Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:04

Darig‘a Nazarboyeva Qozog‘iston senati raisligidan olindi


Aksar tahlilchilar Nazarboyev o‘rnini qizi Darig‘a egallashi mumkinligini taxmin qilib kelayotgan edi.
Aksar tahlilchilar Nazarboyev o‘rnini qizi Darig‘a egallashi mumkinligini taxmin qilib kelayotgan edi.

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev sobiq prezident Nursulton Nazarboyevning to‘ng‘ich qizi, mamlakat parlamenti oliy palatasi spikeri Darig‘a Nazarboyevaning vakolatlarini tugatishga qaror qildi.

Nazarboyeva parlamentdagi o‘rnidan ham mahrum bo‘ldi.

Bu haqda 2 may kuni Qasim-Jomart Toqayev ma’muriyati ma’lum qildi. Ma’muriyat e’lon qilgan 14 so‘zdan iborat qisqa bildiruvda Nazarboyeva vakolatlari tugatilgani aytiladi. Hozircha buning sabablari ochiqlanmadi.

«Davlat rahbarining farmoniga binoan Qozog‘iston Respublikasi parlamenti senati deputati Nazarboyeva Darig‘a Nursultanovnaning vakolatlari to‘xtatildi», deyiladi bildiruvda.

Toqayev Darig‘ani dam olish kuni, mamlakatdagi koronavirus pandemiyasi tufayli e’lon qilingan favqulodda holat davomida lavozimidan chetlatdi.

Toqayev Twitterda Darig‘a Nazarboyevaga Senat raisi o‘laroq olib borgan «faol va samarali faoliyati» uchun minnatdorchilik izhor qildi.

56 yoshdagi Darig‘a Nazarboyeva Qozog‘istonni 30 yil mobaynida boshqargan otasi 79 yashar Nazarboyev o‘tgan yili iste’foga chiqqan kundan senat raisi edi.

Nazarboyev prezidentlik lavozimini tark etgan bo‘lsa-da, mamlakatning eng oliy qaror chiqaruvchi rasmiysi bo‘lib qolayotganiga ishoniladi.

Sobiq prezident hukmron «Nur Otan» partiyasiga yetakchilik qilishda davom etmoqda. Shuningdek, u Qozog‘iston Xavfsizlik kengashining umrbod raisidir.

O‘tgan yilda Nazarboyev iste’fosi ortidan Toqayev mamlakat poytaxtini sobiq prezident sharafiga qayta nomlashni taklif qildi. Natijada poytaxt nomi Nursultonga o‘zgartirildi.

Aksar tahlilchilar Nazarboyev o‘rnini qizi Darig‘a egallashi mumkinligini taxmin qilib kelayotgan edi.

2007 yilda Darig‘a turmush o‘rtog‘i Rohat Aliyev bilan bog‘liq mashmashalar ortida siyosiy sahnadan chekindi. Uning siyosiy karyerasidagi tanaffus besh yilga cho‘zildi.

2013 yilda yana siyosatga qaytgan Nazarboyeva dastlab parlamentga deputat sifatida kirdi.

2014 yil Nazarboyeva parlament quyi palatasi raisi o‘rinbosarligiga saylandi.

2015 yil Bosh vazir o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Bir yil o‘tib u senat deputati bo‘ldi va Senatning Xalqaro aloqalar, mudofaa hamda xavfsizlik qo‘mitasiga yetakchilik qilgan.

Nazarboyevani parlament spikeri etib tayinlashni o‘sha paytdagi spiker Toqayev taklif qilgan edi.

Konstitutsiyaga muvofiq, senat spikeri amaldagi prezident o‘z vazifasini bajarolmay qolganida yoki iste’fo berganida navbatdagi saylovga qadar prezident vakolatini bajarib turadi.

«Elboshi» unvoni berilgan sobiq prezident Nazarboyev saytida hozircha Nazarboyeva lavozimidan chetlatilgani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.

Keyingi haftalarda Darig‘a Nazarboyeva ismi Buyuk Britaniyada qimmatbaho ko‘chmas mulk bo‘yicha davom etayotgan tortishuvlarga doir xabarlarda tilga olindi.

London Oliy sudi 8 aprel kuni «manbasi noma’lum bo‘lgan daromadlarga sotib olingan uylar» to‘g‘risidagi uchta orderni bekor qildi. Bu orderlarni pul yuvishga qarshi kurash kampaniyasi doirasida Jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha milliy agentlik kiritgan edi. Orderlar Nazarboyevaning o‘g‘li Nurali Aliyev yashayotgan uyga ham tegishli.

Orderda aytilishicha, bahosi 80 million funt sterling (104 million dollarga yaqin) bo‘lgan uy Nurali Aliyev va uning onasi Darig‘a Nazarboyeva egalik qiladigan ofshor shirkatlari nomiga rasmiylashtirilgan. Britaniya huquq-tartibot idoralari bu uylar qaysi mablag‘ hisobiga sotib olinganini isbotlashni talab qilib kelayotgan edi.

London Oliy sudining bildirishicha, orderlar bekor qilinishiga «sudga taqdim etilgan dalillarning yetarli emasligi» sabab bo‘ldi.

Sud qarorida bu uylarni sotib olish manbasi «moliyaviy jihatdan mustaqil bo‘lgan Darig‘a Nazarboyeva» ekani aytiladi.

Jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha milliy agentlik sud qarori ustidan apellyatsiya kiritishini bildirdi.

Qozog‘iston qonunlari Nursulton Nazarboyev va uning oila a’zolariga har qanday tergovdan umrbod immunitet kafolatlaydi.

XS
SM
MD
LG