Линклар

Шошилинч хабар
09 июл 2020, Тошкент вақти: 06:05

OzodDayjest: “Ulug‘ Vatan urushi” atamasi blogerlarda e’tiroz uyg‘otdi


O‘zbek blogerlariga ko‘ra, II jahon urushi haqida gap ketar ekan, “1939-1945” formatidan foydalanish kerak.

O‘zbekistonda koronavirus ustidan qachon uzil-kesil g‘alaba qozonilishi taxmin qilindi. Blogerlar “sharmandali” urushning “ulug‘”lanishiga e’tiroz bildirmoqda. Hisor davlat qo‘riqxonasidagi fotoqopqon ikki bosh qor qoplonini suratga oldi.

______________________________________________________________

O‘zbekiston koronavirusni qachon yengib o‘tishi taxmin qilindi


Singapur texnologiya va dizayn universiteti (SUTD) tadqiqotchilari mavjud ma’lumotlar tahlili asosida dunyoda koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyatlar yakunlanishiga oid monitoring natijalarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat shu yilning may oyida yakun topishi taxmin qilinmoqda (www.sof.uz, 28 aprel).

SUTD innovatsiyalar laboratoriyasi tomonidan chop etilgan hisobotga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi 2 may kuni 97 foizga, 7 mayda 99 foizga tugaydi. Uning batamom 100 foizga yakunlanishi esa 20 mayga to‘g‘ri kelishi prognoz qilingan.

Universitet tadqiqotchilari dunyoning 80 dan ortiq davlatlarida pandemiya qachon tugashi bo‘yicha xulosa e’lon qilgan. Mazkur ro‘yxatda O‘zbekiston 16-o‘rinda turibdi.

Qayd etilishicha, keltirilgan monitoring natijalarida xatolar bo‘lishi mumkin. Shu sabab ijobiy prognozlarni ehtiyotkorlik bilan qabul qilish tavsiya etilgan.

Blogerlar: Sharmandali urushni “ulug‘” deya sifatlash noravo


Ijtimoiy tarmoqning o‘zbekzabon segmentidagi mashhur blogerlar Ikkinchi jahon urushining “Ulug‘ Vatan urushi” deb atalishiga e’tiroz bildirdilar.

“Afsuski, insoniyat tarixidagi eng sharmandali, vahshiy va dahshatli urush shimoldagi qasamxo‘r va yolg‘onchi davlatning bosimi bilan yana ulug‘, deya atalmoqda. Urush hech qachon ulug‘ bo‘lmaydi”, deb yozdi bloger Otabek Bakirov.

Huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyevga ko‘ra ham, Ikkinchi jahon urushini “Ulug‘ Vatan urushi” deya qayta nomlash bugungi kun uchun aktual bo‘lmasligi kerak. Muallif, shuningdek, teleekranlarda “1941-1945 yil” formati trendga aylantirilganiga e’tiroz bildirgan. “Ikkinchi jahon urushi 1939 yildan boshlangan. Bu tarixiy fakt. SSSRning shovinistik siyosati natijasida faqat Gitler SSSRga hujum qilgan kundan urushni boshlangan deb hisoblash, “Qolganlar bilan ishim yo‘q, faqat menga taalluqli bo‘lgan qisminigina tan olaman” degan g‘oya mutlaqo noto‘g‘ri”, deb yozgan X. Xudoyberdiyev.

Ta’kidlanishicha, Ikkinchi jahon urushi haqida gap ketar ekan, “1939-1945” formatidan foydalanish kerak; 1939-1941 yillarda urush natijasida aziyat chekkan boshqa davlatlarning millionlab xalqi haqqi-hurmati uchun ham shunday qilish lozim.

Qashqadaryoda qor qoploni fotoqopqonga “tushdi”


Qashqadaryo viloyati Hisor davlat qo‘riqxonasidagi fotoqopqon ikki bosh qor qoplonini suratga oldi. Bu haqda qator matbuot nashrlari Davlat ekologiya qo‘mitasiga tayanib xabar berdi.

Joriy yil 26 aprel kuni Qizilsuv bo‘limiga o‘rnatilgan fotoqopqon tekshirilganda, fotoqopqon nigohiga ikkita qor qoploni tushgani ma’lum bo‘ldi.

Qor qoploni (Panthera uncia) O‘zbekistonning yuqori qor tizmalarida uchraydi. U yo‘qolish xavfi yuqori bo‘lgan yirtqich hayvon sifatida Qizil kitobga kiritilgan. Mamlakatda mazkur jonivorning soni 30-50 dan 80-120 gacha baholanadi.

Avvalroq O‘zbekistonda qor qoplonini monitoring qilish dasturi doirasida BMT loyihasi, Ekologiya davlat qo‘mitasi, O‘zR Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti mutaxassislari tomonidan hayvonni tutmasdan va jismoniy ziyon keltirmasdan o‘rganish imkonini beruvchi texnologiya joriy etilayotgani xabar qilingan edi.

XS
SM
MD
LG