Линклар

Шошилинч хабар
07 июл 2020, Тошкент вақти: 22:47

Toshkentlik tadbirkor IIV mayori bilan tortishuvi haqidagi posti ortidan 7 sutkaga qamaldi


33 yashar Abroljon Maxamatov 27 aprelda 7 kunlik qamoqqa tashlandi.

Toshkentlik 33 yashar Abroljon Mahamatov 27 aprel kuni Sergeli tuman prokuraturasiga chaqirtirilgan va u yerdan to‘g‘ri sudga olib ketilib¸ sud qarori bilan 7 sutkalik qamoqqa hukm qilingan.

Mahamatov va qarindoshlarining Ozodlikka aytishicha¸ tadbirkorning 24 aprel kuni Sergeli rayon Qipchoq postida militsiya mayori Elyor Xudoyorov bilan haq talashgani shunday jazo bilan tugagan.

24 aprel kungi tortishuv

Abroljon Mahamatovning 24 aprel kuni Facebook sahifasida yozganlariga ko‘ra¸ shu kuni ertalab soat 9 larda ishga ketayotganida¸ uni "Qipchoq" postida ichki ishlar xodimlari to‘xtatgan.

Bir necha shirkat egasi bo‘lgan Mahamatovning yozishicha¸ to‘xtatilganida o‘z firmasiga rasmiylashtirilgan mashinasi va o‘zining shaxsiy hujjatlari risoladagiday bo‘lgan.

Uning oldiga kelib¸ o‘zini tanishtirmasdan hujjat talab qilgan IIV mayoriga (keyinchalik mayorning Elyor Xudoyorov ekanini aniqlagan – tahr.) Mahamatov¸ o‘zi va mashinasi hujjatlarini ko‘rsatgan¸ ammo karantin bosi¸ uning qo‘liga bermagan.

Bunga javoban mayor «Men seni oldingda to‘nqayishim kerakmi?» deb qo‘pollik qilgan¸ o‘rtada tortishuv boshlangan.

Ishga kechikayotganini aytib¸ qo‘yib yuborishni so‘ragan tadbirkorni¸ uning yozishicha¸ qo‘liga kishan solib uchastka punktiga olib ketishgan.

Bu yerda ayni mayor kishandagi qo‘llarimni qisishni boshladi¸ kuch ishlatib¸ tizzamga o‘tirtirdi¸ bo‘ynimdan ushlab¸ boshimni polga urdi. Shundan so‘ng qo‘li bilan boshimga bir necha marta zarba berdi. “Aqllilarni yomon ko‘rishini” aytib urdi. Bularning hammasini Jamol ismli uchastka noziri ko‘rib turdi”¸ deb yozdi 24 aprel kungi postida Mahamatov.

Mahamatov qo‘liga kiydirilgan kishan qattiq qisilgani ortidan paydo bo‘lgan mo‘mataloq rasmini ham Facebookda e’lon qildi.
Mahamatov qo‘liga kiydirilgan kishan qattiq qisilgani ortidan paydo bo‘lgan mo‘mataloq rasmini ham Facebookda e’lon qildi.

Shundan so‘ng¸ tadbirkorni GOMga olib kelib¸ bu yerda unga karantin qoidalarini buzish haqida protokol tuzib¸ soat kechki 6 da uni sudga olib borishgan. Sudda hech kim yo‘qligi bois¸ uni yana qaytarib GOMga olib kelib¸ bu yerda “hech kimga hech qanday e’tirozi yo‘qligi” haqida tilxat yozishga majburlashgan.

Ikkita kichik bolaning otasi va oilaning yolg‘iz boquvchisi bo‘lganim uchun¸ 15 kunga qamashmasin deb¸ nima aytib turishgan bo‘lsa¸ hammasini yozib berdim va uyimga keldim” ¸ deb yozgan edi 24 aprel kuni toshkentlik tadbirkor.

U IIB punktidan chiqishi bilan¸ Toshkentdagi Respublika ixtisoslashtirilgan Travmatologiya va Ortopediya ilmiy tekshirish instituti klinikasiga borib¸ o‘ziga yetkazilgan tan jarohatlarini ko‘rsatgan.

Mahamatovni qabul qilgan vrach¸ uning tanasida gematoma borligini tasdiqlovchi tibbiy ma’lumotnoma yozib bergan.

Tibbiy ma’lumotnoma nusxasi.
Tibbiy ma’lumotnoma nusxasi.

Ertalab boshlanib¸ tunda tugagan 10 soatlik «sarguzashtlari»dan so‘ng uyiga qaytgan tadbirkor¸ bo‘lgan voqealarni ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari hukmiga havola qilgan.

«Agar sizni postda to‘xtatishsa¸ o‘zingizni mendek tutmang¸ hujjatlaringizni darhol mayorlarning qo‘liga bering¸ podnosga solib bersangiz undan ham yaxshi¸ boshingizni egib turing¸ bu paytda tizzalaringiz sal-pal qaltirab ham tursin¸ nigohingiz esa¸ pastga qaratilsin”¸ deb tugatgan edi tadbirkor o‘z postini.

Hokimiyat vakiliga bo‘ysunmaslik?

Abroljon Mahamatov yaqinlarining Ozodikkka aytishicha¸ bu voqeadan uch kun o‘tib¸ 27 aprelda uchastka noziri uni Sergeli tuman prokuraturasiga chaqirishganini bildirgan.

Mahamatov prokuraturaga kelishi bilan¸ tuman prokurori buyrug‘i bilan uning ushlab qo‘liga kishan solishgan va sudga olib ketishgan. Bu yerda tadbirkorni “hokimiyat vakiliga bo‘ysunmaslikda” ayblashgan¸ bir necha IIB xodimi unga qarshi guvohlik ko‘rsatmasi bergan va sud unga 7 sutkalik qamoq jazosi tayinlagan.

Hozirda jazoni o‘tayotgan Abroljon Mahamatov o‘ziga nisbatan bo‘lgan zo‘ravonlik va qonun buzilishlariga huquqiy baho berishni so‘rab O‘zbekistondagi sanoqli faol deputatlardan biri Rasul Kusherbayevga maktub yozgan.

30 aprel kuni Kusherbayevga jo‘natilgan bu xatga hozircha munosabat bildirilmadi.

Ozodlik toshkentlik tadbirkorning IIV mayori tomonidan sodir etilgan zo‘ravonlik va qonunbuzarlik haqidagi iddaolariga munosabat olish uchun IIVning Toshkent shahri va Sergeli tuman bo‘limlariga bog‘landi.

Ammo Ozodlik savollariga IIV rasmiylaridan hech qanday javob bo‘lmadi.

Prezident kuchishlatar vakolati borlarni "madaniyatli" bo‘lishga chaqirdi

O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi tarqalishini to‘xtatish maqsadida hukumat tomonidan o‘rnatilgan keskin cheklovlar amaliyotini nazorat qilish kuch ishlatar tizimlariga topshirilgan.

Buning ortidan o‘zbekistonliklarning harakatlanish erkinligi¸ ayniqsa¸ mashinalarda maxsus ruxsatnoma bor-yo‘qligini tekshirish jarayonida IIV xodimlarining qo‘polligi haqidagi shikoyatlar matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqay boshladi.

Bunday tortishuvlarga 29 aprel kuni videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev ham munosabat bildirdi.

“GAI xodimlariga ham, umuman ichki ishlar xodimlariga ham, Milliy gvardiya xodimlariga ham, bilaman, charchagan ular ham, lekin bu masalaga oqilona yondashish vaziyatdan kelib chiqqan holda, har bir odam bilan “Siz” deb gaplashish kerak.

Sekin shu karantindan chiqib ketishimizda, Sizlardan ham juda katta madaniyat bilan ularga munosabat bildirishlaringiz talab etiladi. Albatta, talabni ichida madaniyat ham bo‘lishi kerak.

Odamlarni shaxsiga tegmasdan, tushuntirish ishlarini kuchaytirib, madaniyatni ham ko‘paytirsak, man o‘ylayman, bu to‘g‘ri bo‘ladi”¸ dedi Shavkat Mirziyoyev.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG