Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:53

“Qo‘yliq” dehqon bozoridagi mavsumiy meva-sabzavot rastalari ogohlantirishsiz buzib tashlandi


Ayollar o‘rtasida turgan qora kiyimli erkak o‘zini "hokimiyat vakili Sanjar" deb tanishtirgan.
Ayollar o‘rtasida turgan qora kiyimli erkak o‘zini "hokimiyat vakili Sanjar" deb tanishtirgan.

18 aprel kunning ikkinchi yarmida Toshkent shahar Bektemir tumanida joylashgan “Qo‘yliq” dehqon bozorining mavsumiy meva-sabzavot sotiladigan rastalari¸ guvohlarning Ozodlikka aytishicha¸ “urush maydoni”ga aylandi.

Ozodlik gaplashgan savdogarlarning aytishicha¸ tuman hokimligi va bozor ma’muriyati mulozimlari bu yerda savdo qilayotgan yuzlab tadbirkorga rastalarning dezinfeksiya qilinishini aytib¸ mahsulotlarini o‘rab¸ chetga chiqib turishni so‘ragan.

Voqeaning bevosita ishtirokchilariga ko‘ra¸ savdogarlar chetga chiqishi bilan o‘nlab zarg‘aldoq nimcha kiyganlar rastalar ustiga chiqib¸ ularni buzishga kirishgan¸ bu paytda Milliy gvardiya askarlari tadbirkorlarni qurshab turgan.

Bir necha soat davom etgan favqulodda amaliyot oqibatida maxsus ruxsatnoma bilan bu yerda savdo qilayotgan xususiy tadbirkorlarning millionlab so‘mlik meva va sabzavoti¸ buzib tashlangan rastalar bilan birga axlatga tashlangan; bahorgi sabzavotlar tayyor bo‘lgan ayni mavsumda¸ ularni sotib tirikchilik qilib kelgan yuzlab tadbirkor daromad manbaidan ayrilgan.

Ozodlik hukumat karantinda saqlanayotgan aholini birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash majburiyati ostida qolgan ayni kunlarda sodir etilgan bu voqea yuzasidan izoh so‘rab Bektemir tuman hokimligi mulozimlari bilan bog‘landi.

Hokim yordamchisi va hokimlik matbuot kotibi voqea tafsilotlaridan bexabarligini aytish va 20 aprel kechqurun hokimlik Telegram kanalida rasmiy izoh berish ehtimolini tilga olish bilan cheklandi.

“Kuppa-kunduz kungi bosqinchilik»

«Qo‘yliq» dehqon bozorining mavsumiy meva-sabzavot uchun ajratilgan qismida savdo qilib kelganlar¸ Ozodlik bilan suhbatda¸ 18 aprel kungi voqeani shunday ta’rifladi.

Ularning aytishicha¸ hokimlik va bozor mutasaddilari¸ shuningdek¸ pogonli mulozimlar Milliy gvardiya¸ ichki ishlar va zarg‘aldoq niqob kiygan o‘nlarcha xizmatchi hamrohligida tushki soat 4 lardan keyin 300 ga yaqin tadbirkor savdo qilib kelgan mavsumiy bozorga kirib kelgan.

- Rosa ko‘pchilik bo‘lib kelishdi. Orasida bir necha yulduzchali pogonlilar ham bor edi. Bizga koronavirusga qarshi dezinfeksiya qilamiz¸ mahsulotlaringizni aravalarga ortib rastalardan olinglar¸ yoki ular ustini sellofan bilan o‘rab¸ o‘zlaringiz chetga chiqinglar¸ deyishdi. Biz chetga o‘tishimiz bilan¸ oranjeviy kamzul kiyganlar rastalarga svarka mashinalari bilan¸ chiqib¸ buzishni boshladi. Qiy-chuv bo‘p ketdi¸ ko‘pchilik rastasini¸ molini himoya qilmoqchi bo‘ldi. Odam bormi-yo‘qmi deb o‘tirmasdan¸ hayotimizni xatarga qo‘yib¸ buzib tashlayverdi. Bizni Milliy gvardiya ushlab turdi¸ deydi hokimiyat bosimidan cho‘chigani bois ismini ochiqlamasdan gapirgan savdogarlardan biri.

Voqeaning Ozodlikka yuborilgan video va audioyozuvlaridan¸ 18 aprel kuni “Qo‘yliq” bozoridagi mavsumiy rastalarning buzilish jarayonining keskin norozilik va tortishuvlar fonida amalga oshirilgani anglashiladi.

Audioyozuvdagi ayollardan biri 15 million so‘mlik moliga kuyganini aytib yig‘lasa¸ boshqasi¸ qop-qop bulg‘or qalampiri¸ karam va ko‘katlari “uvol” ketganini aytib qichqiradi.

Voqea ortidan Ozodlik bilan gaplashgan tadbirkorlar¸ 18 aprel kuni 200 ga yaqin savdogarning millionlab so‘mlik mahsuloti buzilgan rastalarga qo‘shilib¸ chiqitga chiqqanini bildirdi.

Biz o‘z tomorqamizdagi sabzavotdan tashqari¸ boshqa dehqonlarning moliniyam tirikchilik uchun sotib beramiz. Ulardan qop-qop narsa olganmiz¸ pulini berishimiz kerak. Lekin 4 millionlik molimdan qutqarib qolganim bir arava narsa bo‘ldi. Ertasiga uni 300 ming so‘mga sotdim. Qolgan molim uvolga ketdi”¸ dedi Ozodlik 20 aprel kuni gaplashgan savdogarlardan biri.

Mavsumiy rastalar nega buzildi?

Ozodlik 18 aprel kuni “Qo‘yliq” bozorida arzon mavsumiy mahsulot sotiladigan rastalar nega to‘satdan buzib tashlandi¸ degan savolga bozor ma’muriyati¸ shuningdek¸ bozor joylashgan Bektemir tuman hokimligidan javob olishga urindi.

20 aprel kuni Ozodlik bog‘langan mulozimlarning barchasi o‘zlarining “masofaviy ish rejimiga” o‘tgani va voqeadan bexabarligini aytdi. Bektemir tuman hokimligi matbuot kotibi esa¸ hokimlik Telegram kanalini kuzatish va shu kanalda voqea yuzasidan “kechga yaqin rasmiy bayonot” berilishini bildirdi. Kun davomida bunday bayonot e’lon qilinmadi.

Ozodlikka taqdim etilgan audioyozuvlarda norozilik bildirayotgan savdogarlarning ayni savoliga mulozimlarning aniq javob berishdan qochgani tushuniladi.

Rastasi va ulardagi mahsulotlari axlatga chiqarilgan savdogar ayollarning “Bizni eshitadigan bormi?” degan qichqirig‘iga “ man eshitaman silani” deb javob qilgan shaxs¸ o‘zini hokimiyat vakili Sanjar deb tanishtiradi.

“Rastalarimizni nega oldindan ogohlantirmay turib buzyapsizlar?” degan savolga “hokimiyat vakili” avvaliga:

- Bizani vazifamiz bozorri hududida markazlashgan kiradigan joy qilganmiz. Dezinfeksiyadan odamla o‘tib kirvotti. Shu uchun¸ mammi darvozani yopamiz¸ siz sovdoyizzi qilasiz¸ deb javob beradi.

Rastalar buzilishini “sanitariya talablariga javob bermaslik” bilan izohlagan bu shaxs¸ ko‘p o‘tmay¸ yong‘in xavfsizligini ro‘kach qilishga o‘tadi.

- Yer do‘vlattiki. Bu pojarniy vxod. Bozorda yong‘in bo‘sa¸ favqulodda holat bo‘sa¸ maxsus moshinada odam kirishi uchun joy bu¸ deydi savdogarlar qiy-chuvi ostida gapirgan “hokimiyat vakili Sanjar”.

Hokimiyat va kuchishlatar tizimlari zo‘ravonligiga norozilik bildirgan ayollar bilan suhbatda ayni shaxs¸ ularga savdosini davom ettirish uchun bozor ichkarisidan joy taklif qiladi.

Ammo ayollardan biri¸ bu taklifning “navbatdagi yolg‘on” ekanini aytadi.

Karantin uyda o‘tir¸ deganiga uyda o‘tirdim. Bir og‘iz ogohlantirmasdan¸ narsalarimni musorga tashladinglar. Nega bir kun oldin ogohlantirmadinglar¸ endi sanitarka qoidasiga rioya qilmayapsizlar¸ deb aytyapsiz. Ichkarida amal qilyaptimi¸ bir metrdan tiqilib o‘tiriptiku o‘shalar hamyu Hech kim hech kimga joyini bermaydi bozorda. Bizga joy qilib berolmaysiz. Oldin bizga joyni chiroyli qilib tayyorlab¸ keyin qilsangiz bo‘lmasmidi bu ishni. Ikki metrlik masofa saqlab¸ mollarimizni salofan bilan to‘sib¸ karantinda chip-chiroyli o‘tirgandikku”¸ deydi hokimiyat vakili bilan tortishgan ayol.

O‘zi bilan tortishganlarni davlatga qarshi bosh ko‘targanlikda ayblagan Sanjar ismli shaxs¸ yonidagi gvardiyachilar “hokimiyat vakilini gapini bo‘lmalaring”¸ deb baqirganidan so‘ng:

- Bir kunga kechagi xarajatni sotishga ruxsat beramiz. Qogan kuni ikkita bozorimiz bor¸ ana optomga borib¸ joy olingda¸ o‘shatta soting”¸ deydi va bizga kim joy beradi¸ deb baqirganlarni “ Man beraman sizga joy¸ man beraman¸ deb tinchlantirishga urinadi.

Ozodlik suhbatlashgan savdogarlar 19 aprel kuni bir kun oldingi reyd va buzilishlardan qolgan mollarini sotishga ruxsat berilgani¸ hozirda esa hamma yana uy-uyida o‘tirishga majburligini bildirdi.

Rastalar buzilishining asl sababi ochiq aytilmadi

Savdogarlarning rastalarning karantin paytida oldindan ogohlantirilmasdan maxsus reyd orqali buzilish sababiga hokimiyat vakili aniq javob bermagan bo‘lsada¸ Ozodlikka yuborilgan audioyozuvlarda¸ rastalarni buzishga bosh-qosh bo‘layotganlardan biri¸ asl sababga oydinlik kiritadi.

Biz bu yerga o‘zimizcha kelib¸ buzayotganimiz yo‘q. Hokimiyat qaror chiqarib qo‘yipti¸ buzilsin¸ degan. Bu joy stoyanka bo‘ladi. Baqir-chaqir qilganingizdan¸ prezidentga borganingizdan foyda yo‘q. Ana hokimning o‘zi shu yerdaku¸ buzilishlarning tepasida turipti¸ yonida hamma rahbarlar”¸ deydi yig‘lab turib¸ rastalarini buzmaslikni so‘rayotgan ayollarga javoban mulozimlardan biri.

Ozodlik gaplashgan savdogarlar¸ “Qo‘yliq” dehqon bozorining yillardan beri mavsumiy meva-sabzavot sotiladigan rastalari joylashgan hududning hokimiyat tomonidan “xususiy tadbirkor”ga pullab yuborilgani haqida ko‘pdan gap yurganini tasdiqladi.

U odam bir necha marta kelib¸ bu mani joyim¸ bo‘shatib beringlar¸ degan. O‘tgan yili bizni haydashmoqchi bo‘lishganida¸ Ozodlikka chiqqandik¸ shundan so‘ng to‘xtatib qo‘yishuvchi. 18 aprel kuni o‘sha odam ham bor edi. 500-600 odam oila boqib kelgan joyni yana bitta boyvachchaga sotib¸ shuncha odamning uvoliga qolishdan qo‘rmaydi bu hokimiyatdagilar. Mirziyoyev Bosh vazir paytida bizga bu joy buzilmaydi¸ deb va’da qilgan edi. Hozir prezidentning koronavirus bilan ovoraligi¸ odamlarning karantindaligidan foydalanib¸ bular bizni zo‘ravonlik bilan haydab solishdi”¸ deydi bozorda savdo qilib kelganlardan biri.

O‘zbekiston bozorlaridagi avtoturarohlar¸ aksar davlatlardagidan farqli¸ pullik va bu hududlar kattagina daromad manbai hisoblanadi. Marhum prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova 2012 yili Twitter sahifasida Toshkentdagi kamida 20 ta bozordagi avtorurargoh¸ qolaversa¸ bu bozorlar hududidagi 300 dan oshiq hojatxonaning o‘z kuëviga qarashli ekanini yozgan edi.

Hokimiyat o‘zgarganidan so‘ng bu mo‘may daromad keltiruvchi hududlarning yana oliy hokimiyatga yaqin shaxslar nazoratiga o‘tgani aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG