Линклар

Шошилинч хабар
27 октябр 2020, Тошкент вақти: 09:50

OzodDayjest: Koronavirus yuzaga keltirgan inqiroz sharoitida O‘zbekistonga kamida 5-6 mlrd dollar lozim - iqtisodchi


Tanzila Norboyeva Senat majlisini niqobsiz o‘tkazgani e’tiroz uyg‘otdi. Iqtisodchi O‘zbekistonda koronavirus tufayli yuzaga kelgan inqirozdan chiqish bo‘yicha o‘z mulohazalarini bildirdi. “O‘zbekneftgaz” shirkati xalqqa emas, kiborlarga saxovat ko‘rsatishda ayblandi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

______________________________________________________________

Majlisda niqob taqmagan Norboyeva: “Karantin davrida boquvchisiz insonlar va qariyalar qarovsiz qolmasligi lozim”


O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisida Tanzila Norboyeva karantin davrida aholining zaif qatlamini o‘z holiga tashlab qo‘ymaslik masalasiga e’tibor qaratdi (www.daryo.uz, 25 mart).

“Hozirgi kunda karantin qoidalariga binoan barcha aholi o‘z uyida. E’tiboringizni bir aholi qatlamiga qaratmoqchiman, ya’ni yakka-yolg‘iz, boquvchisiz insonlar, ayniqsa, qariyalarni yoddan chiqarmaslik kerak. Ularning orasida turli xizmat ko‘rsatish sohalarida ishlab, kundalik ehtiyojlari uchun ishlab yurganlar bor. Hozir esa bu imkoniyatlari ham vaqtincha to‘xtatilgan”, degan Senat raisi T. Norboyeva.

Ta’kidlanishcha, shu munosabat bilan ehtiyojmand insonlar va keksalar yanada muhtoj bo‘lib qolmasligiga ahamiyat qaratish, ularga oziq-ovqat, dori-darmon masalalarida yordam tashkil etish lozim.

Senat raisi aholini karantin davrida to‘y qilmaslik, ma’rakalarni diniy idora tavsiyasiga asosan o‘tkazishga chaqirgan.

T. Norboyevani istisno etganda majlisda qatnashgan senatorlarning barchasi niqob taqqan. Senat raisining niqobsiz o‘tirgani blogerlar va jamoatchilikda e’tiroz uyg‘otgan.

Iqtisodchi O‘zbekistonda koronavirus yuzaga keltirgan inqirozdan chiqish uchun qancha mablag‘ kerakligini ochiqladi


O‘zbekistonda koronavirus yuzaga keltirgan iqtisodiy inqiroz sabab kamida 5-6 mlrd AQSh dollari zarur, deb hisoblaydi iqtisodiy tahlilchi Abdulla Abduqodirov (www.anhor.uz, 19 mart). Ushbu mablag‘ning yarmi tibbiy yordamni to‘g‘ridan-to‘g‘ri subsidiyalash hamda kichik va o‘rta biznes sub’ektlari korxonalarida bandlikni qo‘llab-quvvatlashga, qolgan qismi esa moliya institutlarini mustahkamlashga yo‘naltirilishi lozim.

Qayd etilishicha, Jahon bankidan restrukturizatsiya imkoniyati bilan 30 yil muddatga kamida 3-4 mlrd dollar qarz olishga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, USAID, KOICA, TIKA kabi donor institutlarni jalb etish maqsadga muvofiqdir. Shuningdek, Moliya vazirligi aholi uchun uzoq muddatli davlat zayomlarini emissiya qilishi mumkin. Vaziyat juda murakkablashsa, mamlakatning oltin-valyuta zaxirasi hamda O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lariga umid qilish qoladi, xolos.

“Vaqt bizga qarshi ishlamoqda. Biz zarur choralarni ishlab chiqish va amalga oshirish jarayonini qanchalik keyinga qoldirsak, koronavirus ta’sirining oqibatlarini bartaraf etish uchun shuncha ko‘p mablag‘ talab qilinadi”, deydi iqtisodiy tahlilchi A.Abduqodirov.

Platforma.uz: “O‘zbekneftgaz” boylarning yog‘ bosgan taqir boshlarini silamoqda


O‘zbekistonda 26 mart kunidan AI-92 markali benzin narxi 6200 so‘mdan 6000 so‘mga kamaytirildi. Ko‘plab blogerlar aholining katta qismi foydalanadigan AI-80 markali benzin narxi tushirilmaganiga e’tiroz bildirgan. Masalan, Telegramdagi Platforma.uz kanali AI-92 markali benzindan mamlakat aholisining nari borsa 2-3 foizigina foydalanishini ta’kidlab, “O‘zbekneftgaz” AJni faqat boy qatlam manfaatini himoya qilishda ayblagan. “Bundan ko‘rinadiki, AJ xalqqa emas, kiborlarga saxovat ko‘rsatmoqda, boylarning yog‘ bosgan taqir boshlarini silamoqda!” deb yozadi Platforma.uz kanali.

Mutaxassislarga ko‘ra, jahon bozorida neft narxi suvtekin bo‘lib ketgan bir paytda ham “O‘zbekneftgaz” AJ benzin narxini tushirishga shoshilmayapti.

“Solishtiring: avgust 2019 yil: neft – 65 dollar, qimmatlagan benzin – 5500 so‘m; mart 2020 yil: neft – 27 dollar, “arzonlagan” benzin – 5600 so‘m. Ko‘ryapsizmi, monopolist arzonlashtirdim, deganda ham narxni qimmatlashtirgan bo‘ladi. Eslab qoling, O‘zbekistonda neft narxi oshsayam, benzin narxi oshadi, neft narxi tushsayam, benzin narxi oshadi”, deb yozadi bloger Otabek Bakirov.

XS
SM
MD
LG