Линклар

Шошилинч хабар
25 сентябр 2020, Тошкент вақти: 11:07

OzodDayjest: Adliya vaziri pandemiya davrida shaxsiy ma’lumotlar himoyasi masalasini ko‘tardi


Adliya vaziri Ruslanbek Davletov.

Vazir R. Davletov karantin davrida ortiqcha majlislarsiz ish samaradorligi oshganini urg‘uladi. Mutaxassislar O‘zbekistonda haroratning ko‘tarilish sur’ati jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha yuqori ekanini aytmoqda. “Surxon” qo‘riqxonasida qora laylaklar borligi aniqlandi.

______________________________________________________________

Vazir: Karantin davrida majlisbozlikka barham berilsa-da, osmon uzilib yerga tushmadi


O‘zbekiston adliya vaziri Ruslanbek Davletov koronavirus pandemiyasi davrida shaxsiy ma’lumotlar himoyasi muhim ekanini ta’kidladi (www.kun.uz, 14 aprel). Dunyo mamlakatlari tajribasidan ma’lumki, koronavirusga chalingan shaxslarni aniqlash maqsadida axborot texnologiyalaridan keng foydalanilmoqda. Adliya vaziriga ko‘ra, kelajakda bu kabi amaliyot qat’iy nazorat ostida va qonunchilikka so‘zsiz rioya qilgan holda amalga oshirilishi lozim. “Har bir fuqaro o‘ziga tegishli shaxsiy ma’lumoti muhofazalanganini his qilib, kafolatini sezib yashashi lozim”, deya ta’kidlaydi R. Davletov.

Vazirning qayd etishicha, karantin davrida O‘zbekiston davlat idoralarida ortiqcha majlislarga barham berilsa-da, ishlar to‘xtab qolmadi, aksincha ish samaradorligi oshdi, byurokratiya va qog‘ozbozlik kamaydi.

“O‘zgidromet”: O‘zbekistonda haroratning ko‘tarilish sur’ati jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha yuqori


O‘zbekiston hududi bo‘yicha havo harorati o‘zgarishlari baholandi. Bu haqda “O‘zgidromet” idorasiga tayanib bir qator matbuot nashrlari xabar beradi. Kuzatuvlar boshlangan vaqtdan 2019 yilgacha o‘rtacha yillik haroratning o‘zgarishi tahlili shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistonda haroratning ko‘tarilish sur’ati global miqyosda kuzatilayotgan o‘rtacha sur’atdan ancha yuqoridir.

Havoning o‘rtacha yillik harorati ko‘tarilishining eng katta ko‘rsatkichi Toshkent, Samarqand, Farg‘ona kabi yirik shaharlarda qayd etilgan. Bunga qo‘shimcha urbanizatsiya ham ta’sir etgan bo‘lishi mumkin.

2019 yilda respublika hududining katta qismida o‘rtacha yillik harorat me’yordan 1,6-2,3 darajaga, Orolbo‘yi hamda cho‘l zonasida esa me’yordan 2,9-3,1 darajaga yuqori bo‘ldi.

Soha olimlari buni ikki omil – iqlim isishiga olib keluvchi El-Ninyo hodisasi hamda uzoq muddatli iqlim o‘zgarishi bilan tushuntirmoqda.

“Surxon” qo‘riqxonasida kamyob qora laylaklar borligi aniqlandi


“Surxon” davlat qo‘riqxonasi hududida Qizil kitobga kiritilgan tabiatan kamyob tur – qora laylaklar borligi aniqlandi (www.xabar.uz, 16 mart). Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga ko‘ra, qora laylaklarning bahorgi uchib o‘tishi fevralь-mart oylarida kuzatiladi. Jonivorlar qoya va jarliklarda uyalab, aprel-may oyida 2-5 ta tuxum qo‘yadi. Poloponlari iyunь-iyul oyida ucha boshlaydi. Kuzgi uchib o‘tishi avgust-sentabr oylarida kuzatiladi. Ular mayda baliqlar, qurbaqalar, sudralib yuruvchilar va umurtqasizlar bilan oziqlanadi.

Hisob-kitoblarga qaraganda, Qurama tog‘ining shimoliy yonbag‘irlarida qora laylaklardan 4-5 juft, Chotqol tog‘ida 10 juft, Sheroboddaryoda 1 juft va “Surxon” davlat qo‘riqxonasida 10-12 juft atrofida uyalaydi.

Qora laylaklarni ovlash taqiqlangan. Tog‘ qo‘riqxonalari va milliy tabiat bog‘lari ham muhofaza ostiga olingan.

XS
SM
MD
LG