Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:41

"Oylikchi prokurorlarga 5 tagacha kambag‘al oilani 3 oy boqish topshirildi - korrupsiyaga to‘g‘ri yo‘lmi bu?"


17 aprel kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi rasmiy saytida karantin sharoitida aholini ijtimoiy himoya qilish hamda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha prokuratura organlarining dolzarb vazifalariga bag‘ishlangan audioselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berildi.

Bu yig‘ilishda¸ rasmiy xabarga ko‘ra¸ ayniqsa, yordamga muhtoj, yakka-yolg‘iz, ishsiz fuqarolarni ijtimoiy himoyalashga e’tiborni kuchaytirish zarurligi ta’kidlangan.

"Jumladan, prokurorlar sektorlarida og‘ir turmush sharoitidagi hamda karantin davrida vaqtinchalik daromad manbaini yo‘qotgan 5 mingta oilaga prokuratura organlari tomonidan moddiy yordam ko‘rsatishni tashkil etish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab berildi"¸ deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

20 aprel kuni prezident Mirziyoyev ham joriy pandemiya davrida kambag‘allarga yordam berish maqsadida “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surdi.

Yaqin kunlarda barchamiz uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyi kirib keladi. Bu oyda ehtiyojmand va muhtoj oilalarga yordam ko‘rsatish ham qarz, ham farzdir. Shuning uchun ushbu muqaddas oyda har bir tadbirkor o‘zi faoliyat yuritayotgan hududda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini, avvalo mahalladoshlari, qo‘ni-qo‘shnilarini faol qo‘llab-quvvatlashi maqsadga muvofiq, deb iqtibos keltirdi Mirziyoyevdan prezident matbuot xizmati.

"Imkoniyatidan kelib chiqib, qaysidir tadbirkor bir oyda misol uchun, 10 ta, boshqa biri esa 20 ta oilaga ko‘maklashishi, eng muhimi muhtoj oilalar a’zolarini ishga jalb qilishi mumkin. Davlat tomonidan o‘z navbatida bunday tadbirkorlarga soliq, lizing, kredit to‘lovlari, zarur resurslar bilan ta’minlash bo‘yicha turli imtiyoz va preferensiyalar beriladi. Ya’ni, bu aholiga davlat tomonidan tadbirkorlik subyektlari orqali ko‘rsatiladigan saxovat va ko‘mak bo‘ladi"¸ degan prezident jumladan.

Ozodlikka 22 aprel kuni O‘zbekiston prokuraturasi xodimidan kelgan maktubda yozilishicha¸ avvaliga tadbirkorlarning muhtojlarga moddiy yordamini tashkil etishga mas’ul etib belgilangan prokuratura xodimlariga¸ prezidentning bu da’vati ortidan¸ kambag‘allarni o‘zlari boqish buyurilgan.

"O‘zi davlatdan oylik olib yashayotgan prokurorga beshtagacha kambag‘al oilani qaysi puliga boqsin¸ pora olsinmi yana?"deydi ko‘p yillardan beri prokuraturada ishlayotganini aytgan maktub muallifi.

Ehtimoliy bosim sababli shaxsi sir tutilishini so‘ragan prokuratura xodimining jamoatchilikka murojaati tahrirsiz chop etilmoqda. Imlo va stilistika muallifniki.

***

Biz har qancha fanda qo‘lga kiritilgan yutuqlar evaziga yuksalgan bo‘lsakda, birgina koronavirus pandemiyasi bizga yana bir bor tabiat kuchlari oldida ojiz ekanligimizni, inson sifatida o‘z oldimizga qo‘ygan maqsad va vazifalarimizni, xayot tarzimizni qayta ko‘rib chiqishimiz shart va lozimligini tasdiqlamoqda.

Hozirda dunyoning buyuk iqtisodga ega bo‘lgan AQSh, Buyuk Britaniya va boshqa rivojlangan davlatlari ham aslida pandemiya oqibatlariga tayyor emasliklarini kasallikdan vafot etgan shaxslarning soni, butun dunyodagi iqtisodiy inqiroz ham yaqqol ko‘rsatmoqda.

Mazkur inqiroz fonida bugun yurtimizdagi barcha ommaviy axborot vositalarida pandemiyaga qarshi kurashish shtabi a’zosi X.Oqilovning “O‘zbekiston koronavirus bo‘yicha har qanday ssenariyga tayyor” degan so‘zlari yozilmoqda.

Aslidachi? Aslida O‘zbekiston haqiqatda koronavirus oqibatlari bilan kurashishga qay darajada tayyor?

Dunyoning kuchli kapitalistik davlatlari ham inqirozga yuz tutayotgan hozirgi vaqtda, Markaziy Osiyoda joylashgan, iqtisodiy imkoniyatlari unchalik ham yuqori bo‘lmagan O‘zbekistonning mazkur pandemiya bilan kurashish, fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash, aholining harid qobiliyatini ushlab turish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qanday rejalari mavjud.

Albatta, Sherzod Qudratxo‘jayev aytganidek, “fuqarolarga narsalarni tekinga bermaslik kerak” degandek rejadan ortiq bo‘lmasa kerak menimcha.

Yoki 2008-2009 yillardagi butun jaxondagi iqtisodiy inqiroz ba’zi bir qo‘shtirnoq ichidagi iqtisodchilar aytganidek, O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’sir qilmagani kabi, koronavirus ham bizni sindira olmas. Shuning uchun bizga reja kerak bo‘lmas balkim.....

Mavzudan chetlashmagan holda bugun men hozirgi pandemiya sharoitida O‘zbekistonning qudratli huquqni muxofaza qiluvchi organlaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan amalga oshirilayotgan “ijobiy ishlar” haqida so‘z yuritmoqchiman.

Qani prokurorlar pandemiya oqibatlarini yumshatish uchun qanday choralarni amalga oshirmoqdalar.

Albatta ko‘plab ommaviy axborot vositalarida yozilganidek Bosh prokuratura xodimlari o‘zlarining bir kunlik maoshlarini majburiy tartibda koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha tuzilgan maxsus fondga o‘tkazib berishdi.

Shuningdek, kuni kecha og‘zaki tartibda Bosh prokurorimiz barcha prokuratura xodimlariga 2 nafardan 5 nafargacha kam ta’minlangan oilalarni 3 oy muddatga moddiy jixatdan ta’minlash bo‘yicha topshiriq beribdi.

O‘rtacha hisoblaganda uch nafar farzandli bir oila “Xalq demokratik partiyasi” rahbari U.Inoyatov aytganidek 1 oyda 2,5 mln. so‘mlik oziq-ovqat savatchasiga ega bo‘lsa, bir nafar xodim 2 ta oilani bir oy davomida ta’minlash uchun 5 mln. so‘m, 3 oy davomida ta’minlash uchun 15 mln. so‘m xarajat qilishiga to‘g‘ri keladi.

Xo‘sh, prokuratura xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqi aslida 4,5 mln. 5 mln. so‘m atrofida bo‘lsa, ular 3 oy davomida 2 tadan oilani ta’minlash uchun kerak bo‘ladigan 15 mln. so‘m mablag‘larni qayerdan oladi?

Albatta, savob ishni har kim har kuni qilishi kerak, biroq kaltakning ikkinchi uchi ham mavjud.

Agar oylik ish haqlarini mazkur savobli ish uchun sarflashmoqchi bo‘lishsa, o‘zlarining oila a’zolari qaysi daromadlari hisobiga 3 oy davomida ta’minlaydilar. Korrupsiyaga qo‘l uradimi?

Shu kabi oxiri o‘ylanmagan tashabbuslar shusiz ham inqiroz yoqasida turgan iqtisodiyotni korrupsiya natijasida yanada o‘nglab bo‘lmas holatga keltirmasligiga kim kafolat beradi?

Bundan tashqari, ko‘pchilikka ma’lum bo‘lmasa kerak, hurmatli Bosh prokurorimizning tashabbuslari bilan prokuratura tizimidagi 50 foiz xodimlar “karantin” e’lon qilinganidan so‘ng ixtiyoriy va majburiy holatda, o‘z hisoblaridan mehnat ta’tiliga chiqarilgan. Shuningdek, hududiy prokuraturalarda ta’tildagi xodimlarning xizmat guvohnomalari olib qo‘yilgan.

Xodimlarga nisbatan xizmat guvoxnomasini olib qo‘yishdek qat’iy choralarni ko‘rilishidan qanday maqsad ko‘zlangan? Albatta ta’tildagi xodimlarni sababsiz ko‘chaga chiqishini oldini olish, ularni va ularni oila a’zolarining sog‘lig‘ini himoya qilish menimcha.

Biroq, hududiy prokurorlar tomonidan Bosh prokurorning mazkur talablari to‘g‘ri tushunilganmi? Xayotga to‘g‘ri tatbiq qilinmoqdami? Majlisbozlik, qog‘ozbozlik kabi byurokratik tizim qoldiqlariga barham berilganmi?

Yo‘q, albatta.

Misol tariqasida 2020 yilning 22 aprel kuni soat ertalabki soat 07.00 da Andijon viloyat prokurori G‘ayrat Fozilov tomonidan barcha Andijon viloyat prokuraturasi tizimida ishlovchi va mehnat ta’tilida bo‘lgan 100 dan ortiq xodimlar Xo‘jaobod tumanidagi paxta tozalash punktida bo‘ladigan majlisga xizmat kiyimida yetib kelishi talab qilingan. (Bundan ko‘zlangan maqsad ma’lum qilinmagan).

Endi asosli savol tug‘iladi?

Xo‘p, butun dunyoda aholiga ko‘chaga chiqishi cheklangan vaqtda “mard” bo‘lib xodimlarni o‘zlarining hisobidan mehnat ta’tiliga chiqaribsizlar. “Mard” bo‘lib ularning xizmat guvohnomalarini olib qo‘yibsizlar, endi nima sababdan G‘.Fozilov kabi rahbarlar ta’tildagi xodimlarni majlisga chaqirtirmoqda.

Albatta¸ barcha ta’tildagi 100 dan ortiq xodimlar Xo‘jaobod tumani hududida yashamaydi. Xo‘sh, ko‘chalarga faqat oziq-ovqat va tibbiy buyum zarurati bo‘lgandagina chiqilayotgan hozirgi vaqtda, xodimlar xizmat guvoxnomalari bo‘lmagan holatda qanday qilib, Andijon shahar markazidan 30 km masofada joylashgan Xo‘jaobod tumaniga yetib bora oladi?

Xodimlar o‘zlarining shaxsiy avtomobillarida yursa va karantin postlarida xizmatni o‘tayotgan IIB xodimlariga qanday sababni asos sifatida ko‘rsatadi?

Balkim IIB xodimlariga asosli sababni ko‘rsata olmaganliklari, xizmat guvohnomasi bo‘lmaganligi uchun “Bosar-tusarini bilmagan deputat” singari “Bosar-tusarini bilmagan prokuror” nomli videorolik ham chiqarilar? A labbay? Yoki Respublika maxsus komissiya tomonidan chiqarilgan talabni buzmaslik uchun piyoda yetib borishlari kerakmikin?

Yoxud, xurmatli G‘ayrat Fozilovning majlis davomida so‘zlaydigan nutqlari xodimlarning sog‘lig‘idan ham muhim ma’noga egamikin.

Balkim G‘.Fozilov butun dunyodagi kapitaliktik mamlakat rahbarlari ham koronavirusga chalinayotgan vaqtda, prokuratura xodimlari majlisga yig‘ilgan vaqtda ularga koronavirus yuqmasligini kafolatini beradigan “antivirus” topgandur.

Men bu tizimda ko‘pdan buyon ter to‘kib kelmoqdaman. Ammo tobora, berilayotgan og‘zaki buyruqlar, boshliqlarning o‘zboshimchaligi tizimni tark etishdan boshqa yo‘lni ko‘rsatmayapti.

Yozganlarimni atay o‘tirib, kecha kompyuterda obdon o‘ylab yozishga kirishdim, sababi ichim og‘ridi bularni qilayotgan ishlaridan. Nega endi xodimlar o‘z haqidan ehson qilishi kerak? Bu korrupsiyaga to‘g‘ri yo‘lku. Prokuratura xodimi qayerdan oladi bu pulni degan savol nega ko‘ndalang bo‘lmaydi? Hammada noto‘g‘ri tushuncha o‘rnashgan bizning ishxona haqida, ammo u damlar o‘tib ketgan, hozir ortiqcha nafas olganni qamoq kutmoqda, buni hamma xodimlar yaxshi biladi!

Biz xam oddiy insonmiz, shu davlatning ravnaqi yo‘lida xizmatdamiz. Hatto ta’tilga chiqarilgan xodimlarni guvohnomasigacha olib qo‘yib, ketidan majlisma majlis yugurtirish bilan ovora. Pandemiya, karantin deyilgani bilan, biz hamon majlisma majlis yurishga chaqirilmoqdamiz. Nima¸ bizda osobiy vaksina bormi? Bola chaqamiz, ota onamizning hayotini xavf ostiga qo‘yganimizni ertaga bu boshliqlar biladimi? Albatta yo‘q. Siz bilan bo‘lishgan ma’lumotlarim bugungi prokuratura tizimi xodimi hayotining kichkina bir qismi.

Bee’tibor bo‘lmaysizlar degan umiddamiz!

22 aprel¸ 2020 yil

Eslatma​: OzodMaktub rukni ostida chop etiladigan fikrlar muallifning shaxsiy qarashlari ifodasidir. Bu ruknda berilgan materiallar mualliflari qarashlari Ozodlik qarashlariga mos kelmasligi mumkin.​

XS
SM
MD
LG