Линклар

Шошилинч хабар
27 сентябр 2020, Тошкент вақти: 21:49

Oliy Majlis deputatlari O‘zbekistonning YOIIga a’zo bo‘lish ehtimolidan cho‘chimoqda


Oliy Majlis binosi.

"Hukumatning YOIIga a’zo bo‘lish rejasi “2030 yilgacha O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish konsepsiyasi”ga kiritilgan hamda a’zo bo‘lish uchun muzokara jarayoni 2022 yilda boshlanishi va 2025 yilda a’zo bo‘lish bilan tugallanishi kerak edi.Hukumatning a’zolikka yo‘nalish olishi uchun yetarli vaqti bor va ushbu jarayonda ko‘p narsa o‘zgarib ham ketishi mumkin" deb yozdi tahlilchi Umida Xoshimova kuni kecha The Diplomat nashrida e’lon qilingan maqolasida.

Quyida maqolani to‘liq o‘qishingiz mumkin.

***

Ilgari munozaralar yoki qarshi fikrlar bildirilmaganiga qaramay, O‘zbekiston parlamenti a’zolari hukumatning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YOII) kirish rejasini yoqlamadi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 6 martda Toshkentning YOIIga kuzatuvchi sifatida kirishiga ariza berishini tasdiqlagandan so‘ng o‘tgan haftaga kelib, parlament so‘nggi rozilik berish oldidan ushbu masala muhokamasini boshladi.

Bundan bir necha oy oldin¸ parlament¸ ittifoq majlislarida qatnashish vakolatini bergan holda¸ iqtisodiy majburiyat yoki imtiyoz bermaydigan kuzatuvchi maqomini tilga olmagan holda¸ O‘zbekistonning Yevrazesga a’zoligini bir ovozdan ma’qullagan edi.

Dekabrda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan parlament saylovi oldingi saylovoldi tortishuvlaridan farqli shov-shuv va yirik tafovutlarga qaramay, 2014 yildagi saylovga o‘xshash tarzda hukumatni yoqlovchi partiyalarning ayni muvozanati bilan yakun topdi.

Lekin o‘tgan haftada deputatlar O‘zbekistonning YOIIga potensial a’zoligi yuzasidan xavotirlar izhor qildi. Go‘yo ularga fikrini erkin bildirish uchun ruxsat tekkandek.

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi O‘zbekistonning YOIIga a’zo bo‘lishi mamlakat sanoatiga 2 milliard AQSh dollarilik potensial zarar keltirishi mumkinligini aytdi.

“Milliy tiklanish” demokratiya partiyasi vakili, deputat Farhod Zayniyev ham ayni ma’lumotni keltirdi va 100 mingdan oshiq ish o‘rinlari qisqarib ketishini qo‘shimcha qildi.

“Adolat” partiyasi xavotir bildirgan boshqa masalalar YOIIga a’zo davlatlarning chet el savdosida mustaqil muvofiqlashtiruvchi kuchning yo‘qligi, YOIIga a’zo davlatlar faoliyatini tartibga soluvchi qoidalarga amal qilinishi sustligi, ziddiyatlarni hal etishi kerak bo‘lgan tartib-qoidalarning noizchil qo‘llanishi, shuningdek, YOIIning eng yirik a’zosi Rossiyaning xalqaro sanksiyalar ostida qolayotganidan iborat bo‘ldi.

Barchasi “Adolat” partiyasidan bo‘lgan alohida deputatlar va hamma ayollar ham xavotir bildirdi. Gulbahor Saidg‘aniyeva YOIIda yagona kuzatuvchi mamlakat bo‘lmish Moldovaning so‘nggi ikki yillik tajribasini O‘zbekiston hukumati o‘rganib chiqdimi, O‘zbekistonning pirovard a’zoligi Xitoy, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlardan jalb etilayotgan investitsiyalarga qanday ta’sir ko‘rsatadi, deya savol berdi. U yana kichik mamlakatlar yetakchi mamlakatning (Rossiyaga ochiq ishora qilib) shartlariga rozi bo‘lishi, ishtirokchi mamlakatlar milliy valyutalari qiymatining yuksak darajada tebranishi va buning O‘zbekistonga ta’siri, Rossiyaga nisbatan qo‘llanayotgan iqtisodiy sanksiyalar oqibatida chet el investitsiyalarining O‘zbekistonga qiziqishi yo‘qolishi tendensiyasi – tamoyilidan tashvishlanayotganini aytdi.

Maxfirat Xushvaqtova a’zolikning boshqa salbiy jihatlari xususida gapirdi. Birinchidan, uning ta’kidlashicha, YOIIga kirmaydigan mamlakatlardan olib kelinayotgan narxi baland tovarlar umumiy miqdori 63 milliard dollar bo‘lgan mavjud 361 ta chet el investitsiyalari loyihasiga xalaqit berishi mumkin. Ikkinchidan, YOIIga a’zo mamlakatlar O‘zbekiston uchun emas, akchincha, O‘zbekiston YOIIga a’zo boshqa mamlakatlar uchun jozibador bozorga aylanib qolishi mumkinligini muammo deb atadi.

Dilrabo Xolboyeva iqtisodiy xavotirlar ro‘yxatini davom ettirib, YOIIga a’zo mamlakatlar uchun shartlar teng emasligini, go‘shtning narxi oshib borayotganini, O‘zbekiston infratuzilmasini YOII standartlariga moslashi uning zimmasiga moliyaviy yuk bo‘lib turishini aytdi. U O‘zbekiston dastlab Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi, keyinchalik YOIIga a’zolikni o‘ylab ko‘rishi kerakligini ta’kidladi.

Yuqorida sanab o‘tilgan xavotirlar kutilmagan hol bo‘ldi, chunki 2019 yil dekabrida Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Vladimir Tyurdenev saylov oldidan uyushtirilgan maxsus brifing chog‘ida shu haqda savol berganda, ayni shu partiyalar YOIIga a’zolikni bir tomonlama yoqlagan va O‘zbekistonning unga a’zoligiga qarshi chiqmagan edi.

Hukumatning YOIIga a’zo bo‘lish rejasi “2030 yilgacha O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish konsepsiyasi”ga kiritilgan hamda a’zo bo‘lish uchun muzokara jarayoni 2022 yilda boshlanishi va 2025 yilda a’zo bo‘lish bilan tugallanishi kerak edi.

Hukumatning a’zolikka yo‘nalish olishi uchun yetarli vaqti bor va ushbu jarayonda ko‘p narsa o‘zgarib ham ketishi mumkin. Partiyalar va alohida deputatlarning fikri hukumatning belgilab olingan yo‘liga qanchalik ta’sir ko‘rsatishi hozircha aniq emas.

Turli partiyalar O‘zbekistonning kuzatuvchilik maqomini tasdiqlashni boshladi, pirovardida parlament buni tasdiqlasa kerak. Shunga qaramasdan, O‘zbekistoning YOIIga a’zoligi oqibatida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy va siyosiy xatarlar borasida hukumat amaldorlari o‘rtasida ilgari kuzatilmagan tortishuvlar kelib chiqmoqda. Eng muhimi, ushbu tortishuvlar iqtisodiy sohadan tashqariga chiqmoqda. Xavotirlar to‘lqini so‘nggi oylar davomida bildirilgan ijodiy fikrlar bilan baravarlashadi va hukumatning YOIIga kirish borasidagi qat’iy pozitsiyasiga qarshi bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG