Линклар

Шошилинч хабар
26 сентябр 2020, Тошкент вақти: 16:04

Tojikiston: Ekstremizmda gumonlanayotgan jurnalist ustidan mahkama qoldirildi


Jurnalist Daler Sharifov.

Tojikistonda dinshunos jurnalist Daler Sharifov ustidan sud boshqa kunga qoldirildi. “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti avvalroq bu jurnalistga qo‘yilayotgan ayblovlarni “absurd” deb atagan.

Dushanbening Shomansur tuman sudida 13 aprel kuni D. Sharifov ishi yuzasidan mahkama bo‘lib o‘tishi kerak edi, biroq jurnalistning advokati Ozodlikning tojik xizmatiga davlat qoralovchisi kelmagani sababli sud 15 aprelga qoldirilganini bildirdi.

Dushanba kuni sud binosi oldiga mahkama tinglovida qatnashishni istagan ko‘plab jurnalist va faollar yig‘ilgan. Ammo, Sharifovning advokatiga ko‘ra, sudning ochiq yoki yopiq bo‘lishi hozircha ma’lum emas.

Jurnalist Daler Sharifovning sudiga yig‘ilgan jurnalist va faollar, Dushanbe, 2020 yil 13 apreli.
Jurnalist Daler Sharifovning sudiga yig‘ilgan jurnalist va faollar, Dushanbe, 2020 yil 13 apreli.

Siyosiy va diniy mavzularda qalam tebratuvchi 32 yoshli jurnalist joriy yilning 28 yanvarida hibsga olingandi. Politsiya uning Dushanbedagi kvartirasida tintuv o‘tkazib, jurnalistning kompyuteri va kitoblarini musodara qilgan.

Keyinroq Sharifovga milliy, irqiy va diniy adovat qo‘zg‘atganlik yuzasidan ayblov bildirilgan. Bu ayblovlar isbotlangudek bo‘lsa, u 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Tojikiston bosh prokuraturasi o‘z ayblov xulosasida jurnalist 2013 yildan 2019 yilgacha ijtimoiy tarmoqlarda “diniy adovat qo‘zg‘atish”ga qaratilgan “ekstremistik qarashdagi 200 dan ziyod maqola va sharh” e’lon qilganini bildirgan.

Ayni paytda Sharifovning yaqinlari hamda inson huquqlari va so‘z erkinligini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi xalqaro tashkilotlar jurnalistga qo‘yilayotgan ayblovlar asossizligini aytib, uni zudlik bilan ozod etishni talab qilmoqdalar.

Mazkur ayblovlarni “absurd” deb atagan “Chegara bilmas muxbirlar” (RSF) hamda Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ) Sharifovning hibsga olinishi mart oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovi arafasida tanqidchi jurnalistning ovozini o‘chirishga yo‘naltirilganini bildirgan. Zikr etilgan saylovda prezident Emomali Rahmon yetakchiligidagi hukmron partiya g‘alaba qozongan.

Tojikistonlik jurnalist va blogerlarning Yevropa kongressi Sharifovning hibsga olinishini noqonuniy deb atab, uning muntazam ravishda diniy ekstremizm va terrorchilikka qarshi chiqib kelganini urg‘ulagan.

Daler Sharifov 2013 yildan 2019 yilgacha “Ozodagon” onlayn nashri bilan hamkorlik qilgan. Mazkur nashr uzoq yillik bosimlardan so‘ng o‘tgan yili yopilgandi.

Jurnalistning hamkasblari va mahalliy faollar D. Sharifovni dastaklash uchun Feysbukda #FreeDaler xeshtegi ostida fleshmob boshlaganlar.

Sakkiz yil muqaddam Sharifovga hujum uyushtirilgani ortidan u bir necha kun kasalxonada yotib chiqqandi.

Oldinroq Human Rights Watch, Xalqaro Amnistiya, Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hamkorlik, Norvegiya Xelsinki qo‘mitasi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar ham rasmiy Dushanbeni jurnalistni ozod qilishga chaqirgan. Mazkur tashkilotlar avvallari tojik rasmiylarini mamlakatda o‘zgacha fikrlilik va mustaqil ommaviy axborot vositalariga bosim o‘tkazgani uchun bir necha bor tanqid qilgan.

“Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti hisobotiga ko‘ra, Tojikiston matbuot erkinligi reytingida 2019 yili dunyodagi 180 mamlakat orasida 161-o‘rinni egallagan.

XS
SM
MD
LG