Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:58

OzodTarmoq: To‘g‘onning urib ketishi – isitmasi yashirilgan kasallik


OzodTarmoq ruknida berilayotgan materiallarda ayni kunlarda jamoatchilik orasida keng muhokamaga sabab bo‘layotgan voqea-hodisalar haqida bildirilayotgan ayrim mulohazalar e’tiboringizga taqdim etiladi. Voqealarga berilayotgan baholar mutlaqo muallif pozitsiyasi. Mualliflar pozitsiyasi Ozodlik pozitsiyasiga mos kelmasligi mumkin.

OzodTarmoqning bugungi sonida taniqli yozuvchi Ulug‘bek Hamdamning Feysbukdagi o‘z sahifasida e’lon qilgan postni e’tiboringizga havola qilyapmiz. Matn tahrirsiz berilmoqda.

"Sardobadagi to‘g‘onning urib ketishi, pastdagi qishloqlarning suv olishi bu – isitma yoki ta’bir joiz bo‘lsa, aysbergning uchi, xolos. Keling, shu isitmaning yoki aysbergning ostiga tushishga harakat qilib ko‘raylik.

Yo‘q, masalaga prokuror kabi yondashmaymiz, balki bir tadqiqotchi singari umumiy yondashamiz. Bunday yondashuvda hech kim jazolanmasa-da, kelajakda bu kabi falokatlarning oldi olinishi mumkin. Albatta, natijalarga quloq solinsa. Jamoatchilik fikrlarini elakdan o‘tkazib, saragini ishlatgan jamiyatlar yaxshi tomonga o‘zgaradi.

Shunday qilib, nega bu hodisa ro‘y berdi?

To‘g‘on qurish haqiqiy mutaxassislarning qo‘liga topshirilmagan. Haqiqiy mutaxassis kim? U o‘z ishining ustasi va halol odam. Shunday odam qurmagan to‘g‘onni. Yoki shunday odamga imkon berilmagan. Buning sabablari turlicha bo‘lishi mumkin: korrupsiyadan tortib, tizimdagi uquvsizlikkacha!..

Endi bu bittagina misol.

Shu bittagina misoldan ko‘plab boshqa misollarga, muammolarga borish mumkin. Ular ham mo‘rt to‘g‘on kabi jamiyatda madda bog‘lab yotibdi. Ularni ham shu ko‘yga solayotganlar turli yo‘llar bilan sohalar boshiga kelib qolgan tasodifiy kaslar – chala mutaxassisu chala odamlardir!

Xulosa shuki, har bir soha jilovini o‘z odamiga, o‘z mutaxassisiga topshirish kerak, nihoyat!.. Afsuski, Respublikaning ko‘p joylarida jilovlar tasodifiy rahbarlar qo‘lida. Bunday rahbarlar odatda sohaga emas, o‘zidan bir pog‘ona tepadagi kattaroq amaldorga xizmat qiladi. Bunday holda to‘rtta-beshta rahbaru rahbarchalarning shaxsiy tomorqasi gullab ketishi mumkinu, lekin ular bosh bo‘lib turgan sohalar qurib bitishi aniq.

Nega tasodifiy odamlar rahbar bo‘lib qolmoqda?

Chunki ulardan-da kattaroq rahbarlar shuni xohlashmoqda. Ular tanqidni ko‘tara olishmaydi. Ishning haqiqiy mutaxassisi esa, u bilan soha bo‘yicha tortishib qolishi, unday emas, bunday deya, o‘z professional qarashlarini ilgari surishi mumkin. Katta rahbarlar odatda shundan qochadi, qo‘rqadi va yon-atrofiga labbaychi-maddohlarni, qulliqchi-xizmatkorlarni yig‘ib oladi. Chunki ularda bilim yo‘q, tajriba yo‘q, bas, katta rahbarlar nima desa, kichiklari robot kabi shuni bajaradi. Topshiriqning real vaziyatga qay darajada to‘g‘ri kelib-kelmasligi haqida esa, o‘ylab ham o‘tirmaydi. Natijada, ular qurgan to‘g‘onni suv uradi, ular tayyorlagan futbolchilarni raqiblar suradi va hokazo...

Qisqasi, rivojlanmoqchi bo‘lsak, sohalar boshqaruvini haqiqiy mutaxassislariga berish kerak! Hamda yeng shimarib astoydil ishlashlariga qo‘yib beraylik. Yo‘qsa, hali ko‘p “to‘g‘on”lardan xavfsirab yashashga to‘g‘ri keladi..."

2020 yil 2-may

XS
SM
MD
LG