Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:58

Raqamlar koronavirus pandemiyasi haqida aniq tasavvur bera oladimi?


Rossiya va Xitoy hukumatlari o‘z hududidagi koronavirusga oid asl raqamlarni kamaytirib¸ boshqalarnikini bo‘rttirayotganlikda ayblanmoqda.
Rossiya va Xitoy hukumatlari o‘z hududidagi koronavirusga oid asl raqamlarni kamaytirib¸ boshqalarnikini bo‘rttirayotganlikda ayblanmoqda.

Butun dunyoda koronavirus yuqtirganlar soni kuniga ko‘payib bormoqda va 2 aprelga kelib global miqyosda 1 milliondan oshdi.

Biroq haqiqiy virus yuqtirganlar soni bundan yuqori bo‘lsa-chi?

Ekspertlar fikricha¸ hukumatlar tomonidan e’lon qilingan va e’lon qilinmagan ma’lumotlar muammo ko‘lami haqida faqat qisman tasavvur beradi¸ xolos.

Tibbiy test o‘kazish ko‘lamining cheklangani yoki ayrim davlatlarda uning umuman yo‘lga qo‘yilmagani pandemiyaning haqiqiy miqyosi noma’lumligining asosiy sabablaridan biridir.

Yana bir muammo – ayrim hukumatlarning o‘z mamlakatidagi koronavirus qamrovini kamaytirib ko‘rsatish uchun raqamlarni buzib ko‘rsatayotgani bilan bog‘liq.

1 aprel kuni AQShning Bloomberg nashri¸ razvedka hisobotiga tayanib Xitoy hukumati mamlakatdagi koronavirusning tarqalish miqyosini yashirgani va Pekin tarqatgan ma’lumotlarning “soxta” ekani haqida shov-shuvli maqola e’lon qildi.

Xitoydan tashqari¸ koronavirus pandemiyasidan qattiq zarar ko‘rgan Eron va Rossiya hukumatlarning ham kasallikka chalinganlar va o‘lganlar sonini pasaytirib ko‘rsatayotgani gumon qilinmoqda.

Ayrim hukumatlar boshqa joylardagi pandemiya miqyosini oshirib ko‘rsatish orqali o‘z hududidagi muammoni kamaytirishga harakat qilmoqda.

1 aprelda Yevropadagi soxta xabarlarni kuzatib boruvchi tashkilot kremlparast manbalar go‘yo Yevropa Ittifoqi pandemiyaga qarshi kurasha olmayotgani va inqirozga yuz tutishi xususida feyk xabar tarqatish bilan shug‘ullanayotganini ma’lum qildi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hukumatlar pandemiyani jilovlash uchun ko‘proq tibbiy testlar o‘tkazishi kerakligini aytmoqda.

Qo‘shma Shtatlardan olingan ma’lumotlarga qaraganda, ushbu mamlakatda tibbiy test o‘tkazish imkoniyati yaxshilangandan so‘ng koronavirus yuqtirganlik holatlari ko‘plab qayd etila boshlagan.

Lekin bu infeksiya yuqtirganlar soni oshib borayotganini ko‘rsatadimi?Ekspertlar fikricha¸ yo‘q. Testlarning ko‘p o‘tkazilishi koronavirus yuqtirganlar sonini aniqlashga yordam beradi va ularning ko‘p ekanini ko‘rsatadi.

Qo‘shma Shtatlarda testdan o‘tayotganlar soni keskin oshayotgan bo‘lsa, Hindiston boshqacha yo‘l tutmoqda.

Dehli hukumati koronaviurs yuqtirganlikni aniqlash uchun tibbiy test o‘kazishni rad etmoqda. Tanqidchilar¸ dunyoda aholi soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turuvchi bu mamlakatda COVID-19 tibbiy testlar o‘tkazishni cheklash ko‘pchilikning kasallik yuqtirgani aniqlanmay qolib ketishidan xavotir bildirmoqda.

Lekin Hindiston hukumati mamlakatda koronavirus unchalik ko‘p tarqalmayotgani va bunday qilish “ko‘proq qo‘rquv, paranoyya va shovqin” keltirib chiqarishi mumkinligini iddao qilmoqda.

3 aprel holatiga ko‘zra, 1,4 milliard nufusi bor Hindistonda 2500 virus yuqtirganlik va 72 ta o‘lim holati qayd etilgan.

Hukumatlar odamlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni chindan istayotgan bo‘lsa ham, aynan kimlarni test qilish har doim ham aniq bo‘lmasligi mumkin. Chunki har kimning koronavirusga reaksiyasi har xil bo‘lishi mumkin.

Ekspertlarga ko‘ra, koronavirus yuqtirgan 40 foiz odamda umuman uning alomatlari paydo bo‘lmasligi va aynan mana shu toifadagilar pandemiyani hech kimga bilintirmay tarqatishi mumkin.

Hatto mavjud ma’lumotlar koronavirus muammosining aniq manzarasini ko‘rsatib bergan taqdirda ham hukumatlar ularni buzib ko‘rsatishi mumkin.

Masalan¸ o‘tgan yil dekabri oxirida ushbu virus keng tarqalgan Xitoyda 3 aprel holatiga ko‘ra, 82 ming kishi uni yuqtirgani va 3300 kishi o‘lgani aniqlangan.

Solishtirish uchun Qo‘shma Shtatlarda 3 aprel holatiga ko‘ra, 245 ming kishi koronavirus yuqtirgani va 6000 dan oshiq kishi o‘lgani xabar qilindi.

Xitoy bergan ma’lumotlar aniqligiga koronavirus birinchi marta tarqalib ketgan Hubey viloyatining dafn byurolari oldida to‘planib qolgan minglab kuydirilgan jasad kuli solingan idishlar qalashib ketgani ham shubha uyg‘otadi.

AQSh razvedkasining Oq uyga taqdim etgan maxfiy hisobotida, Xitoy koronavirus tarqalishining haqiqiy miqyosini yashirgan, degan xulosaga kelingan.

Yaqin Sharqda koronavirusdan Eron eng ko‘p zarar ko‘rmoqda. 3 aprel holatiga ko‘ra, 50 mingdan oshiq virus yuqtirganlik va 3100 o‘lim holati qayd etilgan. Lekin ekspertlar Eronda senzura mavjudligi sabab kasallik tarqalishining haqiqiy miqyosi yashirilayotganini aytmoqda.

Kornavirus tarqalishini kuzatib, bu haqda kundalik ma’lumotlar berib borayotgan Jons Hopkins universitetiga ko‘ra, 144 million aholisi bor Rossiyada shu kungacha 3500 kishi virus yuqtirgan va 30 kishi o‘lgan.

Ko‘rsatkichlarning bu qadar pastligiga Novosibirsk shahridagi laboratoriyada ishlab chiqilgan va qisqacha “Vektor” deb ataluvchi test qurilmasi kasallikka chalinganlik holatini u ma’lum bir bosqichga yetgandan so‘nggina aniqlashi sabab bo‘layotgani aytilmoqda.

23 martda Moskvadagi koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha tezkor guruh test protokoli o‘zgartirilishini aytdi, lekin bu bayonotning masalaga shubha bilan qarovchilarni ishontira olishi dargumon.

Kreml masalaga shubha bilan qarovchilarni ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri axborot tarqatishda ayblash bilan ovozini o‘chirish yo‘lini tanladi.

Moskva mamlakatda koronavirus tarqalishi miqyosini kamaytirishga urinish bilan qatorda chet ellardagi¸ xususan¸ AQSh va Yevropa ittifoqi davlatlaridagi vaziyatni bo‘rttirib ko‘rsatishga urinmoqda.

Bunday xabarlar tarqalishiga Rossiyaning RT va Sputnik axborot vositalari alohida “hissa qo‘shmoqda”.

XS
SM
MD
LG