Линклар

Шошилинч хабар
25 октябр 2020, Тошкент вақти: 01:56

OzodDayjest: O‘zbekiston siyosiy elitasida yangi mustamlakachilik kayfiyati uyg‘onayotgani aytildi


A.Qodirov tomonidan Toshkentda rus butxonasi tiklanishini yoqlab chiqilishi e’tirozlarga sabab bo‘ldi.

Savdo-sanoat palatasi raisi nega xalqqa pul tarqatib bo‘lmasligini “asosladi”. Deputatning butxona tiklanishini yoqlashi tanqidlarga sabab bo‘ldi. Oliy sud qarori ijrosini paysalga solayotgan hokimga chora ko‘rish so‘raldi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

______________________________________________________________

Savdo-sanoat palatasi raisi: “Xalqqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul tarqatilsa, mablag‘ talon-toroj etilishi mumkin”

Karantin sharoitida xalqqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul tarqatish odamlarning muammosini hal qilib bermaydi, deb hisoblaydi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov (www.daryo.uz, 25 aprel). Ikromov fikricha, karantin sharoitida xalqqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul tarqatish o‘zini oqlamaydi. “Birinchidan, bu talon-toroj bo‘lishi mumkin. Ikkinchidan, odamlarning masalasini hal qilib bermaydi. Pul ishlatib yuboriladi, undan ko‘ra kelgusida tadbirkorlarimizga ish bilan ta’minlashi uchun, saxovat qilishi uchun yordam berilsa, yutug‘imiz ko‘proq bo‘ladi”, degan u.

Palata raisining ushbu fikri ijtimoiy tarmoqda bahs-munozara uyg‘otdi.

“Uning mantig‘i bilan qaraganda soliq ham to‘lamaslik kerak ekan-da. Yo‘qsa talon-toroj qilishadi. Bahonani qarang... O‘zi umuman talon-toroj qilinishi mumkinligiga kim aybdor? Menimcha, xalq emas. Korrupsion muhit yaratgan mas’ullar aybdor. Shuningdek, Ikromovning gapidan hukumat tarqatilishi mumkin bo‘lgan pullarni nazorat qila olmaydi, degan ma’no ham kelib chiqmoqda. Ikromov hukumatga ishonchsizlik bildiryaptimi? Mana shunaqa. Gap aylantiraverilsa, qaytib o‘zingizga zarar keltirishi mumkin. Shuning uchun ham avval boshidan gapni aylantirmaslik kerak”, deb yozdi bloger Nozim Safari.

“Adhamjon aka, shu “talon-torojistlar” haqida to‘liqroq ma’lumot bersangiz, kimlar u og‘ir kunda xalqning pulini mo‘may daromad orttirish ilinjida, imi-jimida tuya qiladigan? Gumoningiz bo‘lsa ayting”, deya mutasaddini savolga tutdi bloger Nurbek Alimov.

O‘zbek jamiyatidagi ikki bexosiyat belgi ma’lum qilindi


“Bugungi o‘tayotgan kunlar milliy jamiyatimizda ikkita bexosiyat belgi qoldirmoqda. Biri koronavirus pandemiyasi asoratlari bo‘lsa, yana biri siyosiy elitamiz ongida yangi mustamlakachilik (neokolonial) kayfiyatining uyg‘onayotgani bilan bog‘liq faktorlardir”, deb yozadi Telegramdagi Platforma.uz kanali.

1865 yili Toshkentni bosib olishda o‘lgan rus askarlari sharafiga poytaxt hokimiyati mablag‘i hisobidan butxona tiklangani keng jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lgan edi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” rahbari Alisher Qodirov butxona tiklanishini yoqlab chiqdi. “Bu qabrning ta’mirlanganligida foyda bor. Bu yerga farzandlaringizni olib boring. Ko‘rsating va eslang! Qachonlardir bizni bosib olishgan va g‘ururimizni, yurtimizni toptashgan. Tartib bilan tizib qo‘yilgan zambaraklarning o‘qini qo‘l bilan ushlab ko‘rishsin”, deb yozdi A. Qodirov.

Platforma.uz kanali partiya yetakchisining bunday pozitsiyasini keskin tanqid qildi.

“Unday bo‘lsa, Stalinning ham byustini qo‘yaylik, shop mo‘ylovini silab bolalarimizga qatag‘on xotiralarini so‘zlaymiz, Leninni qo‘yaylik...”, deya kinoya qildi mazkur kanal.

Oliy sud qarori ijrosini paysalga solayotgan hokimga chora ko‘rish so‘raldi


Andijon tumani hokimi Ulug‘bek Isomiddinov O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining 2019 yil 23 dekabridagi qarori ijrosini asossiz vajlar bilan paysalga solib kelmoqda (www.xabar.uz, 28 aprel).

Ma’lum bo‘lishicha, hokim tumandagi “Sherzodbek oltin dalasi”, “Abduqahhor vorislari”, “Jo‘rabek” kabi ilg‘or fermer xo‘jaliklarining yer maydonlarini qonunga zid ravishda olib qo‘ygan. Fermerlar bir yil sudma-sud yurib, hokimning qarorini bekor qilishga muvaffaq bo‘lganlar. Oliy mahkama qaroriga binoan, fermer xo‘jaliklari yer maydoni qaytarilishi lozim.

“Mana, bahorning ikki oyi ham o‘tib bo‘ldi. Bu fermer-dehqonlar uchun yana bir yil havoga uchdi degan gap. Yanayam ochiqroq aytsak, uch fermer va uning qo‘lida ishlaydigan bir necha o‘nlab ishchilarning qora qozoni suvga tushdi degani hamdir. Bu yoqda koronavirus degan balo iqtisodga ayamay zarba berib turibdi. Bunday og‘ir sharoitda oqil hudud rahbari aholining og‘irini yengil qilish uchun bor imkoniyatini soladi. Andijon tuman hokimi esa qonunsiz xatti-harakatlari bilan necha oila ahvolini battar tang qilayotgani ko‘rinib-bilinib turibdi”, deb yozadi internet nashr.

Qayd etilishicha, Andijon tuman adliya bo‘limi boshlig‘i viloyat ma’muriy sudi raisiga sansalorlikka yo‘l qo‘yayotgan hokimga nisbatan chora ko‘rishni so‘rab xat yo‘llagan.

XS
SM
MD
LG