Линклар

Шошилинч хабар
27 октябр 2020, Тошкент вақти: 08:40

Respirator yetishmayotgan shifoxonalar suvga sho‘ng‘ish niqoblaridan foydalana boshladi


Koronavirus pandemiyaga aylanganidan so‘ng dunyo bo‘ylab kasalxonalarda sun’iy nafas olish tizimlari - ventilyatorlar taqchilligi boshlandi.

Dunyo bo‘ylab COVID-19 infeksiyasi tufayli nafasi bo‘g‘ilayotganlar soni ko‘payar ekan, ayrim shifoxonalar snorkeling, ya’ni suv ostiga sho‘ng‘ish niqoblaridan foydalana boshladi.

Bu fikr ilk marotaba COVID-19 pandemiyasidan eng ko‘p aziyat chekayotgan Yevropa davlati – Italiyada paydo bo‘lgani aytilmoqda.

Belgiya poytaxti Bryussel yaqinidagi Erasme Hospital shifoxonasi ham ayni chorani ko‘rmoqda. Shifoxona xodimi Frederik Bonnier snorkeling niqoblaridan jiddiy nafas olish muammolariga duchor bo‘lgan bemorlarni davolashda foydalanilayotganini aytdi. Bundan maqsad bemorni respiratorga ulamasdan va uning traxeyasiga trubka o‘rnatmasdan davolashdir.

Bonnier yuzni butunlay qoplovchi snorkeling niqoblari uchun maxsus klapan yaratish jarayoniga yetakchilik qildi. Klapan niqobga havo tortuvchi trubka o‘rniga kislorod yuboruvchi standart moslamalarni ulash imkonini beradi.

Bemorni kislorod bilan ta’minlash nafas olganda kengayib, nafas chiqarganda torayib havo almashinuvini ta’minlaydigan alveolalar butunlay ishdan chiqishi oldini oladi. COVID-19 infeksiyasi keltirib chiqaradigan pnevmoniya o‘pka membranasida yallig‘lanish keltirib chiqarib, alveolalar suyuqlik bilan to‘lishiga olib keladi.

Kasallik o‘ta og‘ir kechayotgan bemorlar jonlantirish bo‘limlarida respiratorlarga ulanadi. Ammo kasallikka chalinganlar soni o‘ta yuqori bo‘lgani uchun, jahon bo‘ylab respiratorlar taqchilligi yuzaga keldi.

Snorkeling niqoblari yotoqxonada joy va respirator bo‘lmagan holatlarda bemorlar uchun vaqtincha yechim bo‘la oladi.

Bonnier dushanba kunidan boshlab 50 snorkeling niqobini sinab ko‘rishini aytdi. Shifokor Decathlon shirkati xayriya o‘laroq topshirgan niqoblar faqat og‘iz va burunni qoplovchi tibbiy niqoblarga qiyoslaganda beso‘naqay ekanligini aytar ekan, ular tibbiy standartlar bo‘yicha tekshirilmagani haqida ogohlantirdi. Bu esa ularni sterilizatsiya qilib bo‘lmasligini va bir niqobni faqat bir bemor uchun ishlatish mumkinligini anglatadi.

Bonnier snorkeling niqoblaridan shifoxona xodimlari o‘zlarini infeksiyadan saqlash maqsadida ham qo‘llanishlari mumkinligini ta’kidladi. Ammo shifokor vahima tushgan xaridorlar snorkeling niqoblarini yoppasiga xarid qila boshlasa, shifoxonalar ushbu yechimdan mahrum bo‘lishlari mumkinligini qo‘shimcha qildi.

O‘z maskalari shifoxonalarda foydalanilayotgani haqida xabar topgan Decathlon shirkati Twitterda «Ayni damda bu yechim chindan samara berayotgani tasdiqlangani yo‘q», deb yozdi va obunachilarini tasdiqlanmagan xabarlar asosida chora ko‘rmaslikka chorladi.

XS
SM
MD
LG