Линклар

Шошилинч хабар
27 сентябр 2020, Тошкент вақти: 19:06

OzodDayjest: Avtomobil narxi oshishi hatto mum tishlagan siyosatchilarni ham junbushga keltirdi


Deputatlarni oddiy xalq orasida talab kuchli bo‘lgan Damas, Spark, Nexia kabi avtomobillarning narxi oshirilgani junbushga keltirgan.

Avtomobillar narxining oshirilishi deputatlarning ham e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. O‘zbekistonda shajarani aniqlash imkonini beruvchi yangi ekspertiza turi joriy etiladi. Ozodbek Nazarbekov xalqni mardikorlik kayfiyatidan xalos etish yo‘lini aytdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Avtomobil narxining oshishi sukutga o‘rgangan siyosatchilarni ham tilga kiritdi


O‘zbekistondagi monopol shirkat – “UzAuto Motors” avtomobillari narxi 21 foizga qadar oshirilgani aholi orasida norozilik keltirib chiqardi (www.uza.uz, 10 mart). Bu hol hatto sukutga o‘rgangan, “tilsiz-zabonsiz” siyosatchilarni ham junbushga keltirdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Maqsud Qurbonboyev avtomobil narxi oshishiga nisbatan “Kambag‘alni tuyaning ustida ham it qopadi” degan maqolni ishlatgan. Oddiy xalq orasida eng talabgir hisoblangan Damas, Spark, Nexia kabi avtomobillar narxi oshirilib, o‘ziga to‘q tabaqa harid qiladigan Malibu, Tracker, Equinox va boshqa ulovlar narxi o‘zgarishsiz qolgani ham kuchli e’tiroz uyg‘otgan.

“Bizdagi avtomashinalar dunyo bozorinikidan ikki barobar qimmat. Bu hukumatning omadsiz zavodni to‘xtab qolishidan qo‘rqib qilayotgan ishi, deb o‘ylayman”, degan senator Abduqodir Toshqulov.

Siyosiy partiyalar liderlari ham mashina narxi oshishini qoralagan. Faqatgina “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov monopol avtoshirkatning yonini olgan. Ayni paytda deputatlar yoki siyosatchilar avtoshirkatni monopol mavqedan mahrum qilish va avtomobil bozorida erkin iqtisodiy munosabatlarni yo‘lga qo‘yish borasida qat’iy taklif bermagan.

Amir Olimxonning avlodlari ekanini da’vo qilayotganlar yangi usulda tekshiriladi


O‘zbekistonda shajarani aniqlash imkonini beruvchi yangi ekspertiza turi joriy etiladi (www.kun.uz, 7 mart). Bu haqda Respublika sud ekspertiza markazining laboratoriya mudiri Dilobar Ahmedova ma’lum qilgan. Bu o‘rinda Y-xromosoma orqali insonlarning genetik kelib chiqishi va shajarasini aniqlovchi yangi usul haqida gap ketmoqda.

Y-xromosoma, odatda, ota avloddan nasldan naslga o‘tadigan genetik belgi hisoblanadi. Ushbu tekshiruv usuli orqali odamning shajarasini aniqlash mumkin. Dilobar Ahmedovaga ko‘ra, ushbu ekspertiza turiga ko‘plab fuqarolar qiziqish bildirmoqda. Markazga hatto amir Olimxonning avlodlarimiz deb da’vo qilgan kishilar ham murojaat qilgan. Endilikda ularning da’vosiga ekspertiza yo‘li bilan aniqlik kiritiladi.

Qayd etilishicha, joriy etilishi rejalashtirilayotgan ekspertiza orqali odamlarning etnogenetik kelib chiqishi, ya’ni turk, arab, tojik yoki boshqa etnik guruhga mansubligini ham aniqlash mumkin bo‘ladi.

Ozodbek Nazarbekov: O‘zbek xalqi mardikorlik kayfiyatidan qutulishi lozim


O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov tarixchi olimlar bilan uchrashuvda o‘zbek xalqining millat sifatida ishonchi susayib ketgani haqida gapirdi (www.xabar.uz, 10 mart). “Hozir bizda millat sifatida o‘zimizga bo‘lgan ishonch juda susayib ketgan. Ta’bir joiz bo‘lsa, mardikorchilik kayfiyati bor. Biz milliy g‘ururimizni ko‘tarish uchun g‘oyani kuchaytirishimiz lozim. Yoshlarimizning qaddini ko‘tarishimiz lozim”, degan u. Milliy g‘ururni ko‘tarishda esa O. Nazarbekov tarixiy filmlarning ahamiyati katta ekanini ta’kidlagan.

Madaniyat vaziri tarixchi olimlar va mutaxassislar bilan sulton Jaloliddin Manguberdi seriali suratga olinishi yuzasidan maslahatlashgan. O. Nazarbekovga ko‘ra, ushbu mavzuda dunyo darajasida film suratga olish uchun badiiylikka jiddiy e’tibor berish kerak. Aks holda, film tokchada chang bosib qolib ketadi. Ayni paytda xonanda-vazir Jaloliddin Manguberdi mavzusi juda nozik ekani va uni uvol qilib qo‘ymaslik lozimligini ham uqtirgan.

XS
SM
MD
LG