Линклар

Шошилинч хабар
30 сентябр 2020, Тошкент вақти: 22:05

OzodDayjest: Sudyaga gapi o‘tmagan hokim o‘zi va hamkasblarini qarg‘aga o‘xshatdi


G‘uzor tumani hokimi Sa’dulla Boboqulov.

Sudyalar oliy kengashi G‘uzor tuman hokimining sudyaga bosim o‘tkazish holatlariga yo‘l qo‘yganini aniqlash yuzasidan tekshiruv boshladi. Deputat UzAuto Motors muammosini hal qilish uchun avtozavodni xususiylashtirishni taklif qildi. Yolg‘iz kampirning uyiga ega bo‘lish uchun qotil yollagan samarqandlik ayol 6 yilga qamaldi.

______________________________________________________________

Hokim sudyaga bosim o‘tkazgani holati bo‘yicha tekshiruv boshlandi


Ijtimoiy tarmoqda fuqarolik ishlari bo‘yicha G‘uzor tumanlararo sudining raisi Sattor Aqanov va G‘uzor tumani hokimi Sa’dulla Boboqulov o‘rtasidagi muloqot audioyozuvi tarqaldi (www.daryo.uz, 14 mart). Telefon orqali suhbatda hokim sudyadan uning qabuliga kelishi lozimligini talab qiladi. Bunga javoban sud raisi “Sizning qabulingizga bormayman, kechirib qo‘yasiz!” deydi.

G‘uzor tumani hokimi Sa’dulla Boboqulov ushbu holatni izohlar ekan, sudyaga hokim emas, xalq deputatlari tuman kengashi rahbari sifatida qo‘ng‘iroq qilgani, ammo sudya unga hurmatsizlik qilganini aytgan.

Sa’dulla Boboqulov hokimlarni qarg‘aga o‘xshatgan va tumanni boshqarish qiyinlashib ketayotganidan yozg‘irgan.

Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Konstitutsiyaning 106-moddasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritishi belgilangan. Shuningdek, 112-moddada sudyalar mustaqil ekani, faqat qonunga bo‘ysunishi ta’kidlangan.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Sudyalar oliy kengashi G‘uzor hokimi tomonidan sud ishlarini hal etishga aralashish, sudyaga nisbatan qonunga xilof ravishda bosim o‘tkazish holatlariga yo‘l qo‘yilganini aniqlash yuzasidan tekshiruv boshlagan.

Deputat G‘aniyev monopolist avtozavod ustidan “hukm o‘qidi”


Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev monopol mavqedagi UzAuto Motors shirkati muammosini qanday hal etish borasida taklif berdi.

“Zavodni yopib yuborish yoki import avtomobillar uchun aksiz solig‘ini bekor qilish oson yechim deyish mumkin. Lekin shuni unutmaslik kerakki, korxonaga davlat tomonidan yuz millionlab dollar investitsiya qilingan. Bu degani agar zavod ertaga bankrot bo‘lsa, davlat, ya’ni xalq shuncha pulga kuyadi... Menimcha, birinchi navbatda hukumat tomonidan korxonani kelasi 2 yil ichida xususiylashtirish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilishi lozim, korxonadagi davlat ulushidan uzul-kesil qutulishimiz kerak. Bunda davlat ulushining kamida 75 foizini investorga, hatto 20-30 foiz zararga bo‘lsa ham, qolgan qismini esa korxona ishchilariga sotish to‘g‘ri bo‘ladi”, dedi deputat.

D. G‘aniyev, shuningdek, kelasi 3 yil ichida import qilinadigan yangi avtomobillar uchun aksiz solig‘ini 10 foizcha tushirish lozimligini ta’kidlagan. Qayd etilishicha, ana shunda avtomobil bozorida sog‘lom raqobat shakllanadi va fuqarolarga tanlash imkoni tug‘iladi.

Eslatib o‘tamiz, UzAuto Motors shirkati tomonidan avtomobillar narxi 21 foizga oshirilgani jamoatchilikda kuchli norozilik uyg‘otdi. Ammo parlamentdan prezidentga qadar – yuqori minbarlardan aytilgan keskin tanqidlarga qaramay, avtomobillar narxi qimmatligicha qolaverdi.

Samarqandlik ayol yolg‘iz kampirning uyini qo‘lga kiritish uchun qotil yolladi


Samarqand shahri Beruniy ko‘chasida yashovchi ayol yolg‘iz kampirning uyiga ega chiqish maqsadida qotil yolladi (“Huquq”, 19 mart). Ismi oshkor etilmagan ayol qo‘shni kampirning uyiga ko‘p yillardan beri ko‘z tikib kelgan. Shu maqsadda undan hol-ahvol so‘rab turgan, bozor-o‘char qilib bergan. Shu tariqa yolg‘iz kampirning ishonchini qozongan va keksa ayol vafotidan keyin kvartirasini qo‘shnisiga o‘tkazish haqida vasiyatnoma yozib bergan. Vasiyatnoma yozilganidan bir necha yil o‘tsa-da, kampir tirik ekani ayolni jinoyatga yetaklagan. Ayol tanishining farzandini 1100 dollar evaziga qotillikka yollagan. Qotillikka yollangan yigit holat haqida huquq idoralariga xabar bergan va jinoyatning oldi olingan.

Sud hukmi bilan keksa ayolning joniga qasd qilgan sudlanuvchi 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Keksa ayol esa vasiyatnomani darhol bekor qilgan.

XS
SM
MD
LG