Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:12

Andijonda aholini yarim tunda saharlikka uyg‘otadiganlar paydo bo‘ldi. Mahalliy kanal ularni maqtab chiqdi (VIDEO)


Hovlilar o‘rtasidagi tor yo‘lakda turgan yigit tungi soat 2:30 larda odamlarni saharlikka uyg‘otmoqda.
Hovlilar o‘rtasidagi tor yo‘lakda turgan yigit tungi soat 2:30 larda odamlarni saharlikka uyg‘otmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari ham o‘tgan hafta Islomda farz qilingan amallardan biri - ramazon oyi ro‘zasini tutishga kirishdi.

Bu yilgi ramazon koronavirus pandemiyasi davridagi keskin cheklovlar amalda qolayotgan¸ aksar aholi ham iqtisodiy¸ ham ruhiy qiyinchilikni boshdan kechirayotgan sharoitda o‘tmoqda.

26 aprel kuni o‘zini “Andijondagi eng tezkor xabarlar” kanali deb taqdim etuvchi “Andijon bugun” Telegram kanali qisqa video joylashtirdi.

Bu videoda hovlilar orasidagi ko‘chadan turib¸ azon ohangida “Saharlik vaqti bo‘ldi” deb bor ovoziga qichqirayotgan yosh yigit aks etgan. Lip etib ko‘ringan kadrdan videoni mashina ichkarisia o‘tirgan boshqa shaxs yozib olgani tushuniladi.

20 sekundlik videoda yigitning bevosita odamlar darvozasi oldiga borib baralla qichqirayotgani ham ko‘rinadi.

Андижонда аҳоли ярим тунда саҳарликка уйғотилмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:21 0:00
Бевосита линк

Ozodlikka bu videoni jo‘natgan andijonliklardan biri tungi bunday baqir-chaqirdan “nihoyatda asabi buzilgani”ni bildirdi.

Bu qanaqa gap? Tungi soat 2:30 da odamlarning darvozasi tagida bor ovozida baqirib¸ saharlikka tur¸ deyish? Hozir 7-asr emasku¸ odamlarni bunaqa qilib uyg‘otadigan. Hammaning uyida telefoni¸ soati bor. Kim ro‘za tutgan bo‘lsa¸ o‘zi qachon turishni biladi. Tutmaganlarga esa¸ bunaqa da’vatning voobshe keragi yo‘q. Qariyalar¸ kasallar¸ yosh bolalar bor. Nima haqqi bor boshqalarni bunaqa bezovta qilishga? Birovning uyi oldiga kelib bunaqa baqirish o‘rniga¸ juda taqvodor bo‘lsa¸ ana mashinasini sotib¸ nochorlarga ehson qilsin”¸ dedi Ozodlikka bu videoni yuborgan andijonliklardan biri.

Ozodlikka bog‘langan andijonliklardan yana biri¸ qandaydir noma’lum shaxslarning tungi baqir-chaqirining Andijon shahar hokimligiga yaqin ko‘riladigan “Andijon bugun” Telegram kanalida ulug‘langanidan xavotirga tushganini aytadi.

Obunachilari soni 105 mingga yaqinlashgan kanal bu video ostiga “Saxarlik vaqti bo‘ldi, ukalarimiz odamlarni saxarlikka uyg‘otib yurishibdi. Maxalla ulardan rozi, xursand”¸ degan izoh yozgan.

Kim bularga bunaqa targ‘ibotga ruxsat berdi? Mahalla ulardan xursand¸ rozi¸ debdi. Mahalladagilar orasida borib opros o‘tkazibdimi¸ xursandligini qaerdan biladi? Bu borib turgan bezorilikning o‘zi¸ Ma’muriy kodeksda bunga statya belgilangan. Andijon hokimligiga aloqador kanal ochiqchasiga bezorilarni maqtayapti. Mahalla posbonlari qayerga qarayapti – bundaylarga zudlik bilan chora ko‘rish kerak”¸ dedi andijonliklardan yana biri.

Ozodlik suhbatlashgan yuristlardan biri¸ Andijon kanali targ‘ib qilgan voqea Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 192-moddasi bo‘yicha jazolanadigan huquqbuzarlik ekanini bildirdi.

“Maishiy shovqinga qarshi kurash talablarini buzish” deb nomlangan 192- moddada:

Tungi vaqtda — soat 23.00 dan 06.00 gacha — fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzish, ya’ni baland ovoz bilan qo‘shiq aytish, musiqa chalish, tovush signallari berish, xonadonlarda, turar joylarning yo‘laklari va eshiklarida, ko‘chalarda ovozi baland qilib qo‘yilgan televizorlar, radiopriyomniklar, magnitofonlar va ovoz chiqaruvchi boshqa apparaturalardan foydalanish, turar joy binolarida va ulardan tashqarida juda zarur bo‘lmagani holda shovqin chiqaruvchi ishlar qilish, shuningdek maishiy shovqinga qarshi kurash talablarini buzuvchi boshqa harakatlarni sodir etish” uchun javobgarlik belgilangan.

Bunday huquqbuzarlik birinchi marta sodir etilsa¸ bazaviy hisoblash miqdori (hozirda 223 ming so‘m) ning uchdan bir qismi, bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, BHMning ikkidan bir qismi miqdorida, mansabdor shaxslarga esa — ikkidan bir qismidan bir baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ozodlik hozircha videodagi yigitlarning shaxsi¸ bu ishni ularning o‘z tashabbusi bilan qilgan-qilmaganiga oid aniq ma’lumotga ega emas.

Voqea tafsilotlari¸ xususan¸ odamlarni yarim tunda uyg‘otib yurganlarning javobgarlikka tortilgan-tortilmaganini o‘rganish maqsadida Ozodlik Andijon viloyati va shahri ichki ishlar boshqarmalari bilan bog‘landi.

Viloyat boshqarmasi¸ voqea yuzasidan shahar IIBsiga murojaat qilishni tavsiya etdi.

Andijon shahar Ichki ishlar boshqarmasining Ozodlik gaplashgan xodimi¸ ish paytida mobil telefondan foydalanish¸ xususan¸ ijtimoiy tarmoqlarga kirish taqiqlangani uchun bunday videodan mutlaq bexabarligini ta’kidladi.

Telefonimizni KPPda qoldirib kiramiz. Biz unaqa kanallarga kirmaymiz. Qaysi mahallada bo‘lgan ekan?”¸ deya savolga savol bilan javob qildi shahar IIB xodimi.

Bu suhbatdosh Telegramda tarqagan video tafsilotidan IIB matbuot kotibi xabardorligini taxmin qilib¸ u bilan bog‘lanishni maslahat berdi.

Andijon IIV matbuot kotibiniki deb berilgan mobil telefonga javob qilgan shaxs¸ Ozodlik nomi va savolini eshitganidan so‘ng¸ o‘zining ichki ishlarga aloqasi yo‘q tadbikor ekanini aytib¸ aloqani o‘chirib qo‘ydi.

Saharlikka baqirib uyg‘otish haqida Musulmonlar idorasi nima deydi?

Bu yilgi ramazonda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ro‘za tutish bilan bog‘liq savollarga tunu kun javob berish tizimini joriy etdi va buning uchun maxsus telefon raqamlari ochdi.

27 aprel kuni Ozodlik ana shu raqamlardan biri bilan bog‘lanib¸ Andijonda odamlarni saharlikka baqirib uyg‘otayotganlar amaliyotiga islomiy sharh berishni so‘radi.

Musulmonlar idorasining o‘zini tanishtirmagan ulamosining javobi quyidagicha bo‘ldi:

- Islomda bunday an’ana ham¸ amal ham yo‘q. Bular endi o‘zlaricha volontyorlik qilib¸ o‘zicha ish qilayotgan bo‘lishi mumkin. Islomda bor narsa shuki¸ saharlikka turishdan oldin azon aytish mumkin odamlarni turg‘izish uchun. Ramazonda ikki marta azon aytilgan¸ deb keladi ayrim hadislarda. Bittasi odamlarni saharlikka turg‘izish uchun bo‘lgan¸ bittasi saharlik tugaganini bildirish uchun. Lekin bunaqangi uyma-uy kirib¸ qanaqadir vositalar bilan odamlarni uyg‘otish degan narsa yo‘q¸ dedi O‘zbekiston Musulmonlar idorasining maxsus raqamiga javob bergan ulamo.

Ozodlik suhbatdoshi¸ yaqin o‘tmishda O‘zbekistonda bunaqa an’ana bo‘lganidan bexabarligini ham aytib¸ 21-asrga kelib¸ odamlarni dovul chalib¸ yoki mahallama mahalla baqirib saharlikka uyg‘otish uchun hech qanday zarurat qolmaganini ta’kidladi.

- Hozir masjidlarimizda namoz vaqti uchun mikrofonlarda azon aytilyapti. Bu saharlik tugashini bildiradi. Andijondagi yigitlar o‘z shaxsiy qarashidan kelib chiqib qilgan bu ishni. Lekin buning ijtimoiy bahosi ham bor. Bunday qilish kimgadir xalaqit qiladigan bo‘lsa¸ kimgadir zarar yetadigan bo‘lsa¸ biz bunday qilmaslik tarafdorimiz. Chunki masalan¸ budilniklar bor¸ har kimning o‘zi turish imkoniyati bor. Kimdir¸ nimadir uyg‘otmasa¸ saharlikdan qop ketadigan hollar yo‘q hozir. Harakatini qilgan odam¸ o‘zi bemalol turishi mumkin saharlikka. Kimgadir ozor beradigan ish qilish shartmas buning uchun¸ dedi O‘zbekiston Musulmonlar idorasi ro‘zaga oid savollarga javob berish uchun maxsus tanlagan ulamo.

XS
SM
MD
LG