Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:27

Koronavirus yuqishidan tinimsiz qo‘rquv unga chalinish ehtimolini oshirishi mumkin


COVID-19 koronavirus infeksiyasi haqida oshiqcha xavotirlanish kasallikka chalinish ehtimolini oshirishi mumkin. Buning sababi davomli xavotir va sarosimaning immun tizimini zaiflashtirishi bilan izohlanmoqda.

Mutaxassislar pandemiya davomida ehtiyotkor bo‘lish muhim bo‘lsa-da, sarosimaga tushmaslik kerak ekanligini aytmoqda.

Ular ta’kidicha¸ buning o‘rniga jismoniy mashq bilan shug‘ullanish maqsadga muvofiq, chunki jismoniy harakat immun tizimini stress va xavotirlanishning salbiy ta’siridan himoya qila oladi.

Kanadadagi Makmaster universiteti kineziologiya bo‘limi direktori Jenifer Xayts o‘z hamkasblari bilan psixologik bezovtaliknin ruhiy sog‘liqqa salbiy ta’sir o‘tkazishini ko‘rsatib bergan.

Olimning aytishicha, COVID-19 kasalligi kabi noma’lum kasalliklar haqida ortiqcha xavotirlanish miyaning qo‘rquv uchun mas’ul qismi bo‘lmish bodomsimon bezi oshiqcha faollashishiga olib kelishi mumkin.

Evolyutsiya nuqtai nazaridan bodomsimon bez miyaning eng qadimiy qismlaridan bo‘lib, u primitiv tarzda ishlaydi. Xususan, bez insonda xavotir yuzaga kelishi bilan faollashadi va xatar bartaraf bo‘lgunicha tana va miya ogoh bo‘lib turishini ta’minlaydi.

Tadqiqotlar xavf-xatar haqida o‘ylashning o‘zi bodomsimon bezni faollashtirishini ko‘rsatgan. Aynan shu sabab ayrimlar kechalari COVID-19 haqida o‘ylab, uxlay olmasligi mumkin.

Ammo stress tizimlarining muntazam ravishda faollashib turishi hujayralarga ziyon yetkazishi hamda tananing ayrim funksiyalarini izdan chiqarishi mumkin.

Psixologik stressning o‘zi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ziyon yetkazmasa-da, doimiy sarosima tufayli hujayralar shikastlanishi mumkin. Bu esa immun reaksiyasini keltirib chiqaradi, ya’ni immun tizimi shikastlangan hujayralarni yo‘q qilishga kirishadi. Natijada tanada yallig‘lanish paydo bo‘ladi.

Biror narsa haqida oshiqcha tashvishlanish immun funksiyasini izdan chiqargani uchun kishining patogenlarni yuqtirish ehtimoli oshadi.

Shu sabab SARS-CoV-2 virusi hamda u keltirib chiqaradigan COVID-19 kasalligi haqida oshiqcha tashvishlanish kasallikka chindan chalinish ehtimolini oshiradi. Jismoniy harakatlanish esa inson organizmini stress tufayli yuzaga keladigan yallig‘lanishdan himoya qila oladi.

Xayts hamkasblari bilan talabalar o‘rtasida o‘tkazgan tajriba jismoniy mashq qilganlar qonida yallig‘lanish alomatlari ozayishini ko‘rsatgan. Xususan, imtihonlar oldidan haftasiga uch marta yarim soat o‘rtacha intensivlikda mashq qilgan talabalar umuman mashq qilmagan yoki o‘ta og‘ir jismoniy mashq qilganlarga solishtirganda yaxshiroq ruhiy ahvolda bo‘lishi va tanalarida ozroq yallig‘lanish alomatlari kuzatilishi aniqlangan.

Olimlar xulosasicha¸ tez yurish, yugurish yoki velosiped minish kabi jismoniy mashqlar insonni vahimadan saqlashga hamda immun tizimini mustahkamlashga ko‘maklasha oladi.

XS
SM
MD
LG