Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2020, Тошкент вақти: 08:35

Shirinkoma asal bo‘lgan kezlar


Toshkentda hokimiyat bilan xalq birligiga bag‘ishlangan teatr tomoshasi tugadi. Uning bosh qahramonlari va ijrochilari: yomon qurilish korxonasi; o‘zini Xo‘ja Nasriddin hisoblovchi, lekin deputat bo‘lish niyatidan qaytmagan jamoatchi; prezidentning ishonchini oqlamagani uchun o‘zini aybdor sanayotgan prokuror; umumxalq irodasini ifoda qiluvchi ommaviy sahnalar ansambli (mimans).

Tomoshaning qisqacha mazmuni. Baloxo‘r qurilish korxonasi shahardagi butun boshli dam olish bog‘idagi daraxtlarni kesib tashlab, yana bir bino qurilishi uchun yer ochadi. Atrof-muhit xavfsizligi uchun tamasiz kurashchi yo‘lga solib turgan sergak jamoatchilik vakillari shov-shuv ko‘taradi, yo‘l-yo‘lakay ro‘y bergan voqeadan norozi bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlarga xabarlar joylashtiradi. Qonun ustuvorligini qat’iy va murosasiz kuzatib borayotgan prokuratura qilayotgan ishi natijasi tuzukroq ko‘rinishi uchun bir eshakka ortilsa, mayib qiladigan kilo-kilo so‘mlarni xaloyiqqa ko‘z-ko‘z qiladi. Xatosini anglab yetgan shahar prokurori poytaxtning har bir tumanida milliontadan ko‘chat o‘tqazilajagini e’lon qiladi.

Gulduros olqishlarga aylanib boruvchi keti uzilmaydigan qarsaklar. Orkestr tush – qisqa va tantanali salomnoma chaladi. Aktyorlar yana olqish olish uchun sahnaga chiqib, tabriklarga ko‘milib ketadi. Otasi tirilib kelganday zavq-shavqqa to‘lgan ayollar boltalarni ko‘rpachalari ostiga bekitadi, bolalar do‘ppisini osmonga otadi. Belkurak sopiga suyanib turgan tund erkaklar oqqan-oqmagan ko‘z yoshini artib, Molotov kokteylidan sigaretasini tutatib oladi.

Tarki odat amri mahol bo‘lgan teatr tanqidchilari yana savollarni qatorlashtirib tashlaydi: Toshkent shahri byudjetidan 11 millionta ko‘chat sotib olishga yuz million dollarlab pul ajratilishini asoslash uchun ushbu tomosha qo‘yilmadimi? Ko‘chatlarni sotib olish topshiriladigan baxtiyor kompaniyaning egasi kim? Ko‘chatlar o‘stirilayotgan ko‘chatxona egasi kim? Ulush yana kimga tegadi? Yana daraxtlarni kesgan kompaniya «ha» deganda, «ma» deb, yetkazilgan zarar uchun undirilgan ikki milliard so‘mni qaerdan topdi?

Bu savollar aravani quruq olib qochish uchun berilayotgani yo‘q. Ayni sohani miridan-sirigacha biladigan sinchilar mamlakatda har yili ko‘chat sotib olishga korrupsiyachilar zulukday yopishib olishini aytadi. Byudjet mablag‘larini o‘g‘irlashni bekitish oson. Nima qipti, ko‘chatlar tutmay qoldi: tuproq to‘g‘ri kelmadi, sug‘orish esdan chiqibdi – bo‘p turadi-ku. Beayb – parvardigor.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda chorak asrdan beri har yili o‘n millionlab daraxt ekiladi. Hatto har bir ko‘chatdan kimningdir karmonida bir dollardan shirinkoma qolgan taqdirda ham…

Sergey YEJKOV, jurnalist.

***

OzodTahlilchi - Ozodlikning yangi rukni. Unda turli soha mutaxassislari, ekspertlar, publitsist, jurnalist va blogerlarning Ozodlik o‘quvchilari uchun yozgan tahliliy maqolalari e’lon qilib boriladi.

OzodTahlilchida, shuningdek, Ozodlik formatida bo‘lmagan luqmalar, sharhlar, chizgilarga, bir so‘z bilan aytganda, mualliflarning kundalik voqea-hodisalarga munosabatlari aks etgan matnlarga o‘rin beriladi.

OzodTahlilchida e’lon qilinadigan material muallifi qarashlari Ozodlik qarashlari ifodasi sifatida qabul qilinmasligi kerak.

XS
SM
MD
LG