Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2020, Тошкент вақти: 08:40

JSST koronavirus pandemiyasini e’lon qildi; Rossiya Yevropaga parvozlarni to‘xtatmoqda


Rossiya koronavirus tarqalishiga qarshi kurash bo‘yicha yangi chora-tadbirlarni e’lon qilgan mamlakatlar qatoriga qo‘shildi. Bunga Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) virus tarqalishini pandemiya deb atagani sabab bo‘ldi.

Rossiya hukumati vakillari 11 martda aprel oxiriga qadar Yevropaning aksar shaharlariga parvozlar bekor qilishini bildirdi. Hindiston hukumati kelasi oydan boshlab sayyohlarga beriladigan vizalarni bekor qilajagini aytdi. Germaniya hukumati esa 1000 dan oshiq odam to‘planadigan tadbirlarni taqiqlamoqchi.

AQSh prezidenti Donald Tramp 11 mart kuni Shengen hududiga kiruvchi davlat fuqarolarining Amerika hududiga kirishini 30 kunga taqiqladi.

Qo‘shma Shtatlarning sog‘liqni saqlash bo‘yicha eng yuqori lavozimli rasmiysi Entoni Fauchi bir kun oldida Kongressda koronavirus epidemiyasi bilan bog‘liq vaziyatning “og‘irlashib borishi”ni aytdi.

JSST bayonoti

JSST koronavirusning jahon bo‘ylab tarqalishini muntazam kuzatgach, nihoyat uni pandemiya deb e’lon qildi.

‒ JSST koronavirus tarqalishini kechayu kunduz baholab bormoqda. Biz virus tarqalishining ham tashvishli darajasi va og‘irligidan, ham yetarli choralar ko‘rilmayotganidan qattiq xavotirdamiz, ‒ dedi JSST direktori Tedros Adhanom Gebreyesus 11 martda Jenevada o‘tkazilgan brifingda.

Tedrosning qo‘shimcha qilishicha, bu pandemiya deb atalgan birinchi nafas yo‘llari xastaligidir, shu kungacha u 114 ta mamlakatga tarqalib ketgan, 118 mingdan oshiq kishiga yuqqan va 4291 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan.

− Biz xavotir qo‘ng‘irog‘ini qattiq va aniq qilib chaldik, − dedi u.

Virusning Sharqiy Yevropa va Yevroosiyoga ta’siri

Rossiyaning davlatga qarashli “Aeroflot” aviakompaniyasi 13 martdan boshlab Yevropaning 4 ta mamlakatidagi 18 shaharga parvozlarni to‘xtatishi va bu aprel oyi oxirigacha davom etishini e’lon qildi. Bu ro‘yxatga kiritilgan Italiya, Ispaniya, Fransiya va Germaniyaning har birida 1000 dan oshiq kishi virus yuqtirgani xabar qilindi.

Rossiya 13 martdan boshlab italiyaliklarga sayyohlik vizasi berishni to‘xtatadi, bundan faqat biznes, gumanitar, diplomatik va xizmat ko‘rsatish vizalari mustasno.

Rossiyaliklar sayohatga borishni xush ko‘radigan Italiyada 12 400 dan oshiq odamning virus yuqtirgani va 827 nafarining undan vafot etgani qayd etildi. Bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir.

11 mart kuni Rossiyada 28 kishi koronavirus yuqtirgani, shulardan 6 nafari poytaxtda va yana 2 nafari Moskva viloyatida ekani xabar qilindi. Ulardan bir nechtasi virusni Italiyaga safar paytida yuqtirgan.

AQSh va Yevropa mamlakatlari ko‘rayotgan choralar

AQShning Kasalliklar nazorati va ularning oldin olish markazlari (CDC) Amerikada COVID-19 dan o‘lganlar soni 31 taga yetgani, uni yuqtirganlar soni esa 1000 dan oshib ketganini ma’lum qildi.

Tramp tez tarqalib borayotgan virusga qarshi favqulodda choralar ko‘rish maqsadida mablag‘ olish uchun butun mamlakatda favqulodda holat e’lon qilmoqchi, agar shunday qilinsa, mamlakat byudjetidan 40 milliard dollar ajratilishi mumkin.

Vashington shahri meri Myuriel Bouzer 11 martda 10 kishining virusga chalingani qayd etilgandan so‘ng poytaxtda favqulodda holat joriy etdi hamda 1000 yoki undan ortiq odam to‘planishi mumkin bo‘lgan yig‘inlarni bekor qilishga tavsiya berdi.

Italiya bilan Buyuk Britaniya kasallikka qarshi kurashish uchun ko‘p milliard dollarlik mablag‘ ajratilishini bildirdi. Italiya hukumati shu maqsadda dorixonalar bilan oziq-ovqat do‘konlaridan boshqa barcha do‘konlarini yopmoqchi ekanini aytdi.

Germaniya kansleri Angela Merkel epidemiologlar mamlakat aholisining 60-70 foizi virus yuqtirishi mumkinligini bashorat qilayotganini xabar qildi.

Kanslerning qo‘shni Chexiyadagi ma’ruzasi yaxshi qarshi olinmadi – mamlakat bosh vaziri Andrey Babich uni vahima tarqatishda aybladi.

XS
SM
MD
LG