Линклар

Шошилинч хабар
24 октябр 2020, Тошкент вақти: 07:39

Siyosiy mahkumlarning “Huquqiy tayanch” tashkiloti ro‘yxatga olindi, Mercy Corps O‘zbekistonga qaytdi


"Huquqiy tayanch" tashkiloti muassislari Adliya vazirligi binosi oldida, Toshkent, 2020 yil 11 marti (surat A.Farmonov tomonidan taqdim etildi).

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan “Huquqiy tayanch” jamoatchilik tashkiloti ro‘yxatga olindi. Guvohnoma shu yilning 11 mart kuni vazirlik vakillari tomonidan tashkilot raisi A’zam Farmonovga topshirildi. Bu haqda Ozodlikka huquq faoli A’zam Farmonovning o‘zi ma’lum qildi.

“Ochig‘i, kutmagandim. Juda shoshib qoldim. Axir biz ro‘yxatdan o‘tish uchun ikki yildan ortiq yurdik. Sakkiz marta murojaat qilganmiz. Hatto tashkilotning nomi avval “Adolatni qaror toptirish” edi. So‘ng uch oy avval “Huquqiy tayanch”ga o‘zgartirib, qayta topshirdik.

Guvohnomani olganimdan juda shokdaman. Guvohnoma 9 mart sanasi bilan rasmiylashtirilgan, bizning qo‘limizga 11 mart kuni tegdi”, dedi A’zam Farmonov Ozodlikka.

"Huquqiy tayanch" O‘zbekistonda 2003 yildan beri ro‘yxatga olingan inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ilk mustaqil tashkilot bo‘lib hisoblanadi.

Fuqarolik jamiyatinining yuksalishi va inson huquqlari ta’minlanishiga ko‘maklashish maqsadi bilan ish boshlagan tashkilotning ta’sischilari sobiq siyosiy mahkumlar A’zam Farmonov, jurnalist Dilmurod Sayyid, Said Kamol va Abbos Farmonovlardir.

Adliya vazirligi tomonidan 933-son bilan “Huquqiy tayanch”ga berilgan guvohnomada tashkilotning tashkiliy-huquqiy shakli, STIR raqami va tashkiliy-hududiy kodlari aks etgan.

A’zam Farmonovning ta’kidlashicha, jamiyat ta’sischilari 9 kishi, uning a’zolari soni esa 100 ga yaqindir. Tashkilot bir necha kun ichida jamoatchilik uchun brifing tashkil qilib, o‘z faoliyati va strategiyasini ma’lum qilmoqchi.

Mahalliy va xalqaro inson huquqlari tashkilotlari O‘zbekiston hukumatining mazkur qadamini olqishlamoqdalar.

Xususan, O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov “Huquqiy tayanch” tashkilotining ro‘yxatga olinishini katta mamnuniyat bilan qarshi olganini aytadi.

“Bizning tashkilotimiz 2003 yilda Adliya vazirligida ro‘yxatga olingan yagona mustaqil inson huquqlari tashkiloti edi. Har holda, bu e’tirof qator xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpuslarniki. Jamiyatimiz o‘sha paytda AQSh Davlat kotibi o‘rinbosari Lor Kreyner hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining amaldagi raisi Yan Kubishning bevosita sa’y-harakatlari bilan bu natijaga erishgan. “Huquqiy tayanch” esa Mirziyoyev davrida ro‘yxatga olingan ilk mustaqil tashkilot bo‘ldi”, deydi huquq faoli.

Hamkasblariga kelajak faoliyatlarida omad tilagan A. Tashanov fuqarolik jamiyati vakillari va ular asos solgan tashkilotlarning ro‘yxatga olinishi juda muhim hodisa ekanini urg‘ulaydi.

“Yaqinda O‘zbekiston hukumati inson huquqlari bo‘yicha yangi strategiyasi loyihasini taqdim qildi. O‘sha anjumanda Parlament quyi palatasining vitse-spikeri Akmal Saidov fuqarolik jamiyati tashkilotlarining ro‘yxatga olinishi masalasida xalqaro tashkilotlarning haqli e’tirozi bo‘layotgani, nodavlat tashkilotlarini ro‘yxatga olishda Adliya vazirligi tomonidan sun’iy baryerlar yaratilayotganini ta’kidladi. Umid qilamizki, bundan buyon bu borada vaziyat tubdan o‘zgaradi”, deydi “Ezgulik” raisi.

Tashanovning qayd etishicha, rasman e’tirof etilish, ro‘yxatdan o‘tish, albatta, fuqarolik jamiyati vakillari uchun qator afzalliklar beradi. Huquq faollari rasman murojaat qilish, anjuman va muloqotlarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Kun sayin safi torayib borayotgan mustaqil huquq faollariga izdoshlar paydo bo‘ladi. Shu kabi jihatlardan rasman ro‘yxatdan o‘tish muhim.

“Umuman, o‘zini hurmat qilgan, xalqaro huquqiy mezonlar va demokratiyaga sodiq hukumatlar uchun inson huquqlari masalasi muhim va ustuvor omildir. Modomiki, O‘zbekiston ana shu jihatlarni muhim sanab, inson huquqlari, shaffoflik va plyuralizm iddao qilayotgan ekan, buning isboti fuqarolik jamiyati vakillariga munosabatida ko‘rinadi”, deydi huquq faoli Abdurahmon Tashanov.

Huquq faollarining olqishiga sabab bo‘lgan yana bir qadam Mercy Corps xalqaro tashkiloti filialining ro‘yxatga olinishidir.

Shu yil 9 mart kuni Adliya vazirligi qarorgohi AQShda joylashgan xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti “Mehribonlik korpusi” (Mercy Corps)ning O‘zbekistondagi filialini ro‘yxatdan o‘tkazgan.

Mercy Corps logosi.
Mercy Corps logosi.

Adliya vazirligi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, filial ustaviga muvofiq, uning asosiy maqsadlaridan biri qishloq va shaharlardagi oilalarning yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida xususiy, davlat va jamoat tashkilotlari bilan aloqalar o‘rnatish va yanada mustahkamlash, shuningdek, ta’lim muassasalarining o‘qitish, mutanosib ovqatlanish va ularning infrastrukturasini yaxshilash uchun O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda ta’lim sifatini oshirishdir.

Filial kelajak 5 yil ichida AQShning Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan “O‘zbekistonda ta’lim va bolalar ovqatlanishi uchun oziq-ovqat mahsulotlari” loyihasini amalga oshirishni rejalamoqda. Mazkur loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatidagi maktabgacha ta’lim muassasalarida mutanosib ovqatlanish va ularning infrastrukturasini yaxshilashga mo‘ljallangan.

Filialning faoliyati asosan qishloqlarda va imkoniyati cheklangan hududlardagi 410 ta maktabgacha ta’lim muassasalariga yo‘naltirilgan bo‘lib, ushbu muassasalarda ta’mirlash-qurilish ishlari olib boriladi, shuningdek, ular suv ta’minoti va sanitariya holatini yaxshilash uchun qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bo‘ladi.

Loyiha va ustavda nazarda tutilgan faoliyatining boshqa yo‘nalishlari doirasida filial maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi, oliy va o‘rta maxsus ta’limi hamda sog‘liqni saqlash vazirliklari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan.

Mercy Corps O‘zbekistonda avval ham qariyb 11 yil davomida (1995 yildan 2006 yilgacha) faoliyat ko‘rsatgan. 2005 yili tashkilot vakolatxonasi soliq idoralaridan 685 million so‘m daromadni yashirganlikda ayblangan. 2006 yili sudda yutib chiqqaniga qaramay, tashkilotning O‘zbekistondagi filiali yopilgan.

XS
SM
MD
LG