Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:27

OzodDayjest: Andijonda mansabdor ayol ilon po‘st tashlaydigan haqoratlar yog‘dirdi


"Ishonch" gazetasi saytidan skrinshot.
"Ishonch" gazetasi saytidan skrinshot.

Marhamatda tuman hokimi o‘rinbosari madaniyat bo‘limi boshlig‘ini kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qildi. Kolumbiya universitetining ilk o‘zbek professori O‘zbekistondagi majlisbozlikni tanqid qildi. Toshkentda Telegramdagi sharmandali yozishmalar sabab qotillik sodir etildi.

_____________________________________________________________

Andijonda hokim o‘rinbosari qo‘l ostidagi mas’ulni qattiq haqoratladi


Andijon viloyati Marhamat tuman hokimi o‘rinbosari – mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi rahbari Ma’muraxon Sotvoldiyeva tuman madaniyat bo‘limi boshlig‘i Akmal Yo‘ldoshevni ilon po‘st tashlaydigan so‘zlar bilan haqorat qildi. Bu haqda “Ishonch” nashri xabar qiladi.

Tuman madaniyat bo‘limiga hududda tashkil etilgan bir tadbirga ovoz kuchaytirgich moslamalarni keltirish topshirilgan. Ammo ovoz kuchaytirgich moslamalari aytilgan vaqtdan biroz kechikib olib borilgan. Bunga javoban tuman hokimi o‘rinbosari M. Sotvoldiyeva madaniyat bo‘limi boshlig‘ini telefon orqali kurak tugul, tuvakda turmaydigan so‘zlar bilan xumordan chiqquncha “siylagan” va ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilgan.

Nashr ushbu holatga prokuratura huquqiy baho berishi maqsadga muvofiqligini ta’kidlagan.

Kolumbiya universitetining ilk o‘zbek professori: “Beruniy majlisma-majlis yurganda, alloma bo‘lib yetishmas edi”


Kolumbiya universitetining ilk o‘zbek professori Aziza Shonazarova O‘zbekiston ta’lim tizimidagi ayrim muammolarga to‘xtaldi (www.daryo.uz, 10 mart). “Afsuski, O‘zbekistondagi akademik tizimda majlisbozlik juda ko‘p. Majlislarni kamaytirish uchun majlislar o‘tkaziladigandek. Nazarimda, bu – eski sovet davridan qolgan asoratlardan biri. Beruniy, Forobiy, Xorazmiy kabi bobokalonlarimiz ham o‘z davrida majlisma-majlis yurishganida, alloma bo‘lib yetishmas edi”, degan olima.

Professor Shonazarova Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ham milliy ta’lim holati xususida gapirgan. Xususan, u mamlakatda ta’limni kuchaytirish uchun oliy o‘quv yurtlarida o‘qitish metodikasini o‘zgartirish, konspekt yozish, majburiy daftar tutish kabi an’analarga barham berish lozimligini aytgan. Bundan tashqari, professor Shonazarova ta’limda ko‘chirmakashlik – plagiatga yo‘l qo‘yilmaslik juda muhim ekanini ta’kidlagan.

32 yoshli Aziza Shonazarova AQShdagi nufuzli oliygoh – Kolumbiya universitetining professorlik maqomiga erishgan ilk o‘zbek olimasi sifatida tarixga kirdi. U dinshunoslik va Markaziy Osiyo tarixi bo‘yicha doktorlik darajasini olgan.

Toshkentlik kelin Telegramdagi sharmandali yozishmalar sabab erini o‘ldirdi


Toshkent shahri Kamolon mahallasida yashagan bank xodimi Abbos Abduvosiqovning o‘limi sababi ochiqlandi (“Huquq”, 12 mart). Yangi kuyovning o‘z turmush o‘rtog‘i va uning jiyani tomonidan o‘ldirilishi ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv uyg‘otgan edi.

Qayd etilishicha, Abbos Abduvosiqov 2019 yil avgust oyida Kamola ismli qizga uylanadi. Qiz erga tekkanidan keyin ham Telegram orqali sobiq yigiti bilan “nozik” mavzularda suhbatlashib, unga turli rasmlar jo‘natib turgan. Bu orada er ayolining internetdagi maxfiy yozishmalaridan qisman xabar topgan. K. Abduvosiqova eri A. Abduvosiqov uni sharmanda qilishidan xavotirlanib, qabih reja tuzgan va 23 yoshli jiyani Otabek Hakimov bilan birga uni o‘ldirgan. Bosh prokuratura vakili Diyor Odilovga ko‘ra, K. Abduvosiqovaga 13 yilu 4 oy, O. Hakimovga esa 20 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.

XS
SM
MD
LG