Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2020, Тошкент вақти: 07:56

OzodDayjest: Yirik jinoiy to‘dani fosh qilgan prokuror dahshatli qiynoqqa solinganini aytdi


Qiynoqqa solinganini aytgan sobiq prokuror Farhod Shaymanov.

Senat raisi Tanzila Norboyeva nogironlar sarson qilinayotganidan bahs etdi. Qiynoqqa solinganini iddao qilgan sobiq prokuror lavozimiga qayta tiklanishini talab qilmoqda. Yo‘lovchi hayotiga zomin bo‘lgan IIB mansabdori suvdan quruq chiqishga urindi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Tanzila Norboyeva: “Qo‘li yo‘q fuqaro yiliga 2-3 marta shifoxonada yotib nogironligini isbotlashi kerak”


O‘zbekistonda nogironlik masalalarida tizimli muammolar ko‘payib ketgan (“Darakchi”, 5 mart). Oliy Majlis Senatining ikkinchi yalpi majlisida shunday xulosa e’lon qilingan. Qayd etilishicha, tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari (TMEK) faoliyatini tartibga soluvchi yagona normativ-huquqiy hujjat mavjud emas, markazlarda shifokor yetishmaydi. Senat raisi Tanzila Norboyevaga ko‘ra, tibbiy ko‘rikdan o‘tish tartibi murakkablashib ketgani oqibatida nogironlar sarson bo‘lmoqda. “Masalan, qo‘li yo‘q bo‘lgan fuqaro har yili 2-3 martadan shifoxonada yotib, nogironligini tasdiqlashi kerak. Bu bilan uning shu a’zosi o‘sib chiqmaydi-ku!” degan T.Norboyeva.

Amaldagi tartibga ko‘ra, qo‘l-oyog‘i amputatsiya qilinganlar, bolalikdan tug‘ma nogironlar nogiron deb topilishi uchun 4 oydan 6 oygacha davolanishga majbur bo‘lmoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonda 732 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan fuqarolar yashaydi. Keyingi uch yilda ular soni 3 barobar oshgan.

Sobiq prokuror: Tergov jarayonida tirnoqlarim orasiga igna tiqib azoblashgan


Qashqadaryo viloyati prokurori birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlagan Farhod Shaymanov bundan 12 yil avval “Sho‘rtan gaz” majmuasidagi o‘g‘riliklarni fosh qilgani ortidan ta’qib va tazyiqqa uchraganini bildirdi (www.uza.uz, 2 mart). Qayd etilishicha, u 2008 yilda o‘sha vaqtda mamlakat bosh vaziri bo‘lgan Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘i bilan yirik majmuadagi benzin kondensati o‘g‘rilarini yo‘q qilishga kirishadi. F.Shaymanovga ko‘ra, O‘zbekiston milliy boyligini o‘g‘irlab sotayotgan yirik “Shayna” jinoiy to‘dasini qo‘lga olish unga juda qimmatga tushadi. Ish muvaffaqiyatli yakunlanganiga qaramay, u sobiq bosh prokuror tomonidan lavozimidan bo‘shatiladi, so‘ng pora olishda ayblanib qamaladi. Sobiq prokurorga ko‘ra, qamoqda unga dahshatli azob berilgan, xususan, tirnoqlari orasiga igna tiqilgan. U aybiga iqror bo‘lmasa-da, ozodlikdan mahrum etiladi. F.Shaymanov bir yilu ikki oy qamoq o‘tirgach, amnistiya bilan ozodlikka chiqadi. 2018 yil aprel oyida F.Shaymanov oqlangan. Biroq unga keltirilgan ma’naviy va moddiy zarar qoplanmagan. Shaymanov lavozimga qayta tiklashlarini talab qilmoqda.

IIB mansabdori xizmat mashinasida yo‘lovchi ayolni bosib ketdi


Namangan viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarma boshlig‘i B.D. bir inson hayotiga zomin bo‘ldi (“Huquq”, 5 mart). U Chust tumani Rezak ko‘chasida ketayotgan ayolni bosib ketgan. Ayol og‘ir jarohatdan shifoxonada vafot etgan. Ma’lum bo‘lishicha, YHXB boshlig‘i B.D. o‘ziga biriktirilgan xizmat mashinasida o‘zboshimchalik bilan, rahbariyatni ogohlantirmay Toshkentga borgan. Charchagani va uyqu elitayotganiga qaramay rulga o‘tirgan va poytaxtdan qaytayotganda ushbu fojia ro‘y bergan. Qayd etilishicha, IIB mansabdori tergovda yolg‘on ko‘rsatma berib, suvdan quruq chiqishga uringan. Ammo bosh prokuratura olib borgan tergovda pirovardida haqiqat yuzaga chiqqan. Marhumaning yaqinlari ayblanuvchi ulardan uzr so‘ragani, dafn marosimi xarajatlari va boshqa moddiy zararlarni qoplagani uchun suddan yengillik so‘ragan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudi IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarma boshlig‘i B.D.ni bir yilga barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilib, 1 yil 7 oy 6 kun muddatga axloq tuzatish jazosi tayinlagan.

XS
SM
MD
LG