Линклар

Шошилинч хабар
02 июн 2020, Тошкент вақти: 01:06

COVID-19 inqirozi kuchaygan sari Mirziyoyev ham Markaziy Osiyo yetakchilari o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirishga urinmoqda


O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev.

Markaziy Osiyo yetakchilari bundan ikki yil avval¸ o‘shandagi nomi Ostona bo‘lgan Qozog‘iston poytaxtida bo‘lib o‘tgan tarixiy uchrashuvda o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga va’da bergan edilar.

Bu mintaqa prezidentlarining qariyb 20 yil ichidagi birinchi sammiti edi. Markaziy Osiyo rahbarlari¸ garchi o‘zaro hamkorlik borasida aytarlik ish ko‘rinmayotgan bo‘lsada¸ 2019 yil noyabrida Toshkentda ham ayni va’dani takrorlagan edi.

Oradan bir yilcha o‘tib boshlangan koronavirus pandemiyasi Markaziy Osiyo davlatlariga juda ko‘p tomondan ta’sir qilayotgan misli ko‘rilmagan muammoga aylandi.

Ochig‘ini aytganda¸ Markaziy Osiyodagi besh davlatning koronavirusga nisbatan siyosati va ko‘rayotgan chora-tadbirlarida¸ yer yuzining boshqa istalgan mintaqasidagi kabi¸ mushtaraklik ko‘rinayotgani yo‘q.

Har bir davlat¸ o‘zi duch kelayotgan muammolar ko‘lami va o‘z imkonini chamalab¸ koronavirusga qarshi kurashda qanday chora-tadbir qo‘llashni o‘zi hal qilmoqda.

12 mart kuni Qozog‘iston mintaqada birinchi koronavirus holati qayd etilganini e’lon qilganidan beri Markaziy Osiyoda bo‘linishning yangi ko‘rinishi paydo bo‘ldi.

Qozog‘iston¸ Qirg‘iziston va O‘zbekiston koronavirusga chalinish holatlarini har kun qayd qilib¸ uning tarqalishini to‘xtatish uchun choralar ko‘rayotgan bo‘lsa¸ koronavirus yo‘qligini rasman aytib kelayotgan Tojikiston va Turkmaniston deyarli hech narsa qilmayotir.

Markaziy Osiyo prezidentlari 2018 yilgi Ostona sammitida.
Markaziy Osiyo prezidentlari 2018 yilgi Ostona sammitida.

Qozog‘iston va O‘zbekistondagi oliy darajali uchrashuvlarda qilingan va’dalarga qaramay¸ mintaqa yetakchilari o‘rtasida hozircha aytarlik hamkorlik kuzatilgani yo‘q.

Ammo mart oyi oxiriga kelib O‘zbekistonning Qirg‘izistonga tibbiy niqoblar¸ virusdan himoyalovchi kiyimlar va test tizimlarini yuborishi ortidan bu vaziyatda sekinlik bilan bo‘lsada¸ o‘zgarish kuzatilmoqda.

Mirziyoyev yetakchilikni qo‘lga oldi

Agar joriy vaziyatda Markaziy Osiyodagi koronavirusga qarshi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga faol harakat qilayotgan bitta odam bo‘lsa¸ u ham O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevdir.

O‘zbekiston¸ Qozog‘istondan ikki kun o‘tib¸ 14 mart kuni koronavirusga chalinishning birinchi holati qayd qilinganini bildirdi.

18 mart kuni Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqaev bilan telefon orqali ikki davlatning virus tarqalishini to‘xtatish borasidagi choralarini muhokama qildi.

20 mart kuni Mirziyoyev Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevga sim qoqdi va aytilishicha¸ bu suhbatda ham koronavirusga qarshi kurash masalasi tilga olingan.

Qozog‘iston mintaqada koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha birinchilikda qolmoqda – 3 aprelga qadar mamlakatda virusga chalinganlar soni 453 taga yetdi¸ uch holat o‘lim bilan tugadi.

Aholisi soni bo‘yicha mintaqada eng katta bo‘lgan O‘zbekiston virus tarqashi bo‘yicha ikkinchilikda – 3 aprelgacha virus yuqtirganlar soni 221 nafarni¸ o‘lganlar esa¸ ikkitani tashkil etdi.

3 aprelga qadar Qirg‘izistonda virus yuqtirganlar 130 taga yetdi va birinchi o‘lim holati qayd etildi.

Shavkat Mirziyoyev keyingi ikki hafta ichida kamida ikki marta Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan ham gaplashdi. O‘zbekiston prezidentining Twitter sahifasiga ko‘ra¸ 18 va 27 mart kunlari ikkala prezident “pandemiyaga qarshi kurashning samarali choralari” va “koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgan muhim tadbirlar” haqida gaplashgan.

Aftidan¸ Turkmaniston xalqi oldida koronavirus so‘zini og‘izga olmayotgan Berdimuhamedov¸ boshqa davlat rahbarlari bilan uni ishlatayotgan ko‘rinadi.

27 mart kuni Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidenti So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov bilan ham telefonda “epidemiologik vaziyat”ni muhokama qildi.

Bu suhbatdan bir kun oldin Mirziyoyev Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani bilan ham telefonda so‘zlashdi va “joriy pandemiyaga qarshi kurash borasida fikr-mulohaza almashdi”.

O‘zbekiston Markaziy Osiyoning qolgan davlatlari va Afg‘oniston bilan mushtarak chegaraga ega bo‘lgani bois¸ inqiroz paytida qo‘shnilar bilan aloqada bo‘lish sog‘lom aqlga muvofiq ishdek ko‘rinadi.

Ammo Shavkat Mirziyoyevning mintaqa davlatlari bilan koordinatsiya masalasida hozirgacha Islom Karimov butun prezidentligi davrida qilganidan ko‘ra ko‘proq ish qilganini e’tirof etish lozim.

Hozircha Mirziyoyev faqat bitta qo‘shnisi bilan gaplashmagan ko‘rinadi va bu haqda sal pastroqda to‘xtalamiz.

O‘zbekiston xaritasi.
O‘zbekiston xaritasi.

Joriy vaziyatda Qozog‘iston va Qirg‘iziston o‘z oralarida ancha davom etgan chegara muammosini hal qilishda avvalgidan yaxshiroq hamkorlik qilmoqda. O‘tmishda bu muammo tufayli chegaraning qirg‘iz tomonida kilometrlarga cho‘zilgan yuk mashinalar tiqini paydo bo‘lgan edi.

Qirg‘iziston uchun¸ Qozog‘iston hududi orqali eksport va import qilish ahamiyati hech qachon hozirgidek muhim bo‘lgan emas.

Qozog‘iston Bosh vaziri Asqar Mamin va qirg‘izistonlik hamkasbi Muhammedkali Abulg‘aziyev 15 mart kungi telefon suhbatida chegaralarda yuzaga kelgan yuk mashinalari tiqinini yumshatish va koronavirus tarqalishiga qarshi birgalikda ishlash haqda kelishib oldi.

Bu suhbat bo‘lgan kuni hali Qirg‘izistonda koronavirus rasman qayd etilmagan edi.

Ammo 18 mart kuni Qirg‘izistonda birinchi holat qayd etilishi ertasigayoq Jeenbekov Toqayev bilan “koronavirusga qarshi kurashda mushtarak harakat” qilishni muhokama qildi.

25 mart kuni qirg‘iz va qozoq Bosh vazirlari ayni shu yo‘nalishdagi hamkorlik haqida yana gaplashdi.

Rahmon chetda qoldi

Mintaqada koronavirus tarqay boshlaganidan beri Shavkat Mirziyoyev hozircha gaplashmagan qo‘shni rahbar Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bo‘ladi.

Aslida¸ 28 mart kuni Qirg‘iziston prezidentining Rahmonga telefon qilgani hisobga olinmasa¸ Tojikiston prezidentining qo‘shnilaridan boshqa birortasi bilan gaplashgani ma’lum emas.

Tojikistondagi Xovar xabar agetligiga ko‘ra¸ tojik va qirg‘iz prezidentlari “yuqumli kasallik (koronavirus)ning chegaralardan o‘tib tarqalishini to‘xtatish” va pandemiya oqibatlarini yumshatish uchun” mintaqaviy hamkorlikni yanada kuchaytirish ahamiyati” haqida gaplashgan.

Tojikistonda hayot koronavirus pandemiyasi yo‘q kabi davom etmoqda - 25 mart kuni prezident Rahmon yangi maktab ochilishida qatnashdi.
Tojikistonda hayot koronavirus pandemiyasi yo‘q kabi davom etmoqda - 25 mart kuni prezident Rahmon yangi maktab ochilishida qatnashdi.

Bu xabarning “yuqumli kasallikning chegaralardan o‘tib tarqalishi” haqidagi qismi¸ hozirgacha Tojikistonda koronavirusga chalinganlik bo‘yicha biror holat rasman ochiqlanmagan bir vaziyatda¸ juda qiziqdir.

Turkmaniston ham koronavirus yo‘qligini aytmoqda va ikkala davlatda hozircha ommaviy tadbir va yig‘inlar taqiqlangani yo‘q.

Masalan¸ Tojikiston va Turkmanistonda Navro‘z tadbirlari rejadagidek o‘tkazildi¸ masjidlar hamon ochiq qolmoqda.

Bilganingni qil

Tojikiston va Turkmanistondagi bu vaziyat O‘zbekiston¸ Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi vaziyatning tamom teskarisidir – bu davlatlarda shaharlar yopilib¸ aksar aholiga uydan chiqmaslik buyurildi.

Ayni paytda¸ Turkmaniston hukumati xalqaro parvozlarni poytaxt emas¸ sharqiy Turkmenabad shahridagi ikkinchi darajali aeroportga qo‘ndirib¸ kelganlarni karantin lagerlariga olib¸ mamlakat ichkarisidagi harakatlanishni keskin cheklovchi tadbirlarni joriy qildi.

Bunday choralarga qaramay¸ hukumat “koronavirus” degan so‘zni og‘izga olishdan bosh tortmoqda va turkman xizmatiga kelayotgan xabarlarga ko‘ra¸ bu so‘zni aytganlarni xavfsizlik kuchlari ko‘chadan ushlab ketmoqda.

Tojikiston hozircha koronavirus pandemiyasi munosabati bilan deyarli cheklov joriy qilmadi. To bugunga qadar tojikistonliklar avvalgi hayot tarzini davom ettirmoqda¸ viloyatlar o‘rtasidagi harakatlanish bemalol¸ bozor va do‘konlar ochiqligicha qolmoqda.

Hukumat tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday loqaydlik koronavirus tarqalishi uchun mukammal sharoit yaratmoqda va aftidan Tojikiston qo‘shnilarini asabiylashtirmoqda.

Ayni shu vaziyat¸ hozirgacha nega faqat Jeenbekovning Rahmon bilan faqat yaqindagina gaplashgan yagona qo‘shni prezident ekanini izohlashi mumkin.

Qirg‘iziston va Tojikiston Farg‘ona vodiysidagi eng ko‘p o‘tib-qaytiladigan chegaraga egaligi va bu chegaralar nafaqat tovar va mahsulotlar¸ balki koronavirus o‘tishi uchun ham qulay ekanligi qirg‘iz prezidentini Rahmonga qo‘ng‘iroq qilishga undagan ko‘rinadi.

O‘zbekiston ham Farg‘ona vodiysida Tojikiston bilan chegaradosh. O‘zbekiston prezidentining hozirga qadar Rahmonga qo‘ng‘iroq qilmagani¸ tojik prezidentining koronavirus tarqashini nazorat qilish bo‘yicha chora qo‘llashga bepisandlik bilan qarayotganidan Toshkentning noroziligi ifodasi bo‘lishi mumkin.

Bryus Pannier

Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining Qishloq ovozi blogi va Majlis podkasti mualliflaridan biri.

XS
SM
MD
LG