Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:58

Mutaxassis: Koronavirus bo‘yicha ommaviy vahima virusning o‘zidan ko‘proq ziyon keltiradi


Koronavirus epidemiyasidan eng ko‘p zarar ko‘rgan turizm sanoati bo‘lmoqda.
Koronavirus epidemiyasidan eng ko‘p zarar ko‘rgan turizm sanoati bo‘lmoqda.

Kanadalik yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassis odamlarning koronavirus bo‘yicha vahimasi kasallikning o‘zidan ko‘proq ziyon keltirishidan ogohlantirdi.

Toronto universitetida ishlayotgan shifokor va mutaxassis Abdu Sharkaviy o‘tgan juma kuni Facebookda kasallik chindan xavfli ekanligi, ammo odamlarning faqat o‘zini o‘ylab ko‘rayotgan keskin choralari vaziyatni mushkullashtirayotgani haqida yozdi.

Sharkaviyning posti bugunga qadar 1,2 million marta ulashildi. Unda shifokor kasallik jahon bo‘ylab tarqalar ekan, aholi o‘rtasida boshlangan sarosimani qoraladi.

«Men COVID-19 dan qo‘rqmayman», deb yozdi u. «Meni shifoxonalardan hamda tez yordam ko‘rsatish klinikalaridan o‘g‘irlab ketilgan, aslida shifokorlar ishlatishi mumkin bo‘lgan, lekin aeroport, do‘kon va qahva ichish joylarida yurganlar taqib olgan niqoblar xavotirga soladi».

Keyingi kunlarda AQSh va Buyuk Britaniya kabi davlatlarda vahimaga tushgan odamlar hojatxona qog‘ozi va qo‘llarni dezinfeksiya qilish vositalari kabi mollarni ko‘p miqdorda xarid qila boshlagani xabar qilinmoqda.

Avstraliyada xaridorlar hojatxona qog‘ozini talash qilayotgani aks etgan video tarqalishi ortidan politsiya aholini sarosimaga tushmaslikka chorladi.

Nyu-York shtati gubernatori Endryu Kuomo esa mahalliy shifoxonalardan tibbiy niqoblar o‘g‘irlab ketilganini bildirdi.

Sharkaviy nafaqat sarosimaga tushgan odamlarning harakatlarini, balki keskin chora ko‘rayotgan hukumatlarni ham qoraladi.

O‘tgan yil dekabrida Xitoyda tarqala boshlagan virus xalqaro turizm sohasiga qattiq zarba bo‘ldi. Bir tomondan xavotirga tushgan sayyohlar safar rejalarini bekor qilayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan hukumatlar virus tarqalgan davlatlar fuqarolari va o‘sha davlatlarga tashrif buyurganlarning erkin harakatlanishini cheklamoqda.

Sharkaviy koronavirus yoshi keksalar hamda immun tizimi sust bo‘lganlar uchun xavfli bo‘lsa-da, «bizga yetib kelganida katta ziyon keltirmaydi», deya xulosa qildi.

«Ammo bizning hatti-harakatimiz hamda “eng avvalo o‘zing uchun kurash” qabilidagi harakatlarimiz achinarli oqibatlarga olib kelishi mumkin», deb qo‘shimcha qildi u.

XS
SM
MD
LG