Линклар

Шошилинч хабар
02 июн 2020, Тошкент вақти: 01:35

Ukrain parlamenti XVJdan $8 milliard qarz olishga asos beruvchi qonunlarni ovozga qo‘yadi


Prezident Zelenskiy.

Ukraina parlamenti - Verxovna Rada koronavirus pandemiyasi vaqtida mamlakat aholisi va iqtisodiyotini himoya qilishga qaratilgan yangi qonunlarni qabul qilish uchun 30 mart tushdan keyin favqulodda majlis o‘tkazadi.

Yangi qonunlar koronavirusning iqtisodiy zarbasini yumshatish maqsadida Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ)ning Ukrainaga 8 milliard dollar qarz berishiga asos bo‘lishi kutilmoqda.

Bu qonunlar qabul qilingan taqdirda¸ Yevropa Ittifoqi, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) va boshqa chet ellik homiylarning Ukrainaga millionlab dollarlik yordam berishiga ham eshik ochiladi.

Prezident Volodimir Zelenskiy 29 martdagi telemurojaatida parlament qonunlarni qabul qilmaydigan bo‘lsa, Ukraina “defolt tahdidi” ostida qolajagidan ogohlantirdi.

− Ukraina xalqi ertaga ularning manfaatini himoya qilish-qilmasligingizni aniq-tiniq ko‘radi. Garcha barchangiz niqob taqib olsangiz ham, xalq – jamoatchilik kimning aslida kim ekani, ya’ni sizlar xalqning yoki g‘arazli manfaatlarning xizmatkorlari ekaningizni tushunib oladi,− dedi parlament deputatlariga qarata Zelenskiy.

XVJ¸ Ukrainaga katta miqdordagi yordam dasturi ajratishdan oldin¸ mamlakatdagi bank faoliyatini tartibga soladigan qonunlar qabul qilinishini talab qilmoqda.

Yangi qabul qilinajak qonunlarga asosan, so‘nggi yillardagi tozalash davrida qayta davlat mulki qilib sotib olingan yoki tugatilgan banklarning sobiq egalariga o‘sha banklarga bo‘lgan mulk egaligi qaytarilmasligi yoki tovon puli berilmasligi kerak.

XVJ shuningdek Kievdan oldi-sotdi moratoriysini bekor qilish yo‘li bilan qishloq xo‘jalik yerlarini sotishga sanksiya joriy qilish va shu tariqa raqobatbardosh yer bozorini mustahkamlashini istamoqda.

O‘tgan hafta XVJ boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva Kiev ikkita o‘ta muhim qonunni qabul qilgan taqdirda¸ dastlab muhokama qilingan 5,5 milliard dollardan ko‘proq qarz olishi mumkinligini bildirdi.

− O‘tgan hafta Ukraina hukumati bilan yangi qarz berish mexanizmi bo‘yicha muzokaralarda sezilarli ilgari siljish kuzatildi. Banklar faoliyati va yer islohotlariga oid qonunlarning qabul qilinishi yangi kelishuv ko‘lamini tezroq aniqlashtirish va avval ko‘zda tutilganidan ko‘ra kattaroq qarz berishga imkon yaratadi¸ dedi Georgiyeva 26 mart kungi bayonotida.

Ukrainadagi AQSh savdo palatasi ham o‘tgan hafta mamlakat parlamentini XVJ talablarini bajarishga da’vat qildi.

AQShdagi elchixonasining xabar qilishicha, Vashington hukumati koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish uchun Ukrainaga 1,2 million dollarlik yordam puli ajratgan.

Ukrainada 30 martga kelib¸ koronavirus yuqtirgani rasman qayd etilganlar 500 nafarga¸ o‘lganlar esa¸ 10 taga yetdi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi jahon hukumatlariga qarz beruvchi eng katta moliyaviy tizim hisoblanadi.

Jamg‘arma o‘tgan hafta e’lon qilgan bayonotga ko‘ra¸ koronavirus pandemiyasi boshlanganidan beri katta miqdorda qarz so‘rab 80 dan oshiq davlat hukumati rasman murojaat qilgan.

O‘tgan juma kuni jamg‘arma boshqaruv kengashi Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib Qirg‘izistonga 121 million AQSh dollariga yaqin qarz berishni ma’qulladi.

O‘zbekiston hukumati ham koronavirusning aholi va iqtisodiyotga salbiy ta’sirini yumshatish maqsadida sarflash uchun xalqaro moliya tizimlari¸ xususan¸ XVJdan 1 milliard dollar qarz olish rejasini e’lon qildi.


XS
SM
MD
LG