Линклар

Шошилинч хабар
21 октябр 2020, Тошкент вақти: 05:07

AQShning BMTdagi sobiq vakili koronavirusga qarshi global miqyosda chora ko‘rilmaganini tanqid qildi


AQShning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi sobiq doimiy vakili Samanta Pauer (arxiv surati).

AQShning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi sobiq doimiy vakili Samanta Pauer koronavirus tarqab ketishiga muvofiqlashtirilgan javob choralari ko‘rilmagani falokatni og‘irlashtirib yuborganini, modomiki, virus dunyoning istalgan burchagida quturayotgan ekan, hech kim undan o‘zini xavfsiz sezishi mumkin emasligini aytdi.

Uning fikricha, insoniyat juda ko‘p voqealardan COVID ga qarshi qo‘llash mumkin bo‘lgan saboq chiqarib olmadi.

AQSh sobiq prezidenti Barak Obama davrida ushbu mamlakatning BMTdagi doimiy vakili bo‘lgan Pauer yirik muassasalar jamoa bo‘lib qaror qabul qilish amaliyotidan zarar ko‘rayotganini aytdi.

Uning fikricha, bunday muammolar BMTda hal qilinadi, “mamlakatlar, ayniqsa, kuchli mamlakatlar olg‘a qadam bosadi, shu bilan global koalitsiyalar tuzilishiga turtki beradi”.

‒ Kelinglar, vaziyatni o‘nglaylik hamda BMT va har bir mamlakat hukumati shunga o‘xshash muammolarni hal etish uchun tashkil etilganini ko‘rsataylik. Kelinglar, tan olaylik, dunyoning biror kunjagida COVID quturayotgan payt hech birimiz xavfsiz bo‘lishimiz mumkin emas, ‒dedi u.

U dunyo ikki marta: Islom davlati va Ebola epidemiyasiga qarshi kurashda xalqaro hamkorlik qilinganini misol qilib keltirdi.

Pauer Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini (JSST) koronavirus inqirozi boshlanishi davrida pandemiya e’lon qilishni kechiktirgani va Xitoyni uning miqyosini yashirgani uchun tanqid qildi.

Shu bilan birga, Pauer AQSh prezidenti Donalmd Trampning JSSTga Qo‘shma Shtatlar ajratadigan a’zolik badali to‘lanishini to‘xtatib turishi haqidagi fikrini ham tanqid qildi.

Pauer bildirishicha, garchi Xitoy boshqa mamlakatlarga turli tibbiy anjomlar yetkazib bo‘layotgan bo‘lsa-da, “global koalitsiya tashkil qila olmaydi” hamda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash uchun yetakchilik qila olmaydi.

Sobiq elchining fikricha, xalqaro tashkilotlarning bunday tahdidlarga qarshi zudlik bilan javob choralari ko‘rishi qiyin bo‘lishi mumkin, biroq unga Qo‘shma Shtatlarsiz javob qaytara olmasligini tasavvur qilib bo‘lmaydi.

− JSSTni tashkil qilishda ishtirok etgan Qo‘shma Shtatlarsiz bu ishni uddalash qiyin. Lekin bu muammoni hal etib bo‘lmasligini anglatmaydi, ‒ dedi Pauer.

XS
SM
MD
LG