Линклар

Шошилинч хабар
27 сентябр 2020, Тошкент вақти: 08:29

OzodDayjest: O‘zbekiston hukumatidan favqulodda holat e’lon qilish so‘raldi


Deputat A. Burhonov koronavirus tarqalishi oldini olish uchun chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish lozim, degan fikrda. Prezident Mirziyoyev Nobel mukofotiga loyiq ekani aytildi. Namanganda baliqlarning yoppasiga qirilishi kuzatildi.

______________________________________________________________

O‘zbek deputati koronavirus tarqalishi oldini olish uchun nazoratni yanada kuchaytirishni taklif qildi


“Yuksalish” umummilliy harakati rahbari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmal Burhonov O‘zbekistonda koronavirus tarqalishi oldini olish uchun ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish lozimligini aytdi (www.qalampir.uz, 23 mart). Xususan, u mamlakatda, avvalo eksperiment tariqasida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida favqulodda holat joriy etish, nazoratni kuchaytirish uchun armiyani qisman safarbar qilishni taklif etgan. A.Burhonov, shuningdek, viloyatlarda, ayniqsa, mamlakatning chekka hududlarida ko‘chma (mobil) punktlar va laboratoriyalarni tashkil etish, ularda koronavirusni aniqlash uchun portativ ekspress-testlar o‘tkazish lozimligini uqtirgan.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus qog‘ozda 4-5 kun yashashi, shu bois mamlakatda naqd pulda oldi-sotdi qilishni cheklash lozimligi aytilgandi.

Senator Rafiqov: Prezident Mirziyoyev Nobel mukofotiga loyiq


O‘zbekiston prezidenti Shavkat ­Mirziyoyevning Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish hamda Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyotini tiklash, qo‘shni davlatlarning integratsiyalashuvini ta’minlash borasida tashabbuslari Nobel mukofotiga loyiq, deb yozadi Oliy Majlisi Senati a’zosi Qudratilla Rafiqov “Ishonch” gazetasida e’lon qilgan maqolasida.

Senatorga ko‘ra, joriy yil fevral oyida Dohada AQSh va Afg‘onis­tondagi siyosiy kuchlar o‘rtasida tinchlik sulhi imzolanishi O‘zbekistonning tarixiy missiyasi – mintaqadagi yetakchilikni yana qo‘lga olganini anglatadi.

“Aslini olganda, matbuotimiz deyarli e’tibor bermagan, yoritganda ham shunchaki, yuzaki sharhlar bilan cheklangan bu hodisa, kontekstiga ko‘ra “asr hodisasi” deb aytishga arzirli voqea edi”, deb yozadi Q. Rafiqov.

Ta’kidlanishicha, Afg‘onistonda o‘rnatilayotgan tinchlikda prezident Mirziyoyevning munosib ulushi bor.

Senator, shuningdek, O‘zbekiston rahbari tomonidan jamiyatda kambag‘al qatlam mavjudligi tan olinishi va bu borada strategiya belgilanishini ham olqishlagan.

Sirdaryo havzasida baliqlarning yoppasiga qirilishi kuzatildi

Namangan viloyati hududida – Sirdaryo havzasida baliqlarning o‘lati kuzatildi (www.xabar.uz, 23 mart). Suv yuzasiga chiqqan kasal baliqlar esa mahalliy aholi tomonidan tutilmoqda. Qayd etilishicha, baliqlar nimadan kasallangani va o‘lganini aniqlamay turib, ularni tutib yeyish va sotish inson sog‘lig‘i uchun xavflidir. Shu bois Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, Ekopartiya, sanitariya-epidemiologiya xodimlari mazkur holatga zudlik bilan aniqlik kiritishi lozimligi uqtirilgan.

Ushbu ekologik fojia Qozog‘istonning Chordara suv omborida 20 mart kuni baliqlarning noma’lum kasallikdan ommaviy ravishda o‘lgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

XS
SM
MD
LG