Линклар

Шошилинч хабар
20 сентябр 2020, Тошкент вақти: 03:19

«Avto 60 oy» rahbari qamoqdan chiqargan xatida IIB xodimi $900 ming pora so‘raganini iddao qildi


Jamshid Bahodirov

19 mingga yaqin mijozdan 57 milliard so‘mdan ortiq pul yig‘ib¸ faqat 100 nafar mijozgagina mashina bergani ortidan jinoyat ishi figuranti bo‘lgan «Avto 60 oy» MChJsi rahbari¸ 24 yashar Jamshid Bahodirov qamoqdan maktub chiqardi.

Nusxasi Ozodlikka yuborilgan qo‘lda yozilgan maktubda Jamshid Bahodirov qamoqda o‘ziga nisbatan qiynoq qo‘llangani va 900 ming AQSh dollari miqdorida pora talab qilinganini iddao qiladi.

O‘tgan yil oktabrida Jinoyat kodeksining 1881-moddasi 1-qismida ko‘zda tutilgan pul mablag‘larini va boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyatda ayblangan Bahodirov¸ ehtiyot chorasi sifatida sudgacha qamoqda saqlanmoqda.

Bahodirovning onasi 50 yashar Malohat Zokirova Ozodlik bilan 4 mart kungi suhbatda bu maktub o‘g‘li tarafidan qamoqda yozilib¸ o‘ziga yetkazilganini aytadi.

Qamoqdan chiqarilgan maktub
Qamoqdan chiqarilgan maktub

- O‘g‘lim bu xatni menga yozgan. Uni 2019 yil 5 noyabrga o‘tar kechasi «Toshturma»dan olib kelib tazyiq qilishgan. O‘sha yerda Alisher «oper» degan IIB xodimi o‘g‘limdan 900 ming dollar talab qilgan. 900 ming dollar bersang, seni suddan chiqarib yuboramiz¸ degan.

Malohat Zokirova bu shikoyatini 2 mart kuni ayni masala yuzasidan Interpol milliy markaziy byurosida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ochiqlaganini ham aytadi.

Zokirova shikoyati ortidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Matbuot anjumani
Matbuot anjumani

Mahalliy muxbirlar bilan uchrashuv paytida IIV Tergov departamenti boshlig‘i o‘rinbosari – Jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi boshlig‘i Oybek Qulbekov ushbu iddaolar bo‘yicha qaytadan xizmat tekshiruvi tayinlanishini ma’lum qildi.

Ozodlik Malohat Zokirovaning o‘g‘li qamoqdan chiqargan maktubdagi iddaolari bo‘yicha Toshkent shahar IIBB tergovchisi Ma’murjon Rahmatullayev bilan bog‘landi.

Jamshid Bahodirov va «Avto 60 oy» MChJning uch nafar xodimi ustidan ochilgan jinoyat ishini tergov qilayotgan Rahmatullayev bu iddaolardan xabari borligi va xizmat tekshiruvi tugamagunicha izoh berishdan cheklanishini bildirdi.

Toshkent shahar IIBB Axborot multimedia markazi boshlig‘i - bosh boshqarma boshlig‘ining matbuot kotibi kapitan Irina Sayfutdinova ham iddaolar borasida Ozodlikka izoh bildirmaslikni ma’qul ko‘rdi.

MMMning o‘zbekcha ko‘chirmasi?

«Avto 60 oy» shirkati rahbari Jamshid Bahodirovning onasi Malohat Zokirovaning Ozodlikka aytishicha¸ o‘g‘li bu shirkatni 2019 yilning may oyida ochgan:

- Qisqa muddatda respublikaning aksar shaharlarida filiallar ochdi. Lekin o‘zining uyi ham¸ mashinasi ham yo‘q edi o‘g‘limning. Sotiladigan mashinalarni uch kun-uch kun minib yurardi maqtanib. Niyati yaxshi edi o‘g‘limning¸ deydi suhbatdosh.

Jamshid Bahodirov shirkatining ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan reklamasi shakl va ijro jihatdan o‘tkan asrning 90-yillarida xalqni chuv tushirgan MMM shirkati reklamalariga o‘xshaydi.

«Avto 60 oy» reklamasida guldor Boysun do‘ppi kiygan sodda bir qishloqi odam shahar markazidagi ofisga kelib¸ oyiga arzimagan pul to‘lash sharti bilan yangi mashinani minib ketadi.

Chuv tushgan mijozlar

Ozodlik «Avto 60 oy»dan jabr ko‘rgan mijozlardan biri bilan gaplashdi. Ozodlikka barcha to‘lov hujatlarini taqdim qilgan namanganlik mijoz «Avto 60 oy» Namangan filialiga pul to‘laganidan 5 oy o‘tib ham mashinasini ola olmaganidan shikoyat qiladi.

2 mart kuni ayni masala yuzasidan Interpol milliy markaziy byurosida o‘tkaziligan matbuot anjumanida «Avto 60 oy» bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha qariyb 17 ming kishi so‘roq qilingani aytildi.

Anjumanda IIV Tergov departamenti boshlig‘i o‘rinbosari – Jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi boshlig‘i Oybek Qulbekov ochiqlagan ma’lumotga ko‘ra, «Avto 60 oy» MChJ ta’sischisi va boshqa mansabdorlari odamlarga foizsiz, pulini 5 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan avtotransport olib berishni va’da qilib, mashina rusumiga qarab 2 million so‘mdan 10 million so‘mgacha pul olgan. «Avto 60 oy» butun respublika bo‘ylab 19 mingga yaqin mijozdan jami 57 milliard 412 million so‘m yig‘ib olgan.

Rasmiyning aytishicha¸ jabrlanuvchilarga yetkazilgan umumiy zararning undirilgan qismi 34 milliard 148 million so‘m bo‘lib, shundan naqd pul shaklidagisi 26 milliard so‘m, xatlangan mol-mulklar esa 8 milliard 148 million so‘mdan iborat. Kamomad 23 milliard 264 million so‘mni tashkil etmoqda.

Oybek Qulbekov ta’kidicha ayblanuvchi ortida boshqa kuchlar bor.

«Bu jinoyatni Jamshid Bahodirov bir o‘zi sodir qilgan deb aytolmaymiz. Uning jinoiy sheriklari bor va ular birgalikda shu sxemani o‘ylab topib amalga oshirishgan. Pul mablag‘larini yig‘ish, odamlarni jalb qilish, turli shartnomalar tuzish – bularni Harvardni tugatgan bo‘lsa ham bitta insonning qo‘lidan kelmaydi, jismonan ham ulgurmaydi¸ degan IIV rasmiysi Bahodirovning jinoiy sheriklari kimligi haqida gapirmadi.

Toshkent shahar IIBB xodimining mansab faoliyatida matbuotga gapirish huquq bo‘lmagani bois ismi efirda aytilmasliini so‘ragan xodimining Ozodlikka bildirishicha¸ Jamshid Bahodirov “odamlarni chuv tushirib¸ pulini o‘zlashtiradigan loxotron piramidasini yaratgan”.

Jamshid Bahodirovning o‘tkan yili bosqinchilik aybi bilan sudlanib¸ shartli jazoga hukm qilinganini qo‘shimcha qilgan IIBB xodimi bu ish tafsilotlarini ochiqlamadi.

XS
SM
MD
LG