Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 13:15

"Mahalla vazirligi yaroqlilik muddati tugagan amaldorlar uchun surgun joyidir"


Mahalla deganda qo‘ni-qo‘shnilarning o‘zini o‘zi boshqaradigan jamoati tushuniladi. U bir paytlar, hatto sho‘rolar davrida ham shunaqa bo‘lib, hech kim tergamas, tepadan har xil topshiriqlar bilan bezor qilmas edi. Lekin Karimov davriga kelib, vaziyat o‘zgardi. Nihoyat, mahallaga ham “son tegdi”: o‘zimizning o‘zbekcha hayot tarzimiz, o‘zbekcha demokratiya kurtagi deganday.

Qaror ortidan qarorlar chiqarilib, tepadan tushayotgan topshiriqlarning keti uzilmay qoldi. Oqibatda mahalla mahalliy darajadagi politsiya davlati qo‘lidagi o‘yinchoqqa aylandi.

Mabodo mahalla qo‘mitalari mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish idorasi bo‘lsa, to‘g‘rirog‘i, unga shunaqa niqob kiydirilayotgan bo‘lsa, uning ustida turgan butun boshli vazirliklardan iborat byurokratik ustqurmaning nima keragi bor? Mahalla qo‘mitasiga unaqa lavozim kerak, bunaqa lavozim kerak, qabilidagi ko‘rsatmalarga balo bormi? Javob oddiy: odamlarni paxta terimiga va ko‘chalarni obodonlashtirish ko‘zlangan har xil “hashar”larga kim haydab boradi? Shubhali kishilar ustidan idoralarga kim chaquv yozadi? Erlari xafa qilayotgan xotinlar ajrashmoqchi bo‘lganda, kim ularning tanobini tortib qo‘yadi?

Va nihoyat, ushbu ustqurmaning yana bir sababi bor. Oliy rahbariyat rejasiga ko‘ra, tashkil etilgan vazirlik Karimov davrida yaroqlilik muddati tugagan amaldorlar uchun surgun joyi vazifasini o‘tasa ajab emas, chunki ularning o‘ziga ham alohida nazorat kerak. Qisqasi, bu o‘zbek paleolitining shuncha dinozavrlari yig‘ilgan o‘ziga xos kunstkamera ekani bilan ham qiziqdir.

Alisher Ilhomov, Londondagi Sharq va Afrika tadqiqotlari instituti tahlilchisi.

***

OzodTahlilchi - Ozodlikning yangi rukni. Unda turli soha mutaxassislari, ekspertlar, publitsist, jurnalist va blogerlarning Ozodlik o‘quvchilari uchun yozgan tahliliy maqolalari e’lon qilib boriladi.

OzodTahlilchida, shuningdek, Ozodlik formatida bo‘lmagan luqmalar, sharhlar, chizgilarga, bir so‘z bilan aytganda, mualliflarning kundalik voqea-hodisalarga munosabatlari aks etgan matnlarga o‘rin beriladi.

OzodTahlilchida e’lon qilinadigan material muallifi qarashlari Ozodlik qarashlari ifodasi sifatida qabul qilinmasligi kerak.

XS
SM
MD
LG