Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:18

IIV mulozimi: Karantin paytida mol va oziq-ovqat o‘g‘irlash ko‘paygan!


28 aprel kuni Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari general-mayor Bahodir Mirzarahimov hamda IIV JIEBB huzuridagi Probatsiya xizmati boshlig‘i polkovnik M.A.Ismoilov Toshkentdagi probatsiya nazoratida turganlar bilan uchrashdi.
28 aprel kuni Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari general-mayor Bahodir Mirzarahimov hamda IIV JIEBB huzuridagi Probatsiya xizmati boshlig‘i polkovnik M.A.Ismoilov Toshkentdagi probatsiya nazoratida turganlar bilan uchrashdi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov 25-27 aprel kunlari ketma-ket uchta videoselektor o‘tkazib, bu majlislarda karantinda yo‘l qoidalarining buzilishidan tortib¸ apteka va bozorlardagi narx-navolar¸ shuningdek ochilmagan jinoyatlar masalasini muhokama qilgan.

Bu yig‘ilishlarda qatnashgan IIV mulozimining shaxsi ochiqlanmaslik sharti bilan Ozodlikka aytishicha¸ so‘nggi selektorda O‘zbekistonda karantin rejimi boshlangandan buyon asosan oilaviy janjallar, qarindosh-urug‘larning bir-biriga tan jarohati yetkazishi, o‘g‘rilik¸ xususan¸ viloyatlarda mol va oziq-ovqat o‘g‘irlash ko‘paygani bildirilgan.

IIV rasmiy sayti va Telegram kanalida bu yig‘ilishlar va unda keltirilgan statistik ma’lumotlarni ochiqlamagan bo‘lsa-da¸ ularda olingan ayrim qarorlar va karantin paytida sodir etilgan ayrim jinoyatlar¸ xususan¸ qotilliklar haqida xabar berib kelmoqda.

Xususan¸ rasmiy ma’lumotga ko‘ra¸ 20 aprel kuni Toshkent shahrida ayol o‘z jazmanini¸ Qashqadaryoning Chiroqchisida esa¸ yosh ayol o‘z ovsinini pichoqlab o‘ldirgan.

Videoselektorda shuningdek¸ jinoyatchilikni ro‘yxatga olish va ularni ochishdagi muammolar ham muhokama qilingan va jinoyatchilikka oid haqiqiy ma’lumotlarni yashirganlik uchun ayrim viloyat mulozimlari ishdan olingan.

“Mol va ovqat o‘g‘riligi - qashshoqlashuv kuchaygani belgisi”

26 aprel kungi videoselektorda qatnashgan mulozimning Ozodlikka aytishicha¸ vazir Bobojonov raisligida o‘tgan yig‘ilishda millionlab o‘zbekistonliklar hukumat joriy qilgan karantin cheklovlari ostida yashayotgan aprel oyida mayda jinoyatchilik soni oshgani qayd etilgan.

Eng ko‘p o‘g‘riliklar aprel oyida sodir bo‘lib¸ ochilmasdan qolayotgani aytildi. Karantin vaqtida odamlar pulsiz qolib¸ ko‘proq qoramol va oziq -ovqat o‘g‘irlashayotgani alohida ta’kidlandi. Mol o‘g‘riligi¸ ayniqsa¸ Qashqadaryo viloyatida ko‘paygan”.

Ozodlik hozircha respublika bo‘ylab karantin paytida sodir etilgan umumiy jinoyatlar¸ xususan¸ mol o‘g‘riligi haqidagi rasmiy raqamlarga ega emas. Bunday ma’lumot IIV rasmiy saytida ham mavjud emas.

Karantindagi mol o‘g‘riligi IIBda qaydga olinmayapti

O‘tgan hafta Andijon viloyati Andijon tumani Daryo bo‘yi MFYdan Ozodlikka murojaat qilganlardan biri 19 aprel kuni o‘z qishlog‘idagi o‘zi bilgan to‘rtta hovlidan mol va parranda o‘g‘irlanganini bildirgan edi.

Uy egalari o‘g‘rini tasvirlab bergani va uning kimligi haqida ma’lumot berganiga qaramay¸ 29 aprel kuni Ozodlik qayta bog‘langan bu jabrlanuvchi¸ IIB o‘g‘riliklarni qaydga olishni istamagani¸ hozirgacha o‘g‘rilar topilmaganini aytdi.

19 aprel kuni mahallamizda kamida to‘rt hovliga o‘g‘ri tushib¸ qoramol va tovuqlarini o‘g‘irlab ketdi. IIB yozilgan arizalarni hatto registratsiya ham qilmadi. Ichki ishlar xodimlarining jinoyat haqidagi arizani qaydga olmasligi odatga aylangan. Ular xuddi reyting uchun ishlayotgandek. Jinoyatlar kamaygan desa¸ ularni taqdirlashadi¸ shekilli. Ayrim yosh xodimlar yaxshi ishlashga harakat qilyaptiku¸ lekin SSSRdan beri ishlayotganlar xalqni axmoq qilishni davom ettiryapti. Agar moli o‘g‘irlanganlar bergan ma’lumot izidan tushsa¸ o‘g‘rini o‘sha kuniyoq topish mumkin edi. Biz taxmin qilgan o‘g‘ri bir kilometrlarcha masofada yashaydi. Vaqt o‘tgandan keyin¸ ochilmasligi aniq. U mollarni so‘yib¸ yeb ham bo‘lishgan bo‘lsa kerak. Prokuratura mas’uliyatsiz IIB xodimlarini ayblayapti¸ IIBdagilar esa o‘g‘rini topib¸ kechirim so‘ratamiz¸ molni o‘zlari olib beradi¸ deb bizni aldab kelyapti”¸ dedi moli o‘g‘irlangan andijonliklardan biri.

Qaydga olinmagan va ochilmay qolgan jinoyatlar muammosi e’tirof etildi

Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishlari kun tartibidan bevosita xabardor mulozimga ko‘ra¸ jinoyatlarning yashirilayotgani¸ ularning ochilmay qolayotgani muammosi mazkur yig‘inlardan birining bosh mavzusi bo‘lgan.

Vazir¸ birgina Farg‘ona viloyatida 2020 yilning to‘rt oyi ichida eng ko‘p ochilmay qolgan jinoyatlar qayd etilganligigi aytib, viloyat rahbarlarini so‘kib berdi. 2018-19 yil davomida viloyat IIB sobiq boshlig‘i Rahmatjon Mamatov viloyatda jinoyatlar 30 foizga kamaydi, deb aldab kelgan. Lekin respublika prokuraturasi ikki yillik jinoyatchilikni o‘rganib, Farg‘ona va Qo‘qon shaharlarida 900 dan ortiq yashirilgan jinoyatlarni aniqlab, Qo‘qon va Farg‘ona shahar IIB boshliqlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Bu ishlar tepasida turgan Mamatov hozir Mahalla vaziri”¸ dedi yig‘ilish ishtirokchisi.

IIV mulozimining aytishicha¸ ayni shu jarayondagi ishtiroki bois Farg‘ona viloyati IIB tashkiliy boshqarmasi boshlig‘i Abduhodi G‘oipnazarov jiddiy tanqid qilinib¸ ishdan olingan.

U rahbarlik qilgan IIB navbatchilik qismlari jinoyatlarni ro‘yxatga olishmagan. G‘oipnazarov o‘rniga Toshkentdan Ja’far Omonov degan xodim tayinlandi. Bu haqda rasmiy xabar berishdi. Selektorda vazir Bobojonov Farg‘ona viloyatida joriy yilning to‘rt oyida kamida 300 ta¸ birgina aprelning o‘zida esa¸ 100 dan oshiq jinoyat ochilmaganini keskin tanqid qildi”¸ dedi majlis ishtirokchisi.

O‘g‘riliklarni kamaytirish uchun probatsiyadagilar ustidan nazorat kuchaytiriladi

Ozodlik gaplashgan IIV mulozimiga ko‘ra¸ vazir o‘tkazgan yig‘ilishlardan birida karantin paytidagi o‘g‘riliklarning¸ asosan¸ probatsiya – qamoq yoki manzil koloniyalaridan uyiga chiqarilganlar sodir etayotgani aytilgan.

Hukumat qarori bilan manzil koloniyalarda ish yo‘qligi uchun ko‘pgina mahbus protsentga yoki uy qamog‘iga chiqarilayotgani aytildi. Hozirgi vaziyatda ularning deyarli hammasi ishsiz. Karantindagi aksar jinoyatlar¸ ayniqsa¸ o‘g‘riliklarni hozir jazo muddati probatsiya - axloq tuzatish ishlariga almashtirilganlar¸ IIBda qaydda turgan va muqaddam sudlangan shaxslar sodir etayotgani ta’kidlandi. Agar shu toifadagi shaxslarning jinoyat sodir etib yurgani haqida operativ ma’lumot olinsa, zudlik bilan ularni nimainki bo‘lmasin¸ qamoqqa olish kerakligi aytildi”.

Ichki ishlar vazirligi ketma-ket o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishlari va ularda muhokama qilingan muammolar haqida jamoatchilikka xabar bermagan bo‘lsa-da¸ 28-29 aprel kunlari vazirlik saytida aynan probatsiyadagilar bilan profilaktika ishlari kuchayganiga oid bir necha xabar e’lon qilindi.

Yig‘ilishning ertasiga¸ Toshkent shahri¸ Qoraqalpog‘iston¸ Buxoro¸ Samarqand va Andijon viloyatlarida probatsiya nazorati ostida turgan shaxslar bilan yuzma-yuz ochiq muloqotlar olib borilgani haqida hisobot berildi.

Bu xabarlarda¸ “ichki ishlar organlari probatsiya hisobida turib jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarning turmush sharoiti va oilaviy ahvoli bilan tanishib, ular bilan suhbatlashilgani hamda ularga oziq-ovqat mahsulotlari berilgani” yozildi.

Yig‘ilishda¸ karantin tufayli 24 soat bir joyda qolishga majbur bo‘layotgan yaqin qarindoshlarning bir-biriga nisbatan zo‘ravonligi kuchaygani ham tilga olindi¸ dedi IIV mulozimi.

Vazir narkologiya va ruhiy asab kasalliklari bolnitsasida qaydga turganlarning nazoratini kuchaytirishni topshirdi. Karantin vaqtida ko‘proq oilaviy janjallar, qarindosh-urug‘larning bir- biriga tan jarohati yetkazishi ham oshgan. Vazir Qashqadaryodagi ikkita oilaviy qotillikni tilga oldi”¸ dedi mulozim.

Ichki ishlar vazirligi Telegram kanalida qo‘yilgan xabarlarga ko‘ra¸ birgina 20 aprel kuni Toshkent va Qashqadaryoda ikkita oilaviy qotillik ro‘y bergan.

Chiroqchi tumanining Qorakamar qishlog‘ida yashovchi 28 yashar ayol o‘z ovsini va uning 9 oylik chaqalog‘ini pichoqlagan¸ pichoqlangan ayol o‘lgan¸ ammo chaqaloq tirik qolgan. Qotillikka ikki ayolning o‘zaro janjali sabab bo‘lgan.

Toshkentning Yunusobod tumanida esa¸ ayni kuni ayol oldin qamalib chiqqan fuqaroviy eri bilan tortishib qolgan. O‘zidan pul talab qilgan ayol¸ bosimga chidolmay¸ oshxona pichog‘i bilan erkakni pichoqlab o‘ldirgan.

Xalqaro huquq tashkilotlari butun dunë bo‘ylab karantin cheklovlari sabab uydan chiqmaslikka majbur bo‘layotgan oilalarda oilaviy zo‘ravonlik¸ xususan¸ bolalarga nisatan shavqatsiz munosabatda bo‘lish keskin ko‘payganidan xavotir bildirmoqda.

XS
SM
MD
LG