Линклар

Шошилинч хабар
27 октябр 2020, Тошкент вақти: 09:05

Payg‘ambar mushk-anbari va qovoq moyi: Eron lo‘ttibozlik va islom tibbiyoti koronavirusni davolamasligidan ogohlantirmoqda


Koronavirus yuqtirib, Eron shimolidagi shifoxonada davolanayotgan bemorlarga “payg‘ambar mushk-anbari” deb atagan narsani hidlatgan musulmon ruhoniysi o‘zini hibsga olishga order berilgandan so‘ng yashirinishga majbur bo‘ldi.

Islom tibbiyoti tarafdori bo‘lgan Murtazo Ko‘hansalning ijtimoiy
tarmoqlardagi videolarda G‘ilon viloyatidagi shifoxonalardan birida damlamani barmog‘i bilan bemorlarga surtmoqchi bo‘layotgani tasvirlangan.

Unda hech qanday himoya kiyimi kiymagan Ko‘hansal tetiklashtiruvchi damlama o‘ta xavfli COVID-19 kasalligidan aziyat chekayotgan bemorlarni davolashini aytadi.

Chalasavod ruhoniy bir bemorga, agar aksirsang, yengil tortasan, deydi.

Videoga tushgan bemorlardan biri ruhoniyning kutilmagan ziyoratidan bir-ikki kun o‘tib, o‘lib qoldi.

Eron axborot vositalari Ko‘hansal shifoxonaga ruxsatsiz
kirganini xabar qildi.

Video keng tarqalib ketgach, hokimiyat idoralari Ko‘hansalning xatti-
harakatlarini qoralab, uni hibsga olish uchun qidirayotganini bildirdi.

Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Kianush Jahonpur
Ko‘hansalning bemorlarni davolash ishiga aralashganlikda va “jamoatchilik fikrini bezovta qilish”da aybladi hamda huquqni muofaza qilish idoralari unga qarshi chora ko‘rishiga umid bildirdi.
Eron 28 mart holatiga ko‘ra 2517 kishining boshiga yetgan va 35 408 kishiga yuqqan koronavirus tarqalishini jilovlash uchun kurashmoqda.

Ko‘plab eronliklar va xalqaro tibbiyot ekspertlari ushbu raqamlar aslidan ko‘ra ancha past ekanini aytmoqda.

O‘n minglab kishilar infeksiya yuqtirgani ortidan hukumat jamiyatda
cheklovlar joriy qilayotgan bir paytda ijtimoiy tarmoqlarda COVID-19 ni yuqtirishning oldini olish va davolash bo‘yicha soxta shifokorlar noto‘g‘ri tibbiy maslahatlar tarqatmoqda.

Shulardan biri o‘zini “islom tibbiyoti otasi” deb tanishtirayotgan Abbos Tabrizyandir.

U Telegram kanalida binafsha guli moyi koronavirusni davolashda foydali ekanini aytgani xabar qilinmoqda. Lekin tibbiyot mutaxassislari uning iddaosini rad etdi.

Axborot vositalariga ko‘ra, Ko‘hansal Iroqda istiqomat qiluvchi Tabrizyanning izdoshidir.

Boshqa soxta shifokorlar esa koronavirus yuqtirmaslik uchun achchiq qovoq moyidan foydalanishni targ‘ib qilmoqda. Aslida tibbiyot mutasaddilari bunga ham ruxsat bergani yo‘q.

Boshqalar esa internet orqali qalbaki dorilarni sotishga urinib, ular
koronavirusning badanga kirishi oldini olishi yoki COVID-19 kasalligini davolashini iddao qilmoqda. Vaholonki, hali bu kasallikning davosi topilgani yo‘q.

10 martda Eronning Oziq-ovqat va dori-darmon tashkiloti amaldori Mehrnoz Xayrondishga iqtibosan Hamshahrionline.ir sayti xabar qilishicha, internet orqali koronavirusning davosi sifatida sotilgan giyoh damlamasini ishlab chiqarish uchun rasmiy ruxsatnoma berilmagan, shuning uchun uni sotish noqonuniy hisoblanadi.

Xayrondish vatandoshlarini yolg‘on-yashiq iddaolarga ishonmaslikdan, sinovdan o‘tmagan dorilarni internet orqali sotib olmaslikdan ogohlantirdi.

Eron sog‘liqni saqlash vaziri Said Namakiy ham joriy hafta boshida
“savodsiz lo‘ttiboz va safsatabozlar” islomiy va an’anaviy tibbiyot niqobi ostida xalqni almamoqchi bo‘layotganidan ogohlantirgan edi.
Namakiy shifokorlar hamda G‘arb va an’anaviy tibbiyot mutaxassislari eronliklarni chalg‘ituvchi dorilardan himoya etish uchun hamkorlik qilishi kerakligini ta’kidlagan edi.

Boshqa mutaxassislar ham an’anaviy dori-darmon va davolash usullari koronavirusni davolashda yordam bermasligini, hatto Xitoy, Qo‘shma Shtatlar va Yevropada ham ushbu virusni davolashga haligacha dori topilmaganini aytmoqda.

XS
SM
MD
LG