Линклар

Шошилинч хабар
06 июл 2020, Тошкент вақти: 22:32

OzodTahlilchi: O‘zbekistonda majburiy mehnat miqyosi kengaymoqda


Prezidentning 2020 yil aprel oyidagi qarori ortidan¸ aholining o‘z tomorqasiga nima ekishini belgilash va nazorat qilish IIV¸ prokuratura va soliq xodimlariga topshirildi.

Oldin xabar qilinganiday, 16 aprelda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi hamda O‘zbekistonda majburiy mehnatning davlat tizimi bekor qilinishi uchun kurashayotgan kompaniyalar uyushmalariga murojaati e’lon qilindi.

U koalitsiyani o‘zbek paxtasini boykot qilish da’vatini qaytarib olishga chaqirdi. Ushbu da’vatni mahsulot ishlab chiqarish uchun paxtadan to‘qilgan mato sotib oladigan 300 dan oshiq chet el kompaniyasi qo‘llab-quvvatlagan edi.

Ko‘p o‘tmay¸ vazirning yuqorida zikr etilgan murojaati vazirlik saytidan olib tashlandi va buning o‘ziga yarasha sababi bor.

Gap shundaki, Cotton Campaign vazirning murojaatiga xushmuomalalik bilan rad javobini berdi va boykotni bekor qilish uchun O‘zbekistonda majburiy mehnat amaliyotiga chek qo‘yilganiga isbotlar kerakligini aytdi. Koalitsiya javobida har yili kuzda ham O‘zbekistonning Inson huquqi himoyasi forumi, ham Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) o‘tkazgan monitoring ma’lumotlariga havola berildi. Garchi XMT O‘zbekiston hukumatining boykotni bekor qilish da’vatini qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa-da, o‘tgan mavsumda kamida 100 ming O‘zbekiston vatandoshi paxta terimiga majburan jalb etilganini tan olmoqda.

Nega O‘zbekiston hukumati mamlakatning yetakchi eksport tovarlaridan biri bo‘lgan paxtasi boykotini bu qadar qat’iyat bilan bekor qilishga intilmoqda? Sababi oddiy - paxta xomashyosidan tayyorlangan to‘qimachilik mahsulotlarini sotish paxta tolasini sotgandan ko‘ra ko‘proq foyda keltiradi. Hozirgi kunda paxtani O‘zbekistondan, asosan, Bangladesh bilan Xitoy sotib olib, yigirilgan ip, mato va kiyim ishlab chiqarib, keyinchalik ularni G‘arb mamlakatlariga eksport qilish orqali mo‘may foyda ko‘rmoqda. U holda nega paxta tolasini joyida qayta ishlashni kengaytirib va to‘qimachilik mahsulotlarini G‘arb bozorlariga sotib, o‘zimiz eng ko‘p foyda olishimiz mumkin emas? Bu yaxshi g‘oya va u pishib yetilganiga ancha bo‘lgan. Muammo shundaki, bir qator G‘arb mamlakatlarida majburiy mehnat bilan ishlab chiqarilgan tovarlarni sotib olishni taqiqlovchi qonunlar mavjud. Bundan tashqari, kompaniyalar inson huquqiga daxl qilingan holda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xarid qilmaslik majburiyatini zimmasiga oladi. Qonunning bunday talablari majburiy mehnat blan terib olingan paxtadan ishlab chiqarilgan gazmollarni eksport qilish istiqbolini muammoli qilib qo‘yadi.

So‘nggi bir necha yilda O‘zbekiston hokimiyati majburiy mehnat amaliyotini saqlab qolish bilan mamlakati manfaatlari va iqtisodiy taraqqiyotiga xalaqit berayotganini tushuna boshladi hamda bunday amaliyot miqyosini kamaytirish sari qadamlar qo‘ydi. Dastlab Cotton Campaign, boshqa xalqaro tashkilotlar va hukumatlar bosimi natijasida hokimiyat idoralari bolalarni, so‘ngra OTM va kollej talabalarini va nihoyat shifokor va o‘qituvchilarni paxtaga jo‘natishni bas qildi, biroq odamlarni majburiy tarzda paxta terimiga jalb qilishday eski odatidan hamon hech qutula olmayapti. Baribir ushbu amaliyotni davom ettirish uchun ular endi ish beruvchilarni qo‘rqitib, pul undirishga majburlash va mardikor yollash uchun o‘z xodimlari pulini tortib olish singari nayranglarni qo‘llashga o‘tdi. Ayni amaliyotni ham majburiy mehnat shakli deb tasniflash kerak bo‘ladi.

Xo‘sh, gap nimada o‘zi? Nega hukumat haligacha fermerlar va mahalliy hokimiyat idoralariga paxta yrtishtirish va topshirish majburiy bo‘lgan rejalarni tushirmoqda? Nega haligacha paxta yetishtirishga fermerlar majburlanmoqda va nega yeriga nima ekish ixtiyori ularning o‘ziga berilmayapti? Sababi oddiy: hukumat bir vaqtda ikkita stulda o‘tirmoqchi: bir tarafdan, to‘qimachilik mahsulotlarini mahalliy ishlab chiqarishga turtki bermoqchi, boshqa tarafdan esa, oldingiday paxta tolasi eksportidan tushadigan pirovard qattiq valyutani o‘zi nazorat qilmoqchi.

Shuning uchun Cotton Campaign hukumatga "Yo‘l xaritasi"ni taklif etdi. Unga rioya etilsa, O‘zbekiston oldingi Karimov rejimidan, ungacha esa Brejnev-Stalin davridan qolgan sharmandali amaliyotdan qutulishi mumkin bo‘ladi. Ushbu "Yo‘l xaritasi"da paxta yetishtirish sohasini isloh qilish - paxta topshirish bo‘yicha majburiy rejani bekor etish, fermerlarga yeri va yetishtirgan mahsulotinini tasarruf qilish ixtiyorini berish, hokimlarni paxta yetishtirishga mas’ul qilishdan voz kechish ko‘zda tutilgan. Xullas, u buyruqbozlik iqtisodiyotidan voz kechib, nihoyat, ishlab chiqarish va savdo amaliyotlari ishtirokchilari o‘rtasidagi erkin munosabatlar hukmronlik qiladigan bozor modeliga to‘liq o‘tishni nazarda tutadi.

Bu takliflar ortidan¸2020 yilning 3 martida prezident Mirziyoyev paxta yetishtirish va topshirish bo‘yicha majburiy davlat buyurtmasini bekor qilish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bir qarashda fermer xo‘jaliklari va ishlab chiqaruvchilarni hukumati zug‘umidan ozod etish uchun qadam tashlanganday edi. Lekin chuchvarani xom sanagan ekanmiz.

Prezident farmoni chiqqandan beri oradan bir oydan ko‘proq vaqt o‘tgandan so‘ng ham Sulton Teks Group to‘qimachilik klasteri rahbari mahalliy hokimiyat mahalliy ishlab chiqaruvchilarga buyruq berib kelayotgani, kompaniyaning ixtisoslashuv sohasiga aloqasi bo‘lmagan maqsadlar uchun qo‘rqitib, pul undirayotganidan shikoyat qildi. Sulton Teks o‘ziga tegishli bo‘lmagan narsalar uchun pul to‘lashni rad etgani uchun mahalliy hokimiyat mahalliy fermerlarga ushbu klaster bilan tuzilgan shartnomalarni bekor qilishni buyurdi, bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev esa kompaniyani klasterlar ro‘yxatidan chiqarib tashladi. Hokimiyat bunday qarorini oqlash uchun klaster direktori hokimiyat idoralari o‘tkazayotgan selektor majlislarida qatnashmayotganini bahona qildi. Ma’lumki, deyarli har kuni yarim kechagacha o‘tkaziladigan bunday majlislarda mahalliy fermerlar hokimliklar oldida reja bo‘yicha topshiriqlar qanday bajarilayotgani haqida hisobot beradi. Bu bilan hokimiyat fermerlar, endi esa klasterlarga buyruq berishday eski amaliyot davom etayotganini o‘zi tan oldi. Demak, prezident farmoni qishloq xo‘jaligi sohasidagi ishlarga zarracha ta’sir qilmagan. Hammasi eskicha davom etyapti: hokim – boshliq, fermerlar esa – unga bo‘ysunuvchilar.

Balki iqtisodiyotning ushbu sohasida nimalar bo‘layotganidan prezident bexabardir. Bo‘lishi mumkin emas. Chunki o‘zi o‘sha “islohotchilik” farmonidan so‘ng ham fermerlarga va uy xo‘jaliklari nima bilan shug‘ullanishiga oid eskicha buyruq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatmalar berishni davom ettirmoqda. Masalan, u agrosektor ishlariga bag‘ishlangan selektor majlisida uy xo‘jaliklariga tomorqasida mahsulot yetishtirish va uni topshirish bo‘yicha topshiriqlardan bo‘yin tovlaydiganlarga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llash to‘g‘risida ko‘rsatma berdi. Bunaqasi hali bo‘lmagan. Fermer xo‘jaliklaridan farqli o‘laroq, yaqin-yaqingacha tomorqalar jami yer resurslarining undan qanday foydalanishni, nima ekishni va biror narsa ekish kerakligi yoki yo‘qligini egalari o‘zi hal qilib kelayotgan qismi edi. Kimdir tomorqasiga (o‘z istagi bilan!) bozorda sotish yoki iste’mol qilish uchun ekin ekadi, kimdir bog‘ o‘stiradi, yana kimdir bahra olish uchun gul parvarish qiladi. Endi yerning cheklangan qismidagi bunday nisbiy erkinlik ham barham topadigan ko‘rinadi. Endi uy xo‘jaliklari ham tomorqalari bilan birga buyruqbozlik va majburlash ob’yektiga aylanmoqda.

Agar mahalliy hokimiyat idoralari prezidentning ushbu ko‘rsatmalarini bajarib, uy xo‘jaliklarini shaxsiy tomorqalarida istagiga zid ravishda qishloq xo‘jalik ekinlarini ekishga majbur qilsa, bunday mehnatni majburiy mehnatning bir turi sifatida tasniflash kerak bo‘ladi. Endi uy xo‘jaliklari ham yana bir majburlash va majburiy mehnat hududi o‘laroq fermer xo‘jaliklari qatoriga qo‘shilmoqda. Agar chindan ham shunday bo‘lsa, demakki, hukumatning majburiy mehnatga barham berish xususidagi bayonotlariga qaramay, majburiy mehnat sohasi torayish o‘rniga kengayib bormoqda.

Olinayotgan xabarlarga qaraganda, hokimiyat idoralari prezident ko‘rsatmalarini bajarish yo‘lida tomorqalarida qishloq xo‘jalik mahsulotlarni yetishtirishdan bo‘yin tovlayotganlarga qarshi jazo choralarini qo‘llashga tayyor turibdi. Hokimiyat buyurganidan boshqa ekinlarni ekadigan uy xo‘jaliklari ham jazoga tortiladi.

Matbuot “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgani haqida xabar berdi. Aytilishicha, “tomorqaga o‘z tanlovi asosida biron-bir qishloq xo‘jalik ekini ekmagan fuqarolar avval ogohlantiriladi. Keyin bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solinadi. Agar mazkur holat ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, bu qiymat uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda bo‘lishi belgilanmoqda”.

Bundan tashqari, majburiy mehnat sohasi o‘qituvchilarni ommaviy tarzda ijtimoiy tarmoqlarda trollar o‘laroq postlar qo‘yishga majburlash hisobiga ham kengaymoqda. Bunday troll fabrikalarini tashkil etish va ishlatish amaliyoti Yevroosiyodagi avtoritar rejimlar uchun yangilik emas. Lekin Rossiyada buning uchun pul to‘lansa, O‘zbekistonda shusiz ham huquqsiz o‘qituvchilar majburan shug‘ullanmoqda, bu ular yuqoridan berilgan buyruqni bajarish uchun o‘qituvchilikdan bo‘sh vaqtlarida shug‘ullanadigan ishlari ro‘yxatiga qo‘shiladi. Ushbu trollar sifatidagi ishni ham majburiy mehnat toifasiga kiritish shart.

Nima uchun ushbu majburlash amaliyoti kamayish o‘rniga ko‘payib bormoqda? Nazarimda, O‘zbekistonning davlat idoralarida ildiz otib ketgan boshqaruvning avtoritar usulidan iborat siyosiy madaniyat kuchini ko‘rsatmoqda. Mirziyoyev ham hukumatdagi yuqori lavozimli boshqa amaldorlar singari dastlab sho‘rolar sharoitida, keyinchalik esa Karimov rejimi davrida o‘sib shakllangan. O‘sha sharoitlarda u va unga o‘xshash amaldorlar yuqoridan buyruq berish va mikromenejmentdan iborat boshqaruv usullarini o‘zlashtirgan edi. Ular boshqaruv tafakkurining bunday eskirib ketgan turidan qutula olmayapti. Shuning uchun ham ular bugun taraqqiyotni yoqlovchi farmonga qo‘l qo‘yadi, ammo ertaga odatiy ma’muriy-buyruqbozlik usullariga qaytaveradi. Bunday usullarning negizida iqtisodiy rag‘batlantirish emas, ma’muriy majburlash yotadi. Shuning uchun ham chet ellik kuzatuvchilar O‘zbekiston rahbariyati qabul qilayotgan rasmiy qarorlarga unchalik ishonmaydi. O‘zbekistondagi hokimiyat qabul qilayotgan u yoki bu qonuniy qaror qanchalik taraqqiyparvar bo‘lmasin, bajarilishiga hech qanday kafolat yo‘q.

Alisher Ilhomov, Londondagi Sharq va Afrika tadqiqotlari instituti tahlilchisi.

***

OzodTahlilchi - Ozodlikning yangi rukni. Unda turli soha mutaxassislari, ekspertlar, publitsist, jurnalist va blogerlarning Ozodlik o‘quvchilari uchun yozgan tahliliy maqolalari e’lon qilib boriladi.

OzodTahlilchida, shuningdek, Ozodlik formatida bo‘lmagan luqmalar, sharhlar, chizgilarga, bir so‘z bilan aytganda, mualliflarning kundalik voqea-hodisalarga munosabatlari aks etgan matnlarga o‘rin beriladi.

OzodTahlilchida e’lon qilinadigan material muallifi qarashlari Ozodlik qarashlari ifodasi sifatida qabul qilinmasligi kerak.

XS
SM
MD
LG