Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:41

Turkiyalik faollar deportatsiya markazlaridagi markaziy osiyoliklarning qo‘yib yuborilishini so‘ramoqda


Turkiyadagi deportatsiya markazlaridan biri.
Turkiyadagi deportatsiya markazlaridan biri.

Turkiyadagi Turkistonliklar xalqaro hamkorlik jamiyati koronavirus epidemiyasi kuchayib borayotgani munosabati bilan mamlakatdagi 28 ta deportatsiya markazida ushlab turilgan markaziy osiyolik muhojirlarning qo‘yib yuborilishini so‘rayapti.

Tashkilot koronavirusga qarshi tadbirlar doirasida qamoqxonalardan 90 ming kishi ozod etilishini ko‘zda tutgan qaror loyihasining Turkiya parlamentida ko‘rib chiqilishi boshlanishi ortidan deportatsiya markazida tutib turilgan O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Sharqiy Turkiston vatandoshlarining ham ozod etilishiga umid bog‘lamoqda. Bu markazlarda tutib turilgan o‘zbekistonliklar soniga aniqlik kiritilmagan.

Turkistander jamiyati rahbari Burhon Qovunchi deportatsiya markazida tutib turilganlarning yaqinlari talabi bilan Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Migratsiya boshqarmasiga talabnoma yo‘llagan.

Maktubda jamiyat rahbari shiddat bilan yoyilayotgan virus deportatsiya markazida tutib turilgan muhojirlar sog‘lig‘i uchun ham xavf tug‘dirayotgani va bu holat ularning yaqinlarida tashvish uyg‘otayotganini bildirgan.

Qovunchiga ko‘ra, markazda tutib turilganlarning aksariyati biror-bir jinoyat sodir etmagan, ular faqat mansubi bo‘lgan mamlakatlar rasmiylarining talabi bilangina G-87 xavfsizlik kodi asosida tutib turilibdi.

Siyosiy qarashlari va diniy hayot tarzlari uchun o‘z mamlakatlari tomonidan “radikal” deya ta’riflangan bu odamlar, Turkistander vakillari qaydicha, hech qanaqa terror tashkilotiga a’zo emas va boshqa davlatlar hududidagi urushlarda ishtirok etmagan. Ular haqida hech qanaqa ayblov xulosasi ham, sud qarori ham yo‘q.

Ishlari mahkamada ko‘rilganlardan ko‘pining aybsizligi sud tarafidan isbotlangan va qo‘yib yuborilgan. Biroq mahkama bir necha oylab cho‘zilgani uchun deportatsiya markazlarida tutib turilgan hammaning ham ishi hali sud tomonidan ko‘rib chiqilgani yo‘q. Bu orada epidemiya vajidan markazdagilar va oilalarining xavotiri kundan-kunga ortib bormoqda.

Turkistander jamiyati virus tez tarqalayotgan bir paytda 20 ming kishiga mo‘ljallangan va mohiyatan qamoqxonani eslatuvchi 28 ta deportatsiya markazida bundan-da ko‘p muhojir jamlab tutib turilgani yuzasidan tashvish izhor qilgan va turk rasmiylaridan “pandemiyaning oldini olish chorasi o‘laroq” markazlardagi muhojirlarni qo‘yib yuborishni so‘ragan.

XS
SM
MD
LG