Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:41

Faollar Gulnora Karimova o‘g‘irlagan pulni korrupsiya jabrdiydalari uchun ishlatishni talab qilmoqda


Gulnora Karimovaning ishi, taqdiri, Yevropaning bir qator mamlakatlarida «muzlatib qo‘yilgan» aktivlariga jamoatchilik e’tibori susaymayapti. Aksincha, vaqti-vaqti bilan o‘zining bayonotlari, qizining murojaatlari, shuningdek, unga qarshi O‘zbekiston hokimiyat idoralari va boshqa mamlakatlar sudlari qo‘zg‘ab, yuritayotgan ishlardagi yangi burilishlar qiziqishni tobora alangalatmoqda.

Gulnora Karimovaning navbatdagi ijtimoiy aksiyasi o‘zbek fuqarolik jamiyati faollarining ham chiqishlariga sabab bo‘ldi.

Ularni nima tashvishga solyapti¸ dersiz?

Yevropaning bir qancha mamlakatlarida «muzlatib qo‘yilgan» va O‘zbekiston byudjetining kattagina qismiga bilan taqqoslasa bo‘ladigan (bir milliard dollardan ortiq!) miqdordagi ushbu ulkan mablag‘ning korrupsiyaning asosiy jabrdiydasi bo‘lgan mamlakat aholisi manfaatlari yo‘lida ishlatib bo‘lmasligi bilan bog‘liq xatarning yuqoriligi.

Mohiyatan olib qaralsa, telekommunikatsiya kompaniyalaridan yulg‘ichlik yo‘li bilan undirilgan milliard dollar mamlakatning butun aholisidan o‘g‘irlangan puldir va u aynan shu aholiga qaytarilishi shart.

O‘g‘irlangan aktivlarni qaytarish faqat O‘zbekiston uchun boshog‘riq bo‘layotgan muammo emas. Bunga o‘xshash, ya’ni u yoki bu mamlakatning avtoritar hukmdori yoki qarindoshlari pora sifatida va yoki bevosita davlat xazinasidan istagancha pul o‘g‘irlab, G‘arb banklarida yashirishga uringan holatlar ko‘p bo‘lgan.

Nega ular o‘g‘irlangan boyligi G‘arbga yashirmoqchi bo‘lishadi? Nega, deylik, o‘sha pulni ko‘zaga solib, tomorqasiga ko‘mib tashlamaydi? Sababi, milliardlarni banklarda saqlashdan ko‘ra ishonchliroq joy yo‘q - bu banklarning ko‘p yillik tarixi, salmoqli obro‘si bor. Qolaversa¸ ularning O‘zbekistondagilardan farqli¸ yopilib ketish yoki sinib ketish ehtimoli past. O‘z tomorqangda naqd milliardni yashirish ham qiyin, ham xavfli.

Qizig‘i shundaki, aksariyat hollarda aktivlar O‘zbekiston, Nigeriya, Tunis va Haiti singari kam rivojlangan mamlakatlarda o‘g‘irlanadi, ammo G‘arb mamlakatlarida bank depozitlari sifatida yoki ko‘chmas mulk sotib olish yo‘li bilan yashiriladi. Umuman olganda, bu global Janub bilan Shimol o‘rtasidagi munosabatlar muammosidir.

Global Shimol mamlakatlarida aktivlarning jinoiy yo‘l bilan orttirilgani aniqlanib, xatlanishi bilan global Janub mamlakatlaridan ularni tez orada orqaga qaytarishni talab qilgan da’vatlar yangray boshlaydi. Biroq ikkita asosiy sababga ko‘ra, bu pulni tez qaytarib bo‘lmaydi.

Birinchidan, global Janub mamlakatlari aksariyatidan farqli o‘laroq, rivojlangan mamlakatlarda qonun ustuvorligi amal qiladi, mahalliy hokimiyat idoralari qonunchilikda ko‘zda tutilgan barcha talablarga rioya qilishi shart. Bu inglizchada due process deb ataladi. Ushbu hokimiyat idoralarining u yoki bu masala bo‘yicha o‘z ixtiyori bilan qarorlar qabul qilishi o‘ta cheklangan.

Aktivlarni qaytarish jarayoni juda sekin kechishining ikkinchi sababi ularni xatlab, ushlab turgan mamlakatlar o‘sha rejimlar yoki vorislari (ular o‘tmishdoshlaridan, masalan, mirziyoyevlar karimovlardan deyarli farq qilmaydi) qaytariladigan aktivlarni qayta o‘g‘irlash xavfi mavjudligini bilgani uchun ham qaytarishga shoshilmaydi.

O‘g‘irlangan aktivlarni qaytarish muammosiga yondashuvdagi ushbu tub farq aktivlarni ushlab turgan va ularni qaytarishni talab qilayotgan mamlakatlarning ikki guruhi o‘rtasida janjal sababchisi bo‘lib turibdi.

Aynan shuning uchun aktivlarni qaytarish (asset recovery) mavzusi BMTning narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi, aniqrog‘i, Korrupsiyaga qarshi konvensiya masalalari bo‘yicha kotibiyat har 2 yilda bir marta o‘kazadigan umumjahon forumlarining bosh mavzularidan biriga aylanib qoldi.

2017 yil dekabrida Vashingtonda o‘g‘irlangan aktivlarni qoplash bo‘yicha umumjahon forumi o‘tkazilgan, unda tegishli prinsiplar ishlab chiqilgan va qabul qilingan edi. Ular orasida shaffoflik va hisobdorlik talabi, aktivlarni o‘g‘irlashga ko‘maklashgan kishilar qo‘liga ular qaytarilishiga yo‘l qo‘ymaslik, aktivlar taqdirini hal etish va ulardan foydalanishni monitoring qilishda mustaqil fuqarolik jamiyati ishtiroki singari prinsiplar bor.

Murojaatni imzolagan faollar guruhi aynan o‘sha prinsiplarga amal qilinishiga erishishga intilmoqda. Ular Shveysariya hukumati ham ushbu prinsiplarni ishlab chiqish va qabul qilinishida ishtirok etganini ta’kidlamoqda. Faollarni hayron qoldirayotgan narsa shuki, negadir jamiyatga aktivlarni O‘zbekistonga qaytarish jarayoni, kim tergov olib borayotgani va ularni qaytarish haqida qaror qabul qilayotgani haqida aynan Gulnora Karimova xabar bermoqda, vaholanki u ushbu tergov bo‘yicha da’vogar hisoblanadi. Karimova xabar qilishicha, Shveytsariya hokimiyat idoralari muzokaralar chog‘ida aktivlarni O‘zbekistondagi ta’lim va tibbiyot loyihalariga berish niyatida.

Bir tarafdan, Shveysariya hokimiyat idoralarining pulni mamlakat aholisi ehtiyojiga ishlatish uchun berish niyati maqtovga sazovor. Biroq faollarda shu bilan bog‘liq bir qancha savollar paydo bo‘lmoqda, xususan: zikr etilgan prinsiplarning shaffoflik talab qilishdan boshqa bandlariga ham rioya qilinyaptimi?

Ma’lumki, hozirgi hukumatdagi ba’zi yuqori lavozimli shaxslar va Senatning ayrim a’zolari o‘z vaqtida telekommunikatsiya kompaniyalaridan pora olishda hamtovoq bo‘lgan. O‘sha kompaniyalar vaqtida ochiq va raqobatga asoslangan tenderlarda qatnashmay turib, mo‘may pora evaziga litsenziya va chastotalar olgan edi. Ushbu yopiqlik tizimini Gulnora Karimova emas, aynan davlatning o‘sha rahbar shaxslari yaratgan. Yopiqlik tizimi hozir ham saqlanib qolmoqda hamda u pora va turli-tuman korrupsiya sxemalari uchun zamin yaratadi.

Bunga eng yangi misol sifatida «Shodlik Palace” mehmonxona majmuasini oldi-sotdi kelishuvidan bir oy oldin davlat ro‘yxatidan o‘tgan firmaga berish masalasi haqida imi-jimida qaror qabul qilinganini keltirish mumkin. Ushbu kelishuvdan binoning bir qismini egallab turgan va pattasi qo‘liga tutqazilgan mashhur “Ilhom” teatri jabr ko‘rdi.

Faollar Shveysariya hokimiyat idoralari musodara qilingan 131 million dollarni qanday qilib gumanitar loyihalarga bermoqchi ekani, kim o‘sha loyihalarni amalga oshirishi, pudratchilar kim bo‘lishi, suiiste’mollik holatlariga yo‘l qo‘ymaslik va ushbu loyihalar amalga oshirilishini qay tarzda mustaqil monitoring qilish haqida savollar bermoqda. Savollarga qoniqarli javob yo‘q va O‘zbekistonda hukm surayotgan hozirgi holatda bo‘lishi ham mumkin emas, chunki hokimiyat Karimovdan so‘ng korrupsiyaga qarshi kurash mexanizmlarini va qonun ustuvorligini ta’minlash yo‘lida hech qanday olg‘a siljishga erishgani yo‘q, mamlakatda shu paytgacha davlatdan mustaqil bo‘lgan uchinchi – nodavlat sektori shakllanmadi. Bunday savollarga javob yo‘qligi sababli Shveysariya hokimiyat idoralari hozircha jim turishni ma’qul ko‘rmoqda hamda bilvosita Gulnora Karimovaning “sayrashi”ga imkon bermoqda

Shveysariyada aktivlarni qaytarishni tartibga soluvchi qonunlar qabul qilinganini adolat nuqtai nazaridan qayd etish joiz. Ushbu mavzuda yaqinda tayyorlagan hisobotida shveysariyalik huquqshunoslar Fransua Membrez va Metyu Xosli qayd etganidek, garchi mukammal bo‘lmasa-da, bunday qonunlar mavjud.

Masalan, Yevropa Ittifoqida (YI) o‘g‘irlangan aktivlarni qaytarish jarayonini tartibga soladigan hech qanday hujjat qabul qilingani yo‘q. Bunaqa qonunlarni YIga a’zo mamlakatlar ham ishlab chiqqan emas. Aynan shuning uchun Gulnora Karimovaning yuz millionlab dollarlik puli “muzlatib qo‘yilgan” Irlandiya, Belgiya, Lyuksemburg va Buyuk Britaniya singari mamlakatlar hukumatlari haliga qadar o‘sha aktivlarni nima qilishga hayron, hamma nimanidir kutib o‘tiribdi. Gulnora Karimovaning qo‘chmas mulki musodara qilingan Fransiyadagi ahvol bundan ham beshbattar. Fransiya hokimiyat idoralari ushbu ko‘chmas mulkni sotishdan tushgan pulni, fuqarolik jamiyati bilan maslahatlashib ham o‘tirmay, bevosita O‘zbekiston hukumatiga yetkazib berishga shoshildi. Shveysariyadagi singari uni gumanitar loyihalarga sarflash haqida gap ham bo‘lgani yo‘q. Rasmiy Parijning ushbu qarorini o‘g‘irlangan narsani uni o‘g‘irlagan o‘g‘rining o‘ziga tutqazishga tenglashtirish mumkin.

Global Shimol bilan Janub o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar masalasiga qaytib shuni ko‘ryapmizki, global Shimolning ayrim vakillari o‘zini tegishli tartibda tutmasligi oqibatida o‘g‘irlangan aktivlarni olib chiqib ketilgan mamlakatlarga islohotlarni rag‘batlantirish maqsadida qaytarish imkoniyati boy berilmoqda, vaholonki, bu ularda mavjud bo‘lgani kabi qonun ustuvorligini ta’minlashga ko‘maklashishi mumkin edi. Axir, qonun ustuvorligi bilan korrupsiyaga qarshi mexanizmlari har bir mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotidagi muvaffaqiyatining eng asosiy omillaridan hisoblanadi. Uchinchi dunyo mamlakatlaridagi bunday islohotlarni rag‘batlantirish imkoniyatini boy berishni postkolonializm alomati sifatida tasniflash mumkin, uning mohiyati quyidagi so‘zlarda o‘z aksini topgan:

Biz faqat yurtimizda qonun ustuvorligini o‘rnatib, o‘z taraqqiyotimizni ko‘zladik. Sizlarga esa bunday imkoniyat berish va qonun ustuvorligini o‘rnatish bilan taraqqiyotga erishish o‘rniga faqat pul berib qo‘ya qolamiz. O‘sha pul yana o‘g‘irlanishi va yana banklarimizdan panoh topishining ahamiyati yo‘q. Biz uni ham sizga qaytaramiz yoki o‘z ehtiyojlarimiz uchun ishlatib yuboramiz”.

Afsuski, bu to‘xtovsiz davom etaveradi.

Alisher Ilhomov, Londondagi Sharq va Afrika tadqiqotlari instituti tahlilchisi.

***

OzodTahlilchi - Ozodlikning yangi rukni. Unda turli soha mutaxassislari, ekspertlar, publitsist, jurnalist va blogerlarning Ozodlik o‘quvchilari uchun yozgan tahliliy maqolalari e’lon qilib boriladi.

OzodTahlilchida, shuningdek, Ozodlik formatida bo‘lmagan luqmalar, sharhlar, chizgilarga, bir so‘z bilan aytganda, mualliflarning kundalik voqea-hodisalarga munosabatlari aks etgan matnlarga o‘rin beriladi.

OzodTahlilchida e’lon qilinadigan material muallifi qarashlari Ozodlik qarashlari ifodasi sifatida qabul qilinmasligi kerak.

XS
SM
MD
LG