Линклар

Шошилинч хабар
04 апрел 2020, Тошкент вақти: 20:32

Xususiy bandlik agentliklari: Iqtisodiy islohotlar yo‘lidagi achchiq saboq


O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov mamlakatdagi barcha xususiy bandlik agentliklarini yopib tashlash bilan tahdid qildi va ayni damda bu yaxshi fikr bo‘lishi mumkin.

2016 yil sentabridan beri mamlakatni boshqarib kelayotgan prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatini turg‘unlik botqog‘idan olib chiqishga va’da bergan edi. O‘zbekiston iqtisodiyoti 2016 yili vafot etgan birinchi prezident Islom Karimov davrida turg‘un holatga tushib qolgan.

Mirziyoyevning iqtisodiyotga turtki berish borasidagi urinishlarida ayrim noxush holatlar ham bo‘lishi turgan gap edi.

Yevropa va Sharqiy Osiyo mamlakatlarida ish topishda aholiga ko‘maklashayotgan xususiy bandlik agentliklari bunga misol bo‘la oladi.

Aripov 19 fevralda “Human” xususiy bandlik agentligi mijozlari bilan uchrashdi.

“Ozodlik” radiosi ko‘p oylar davomida tovlamachilik bilan shug‘ullayotgan bandlik agentliklari haqida xabarlar berib keldi. “Human” o‘shalar orasidagi yomon ot chiqargan agentliklardan biridir.

2019 yil sentabri oxirida 52 mijoz sudga “Human” agentligiga qarshi tovlamachilik ayblovi bilan da’vo arizasi kiritdi. Ular 2018 yil noyabridan 2019 yil sentabriga qadar agentlikka Germaniya, Chexiya Respublikasi, Bolgariya, Litva, Turkiya va Yaponiya singari mamlakatlardan ish topib berishi uchun pul bergan.

Har bir kishi 18 – 35 million so‘m (taxminan, 1800 – 3700 AQSh dollari) to‘lagan. Agentlik xodimlari pulni cho‘ntagiga urgan, ammo hech bir mijozga chet eldan ish topib bermagan.

Rasman aytilishicha, O‘zbekistondan 2 millionga yaqin kishi chet mamlakatlarda, asosan, Rossiyada mehnat migrantlari bo‘lib ishlamoqda. Ba’zi kishilar ushbu raqam ikki marta ko‘p deb hisoblaydi. O‘n yildan ko‘proq vaqtdan beri vaziyat shunday bo‘lib kelmoqda.

Og‘ir sharoitlar

Migrant ishchilar har yili O‘zbekistonga bir necha milliard dollar jo‘natadi. Lekin ularning ishlash va yashash sharoitlari og‘ir va maoshlari umumiy ko‘rsatkichdan o‘ta past.

Markaziy Yevropada yoki Yaponiya va Janubiy Koreya singari mamlakatlarda ishlash yaxshi imkoniyat sifatida ko‘riladi va ish izlovchilar “Human” singari agentliklarga ish topib bergani uchun bir yilda topadigan maoshini to‘lashga rozi.

“World Work” deb ataluvchi yana bir xususiy bandlik agentligi mijozlariga Bolgariyaga ishga jo‘natishga, ular o‘sha yerda 800 yevrolik maosh olishiga, bepul turarjoy va oziq-ovqat bilan ta’minlanishiga va’da bergan.

“Ozodlik” radiosi muxbiri 2018 yil dekabrida O‘zbekiston janubidagi Qashqadaryo viloyatida yashovchi 42 yashar Orif Rustamov bilan suhbatlashgan edi. U oila a’zolari bilan birga Internetdan Toshkentda joylashgan “International Experience” agentligini topib, 2019 yil aprelida uning vakillari bilan shartnoma imzolaydi.

Ularning har biridan 4000 dollar olgan agentlik 3 oy ichida Chexiya Respublikasidan ish topib berishni va’da qiladi. Ammo oradan sakkiz oy o‘tgach ham na agentlikdan va ular to‘lagan puldan biror darak bo‘ladi.

“Ozodlik” noyabrda Navoiy shahridagi bir xususiy bandlik agentligi 211 mijozning 66 ming dollardan oshiq pulga chuv tushirib ketgani haqida xabar qilgan edi. O‘sha mijozlarga Janubiy Koreyadan 2000 dollar oylik maosh to‘lanadigan ish va’da qilingan.

14 avgustda Bandlik va mehnat vazirligi matbuot xizmati odamlarga xizmat haqini oldindan 100 foiz olgan bandlik agentlari haqida ogohlantirish bildirgan va ularni yopishga ham va’da bergan, litsenziyasi qaytarib olingan agentlik ro‘yxatini ham e’lon qilgan edi.

Zikr etilgan agentliklardan faqat “Human” ro‘yxatda yo‘q edi. Ularga 2018 yil 17 dekabridan 2019 yil 12 apreliga qadar litsenziya berilgan. Litsenziya berilishidan bir oz oldin, ya’ni 2018 yil noyabrida Bandlik va mehnat vazirligiga qarashli Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi direktori, direktor o‘rinbosari va boshqa amaldorlari bir qancha jinoyatlarda, jumladan, Koreyaga ishga jo‘nataman deb pora olganlikda, ayblanib qamalgan edi.

2019 yil oktabrida Qonunchilik palatasi o‘tkazgan surishtiruvdan ma’lum bo‘lishicha, 65 ta xususiy bandlik agentligiga litsenziya berilgan, ammo ulardan 30 tasi O‘zbekistondan tashqarida ishlash uchun birorta ham ish topib bermagan.

Aripovning “Human” agentligi aldab ketgan mijozlar bilan uchrashuviga qaytadigan bo‘lsak, bosh vazir o‘shanda prezident buyrug‘i bilan pulidan ayrilgan 1084 kishiga tovon puli berilishini ma’lum qilgan edi. Bunday agentliklardan jabr ko‘rgan yana qancha kishi puli qaytarilishini da’vo qilayotgani ma’lum emas.

“Human” agentligining litsenziyasi 2019 yil sentabrida bekor qilindi va uning direktori Shohnur Fayzullayev 10 yilga kesildi.

Mirziyoyev Karimov prezident bo‘lgan yillar (1991 – 2016) mamlakat iqtisodiyotiga yetgan zararni islohotlar, jumladan, iqtisodiy islohotlar bilan tuzatishga va’da berib kelyapti.

Xususiy bandlik agentliklariga ruxsat berilishi Mirziyoyev hukumatining ana shunday urinishlaridan biri bo‘lgan edi, lekin endi bunaqa agentliklar faoliyatini yaxshiroq tartibga solish kerakligi ayon bo‘lmoqda.

Xususiy bandlik agentliklarini tashkil etishga ruxsat beradigan qonun 2018 yil 27 sentabrida kuchga kirgan edi. Taxminan 1 yil davomida faqat odamlarni qaqshatish bilan shug‘ullangan 60 ga yaqin agentlik tashkil etildi.

Mirziyoyev hukumatiga muammoni tan olgani, uni hal etmoqchi va ayrim aldanib qolgan kishilarga tovon puli to‘lab bermoqchi bo‘layotgani uchun rahmat aytish kerak.

O‘zbekiston islohotlar yo‘lidan odimlab borgani sari ushbu muhim saboqdan kerakli xulosa chiqarib olinadi va takrorlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi, deb umid qilsa bo‘ladi.

Brus Pannier, Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining ingliz tilidagi Qishloq Ovozi blogi olib boruvchisi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG