga Andijon viloyati hamda Toshkent shahridagi sudyalar to‘sqinlik qilgan.

Samarqandda bir necha ming yillik noyob topilmalar yo‘q qilinmoqda


Samarqand viloyati Payariq tumani Alamli qishlog‘i hududida joylashgan Qoracha (Qaroqchi) tog‘idan topilgan qadimiy madaniy boyliklar yo‘q qilinmoqda (www.kun.uz, 16 fevral). Qishloqdagi O‘rta hovuz manzilida mezolit-neolit davri yodgorligi, jumladan, ko‘hna tosh buyumlar, tanga, sopol ashyolar va ko‘plab qoyatosh rasmlari topilgan. Qayd etilishicha, arxeologlar jiddiy izlansa, bu yerdan yana ko‘plab nodir ashyolar topishlari mumkin. Ammo mazkur hudud haligacha muhofaza etilmagan. Oqibatda qoyatoshlar shunchaki qurilish ashyosi sifatida ishlatilmoqda.

“Nega bizning olimlarimiz ijobiy ma’noda sarguzashttalab emas? Nega bunday ob’ektlar tezlik bilan ilm egalarini jalb qilmaydi, o‘sha hududlarda o‘rganishlar olib borilmaydi, muhofaza qilinmaydi?” deb yozadi nashr.

Maqolada Qoracha tog‘idagi noyob moddiy-ma’naviy boyliklarni zudlik bilan muhofazaga olish va chuqur tadqiq etish tavsiya qilingan.

Alimentdan qochib farzandini suvga cho‘ktirgan ota uzoq yilga ozodlikdan mahrum etildi


Namanganda mudhish jinoyat qayd etildi: ota aliment pulidan qochib hali 2 yoshga to‘lmagan farzandini suvga cho‘ktirdi (“Huquq”, 20 fevral). Bu haqda Bosh prokuratura vakili Lazizjon Barakayev ma’lum qilgan. Oilaviy nizo sabab er va xotin alohida yashagan va sud ota zimmasiga daromadining 70 foizi aliment sifatida to‘lash majburiyatini yuklagan. Ismi oshkor etilmagan ota sobiq xotini qaramog‘idagi o‘g‘lini olib qochadi va Shimoliy Farg‘ona kanaliga uloqtiradi. So‘ng o‘zi Namangan shahri ichki ishlar bo‘limiga borib, aybiga iqrorlik bildiradi.

Qayd etilishicha, qasddan odam o‘ldirishda ayblangan erkak 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Jazoning dastlabki ikki yili turma rejimida o‘talishi belgilangan.

Avvalroq Farg‘ona viloyatida ham shu kabi jinoyat sodir etilgan edi. 22 million so‘mlik aliment pulini to‘lashni istamagan 29 yoshli shaxs hali qonunan ajrashmagan xotini va ikki bolasini Katta Farg‘ona kanaliga cho‘ktirib yuborgandi.

XS
SM
MD
LG