Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:14

OzodTahlilchi: Sardoba suv ombori “chap” loyihalar sirasidanmi?


Prezident Sirdaryoda uysiz qolganlar bilan suhbatlashmoqda.
Prezident Sirdaryoda uysiz qolganlar bilan suhbatlashmoqda.

Men oldinroq mamlakatimizda jurnalistlik surishtiruvi deyarli yo‘qligini, mahalliy matbuot, asosan, rasmiy xabarlarni chop qilishini yozgan edim. Garchi jurnalist bo‘lmasam-da, ushbu bo‘shliqni, bir oz bo‘lsa-da, to‘ldirishga harakat qildim.

Avvalo, meni u qanaqa suv ombori ekani va u haqda nimalar ma’lumligi haqidagi savol qiziqtirib qoldi.

To‘g‘on suvi urib ketishidan oldin Sirdaryo viloyatining bir necha tumani aholisidan boshqa deyarli hech kim uning borligini bilmas edi. Tan olish kerak, ushbu suv ombori haqida internetdan biror narsa topish amri mahol. Barcha ma’lumotlar – faqat to‘g‘on suvi urib ketgani haqida. Suv ombori va uning qurilishi haqidagi ma’lumotlar yo‘q hisobi.

Dastlab uni topish men uchun jumboqqa aylandi. Faqat matbuotda suv bosib ketgani ortidan nomi aytilgan aholi punktlaridan va Google Map dasturining sun’iy yo‘ldosh versiyasidan foydalanib (uning oddiy formatida suv ombori xaritada umuman ko‘rinmaydi), manzarani tiklash mumkin bo‘ldi. Xaritaning suv ombori joylashgan yer ko‘rsatilgan skrinshotini ilova qilyapman.

Yana shuni aytishim kerakki, hukumatning sum ombori qurilishiga oid qarorini topa olmadim, faqat 2008 yilda e’lon qilingan bitta hujjat bundan mustasno (!) (“O‘zbekiston Respublikasining 2009 yilgi investitsiya dasturi to‘g‘risida”, 2008 yil 2 oktabr, PQ–969-son), uning ilovasida Sardoba suv ombori qurilishiga 700 million so‘m ajratilishi aytilgan ekan. Ushbu pul miqdori qattiq valyutaga aylantirilsa, 400 – 470 ming dollar bo‘ladi (rasmiy yoki norasmiy almashuv kurslarining 2009 yil holatiga qarab).

Ushbu kulgili pul miqdoriga 922 million kub metrlik sig‘imga ega suv omborining aylanasiga o‘ta mustahkam va to‘laqonli ko‘tarma qurish mumkinmi, deb o‘zimga-o‘zim savol beryapman.

Ajabo, pul 2008 yilda ajratilgan, rasmiy matbuotga ko‘ra esa, qurilish 2010 yilda boshlangan. Balki 2009 yil mobaynida loyihalash ishlari bajarilgandir. Biroq ushbu loyiha – uni mahalliy matbuot “asr loyihasi” deb atayotganiga qaramay – qaerda ko‘rib chiqilgani va tasdiqlangani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.

Yana bir e’tiborli jihat shuki, zikr etilgan hujjatga asosan, suv ombori qurilishi uchun Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi mas’ul bo‘lgan. Ma’lumki, o‘sha vaqtda qishloq va suv xo‘jaligi sohasini bosh vazir Shavkat Mirziyoyev nazorat qilgan, u bosh vazirlikka 2003 yili tayinlangan edi. Shuning uchun mahalliy matbuot Mirziyoyevni Sardoba suv ombori qurilishi tashabbuskori va kuratori deb ataganda, noto‘g‘ri gapirmagan edi.

Xo‘sh, u qanday kuratorlik qilgan?

Yuqorida qayd etganimday, qurilishga ajratilgan pul uncha ko‘p bo‘lmagan va tabiiyki, uni amalga oshirishga yetmagan. Shu sababli bo‘lsa kerak, suv ombori qurilishi achchiq ichakday cho‘zilib ketgan.

Faqat Mirziyoyev prezident bo‘lgandan so‘ng qurilish loyihasi qayta jonlandi. Lekin “jonlandi” deyish balandparvoz gapday tuyuladi. “Jonlantirish” uchun pul kerak bo‘ladi. Ochiq manbalarda yangi sarmoyalar haqida hech qanday gap yo‘q.

Men Lex.uz bilan Norma.uz huquqiy ma’lumotlar bazalarini qarab chiqdim va u yerdan zikr etilgan 2009 yilgi hujjatdan boshqa biror narsa topa olmadim.

Suv omboriga tegishli hech qanday huquqiy hujjat yo‘q, ammo u faqat hukumatni ko‘klarga ko‘tarib maqtash uchungina mavjud bo‘lganday taassurot qoldiradi.

Yana bir ajablanarli jihati shuki, butun Markaziy Osiyoning suv-xo‘jalik ob’yektlari va resurslari bo‘yicha ulkan ma’lumotlar bazasi bo‘lgan CAWater-info.net axborot portalidagi O‘zbekiston suv omborlari ma’lumotlar bazasida ham ushbu havza ko‘rsatilmagan.

Biroq byudjet mablag‘lari yo‘qligi Shavkat Mirziyoyevga o‘xshash rasmiy shaxslarni hech qachon tashvishga solmagan. O‘zbekistonda ular yo‘qligiga qaramay, natijaga erishadigan va yuqoriga bu haqda raport beradigan butun boshli “mo‘’jizakor” rahbarlar “kahkashoni” (ayniqsa, hokimlar orasida) yetishib chiqdi.

Masalan, Mirziyoyev Samarqand hokimi bo‘lgan kezlar byudjetda pul yo‘q bo‘lsa-da, Bibixonim me’morchilik majmuasini tiklash uchun mablag‘ topa bilgan edi. Erishilgan natija restavratsiya ilmi talablariga qanchalik javob bergani alohida muhokamani talab etadigan masaladir. Muhimi, Islom Abduhaniyevich mamnun bo‘lgani va “mo‘’jizakor” hokimning e’tiborga tushgani bo‘ldi.

Ammo bunday “mo‘’jizakorlik” siri nimada edi?

Javobi oddiy. Mablag‘ mahalliy tadbirkorlardan chirqillatib tortib olinadi. Bu – tadbirkorlarga solinadigan qo‘shimcha, norasmiy soliq. Majburiy xayriya qilish amaliyoti Karimov davrida oddiy holga aylangan va ayni damda ham shundayligicha qolmoqda. Hozirgi prezident atrofiga aynan shunday “mo‘’jizakor” rahbarlarni yig‘ishga intilmoqda. Ular qiladigan asosiy ish mahalliy tadbirkorlarni qaqshatib pulini olish, suv ombori, GES yoki Tashkent Siti qurilib bitkazilgani haqida o‘z vaqtida hisobot berishdir. Ushbu maqsadlarga erishish usullariga esa unchalik ahamiyat berilmaydi.

Suv omboriga qaytsak. Mahalliy matbuot yozishicha, ob’yekt 2017 yili foydalanishga topshirilgan. Endi bunga nimaning evaziga erishilgani va prezident mulozimlari bilan motorli qayiqda havza bo‘ylab sayr qilgani necha pulga tushgani haqida taxminiy tasavvurimiz bor.

Biroq endi sizu biz guvoh bo‘lib turgan natijani – sinchkov ekspertlar yoki jurnalistlar bunaqa ob’yektlar qanaqa “chap” usullar bilan tiklanayotganiga e’tibor qilganida – o‘sha vaqtdayoq bashorat qilish va to‘polon ko‘tarish mumkin edi. Afsuski, hech kim churq etmadi.

Endi-chi? Prezident darhol viloyatga borib, odamlar bilan uchrashib, ko‘rsatmalar berib hamda saxovat va ko‘maklashishga va’dalar qilib, xalq bilan birdam ekanini ko‘rsatishga harakat qilyapti.

Shuning barobarida u niqobsiz yuribdi (o‘zicha virusdan qo‘rqmaydigan supermen), atrofiga olomonni yig‘yapti. Lekin hech kim ijtimoiy masofalanish talablariga rioya qilayotgani yo‘q. Albatta, xalq bilan birdamlik lahzalarida koronavirusni esdan chiqarsa ham bo‘ladi.

Lekin shu o‘rinda suv ombori loyihasiga Sardoba GES qurilishiday yana bir loyiha ilova qilinayotganini ham eslatib o‘tmoqchiman. Uch oy oldin – 29 yanvarda Vazirlar Mahkamasi “Sardoba suv ombori yonida kichik GES qurilishi” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qilgan edi. Ammo ro‘y bergan voqeadan so‘ng ushbu loyiha to‘xtatib turilarmikan? Qanday qilib mustahkam ekaniga ishonch qolmagan suv ombori yonida GES qurish mumkin?

Dastavval kichik GES qurilishini 23 million dollarga Xitoy kompaniyasi qurishi haqida xabar berilgan edi. Lekin oradan ko‘p o‘tmay, Rossiyaning “Siloviye mashini – ZTL, LMZ, Elektrosila, Energomasheksport” kompaniyasi bosh pudratchi bo‘lishi va u bilan 19,2 million yevrolik shartnoma tuzilgani e’lon qilindi. Bosh pudratchi almashuviga nima sabab bo‘lgani aytilmayapti – bunaqa masalalar O‘zbekistonda yopiq eshiklar ortida hal qilinadi. Ayni hol bunaqa investitsiya loyihalarini amalga oshirish borasida shaffoflik yo‘qligini ko‘rsatadi.

Darhaqiqat, na suv ombori qurilishi va na GES qurilishida ochiq va shaffof tenderlar o‘tkazilgan. Bunaqa tenderlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan boshqa loyihalar bo‘yicha ham o‘tkazilmaydi. Buning ma’nosi shuki, hokimiyat byudjet mablag‘larini ajratishda va shartnoma tuzuvchilarni tanlashda manfaatlar ziddiyatini yashirishga urinadi. Har holda men bunga boshqa izoh topa olmadim.

Shunday qilib, Sardoba suv ombori bilan bog‘liq voqea O‘zbekistonda boshqaruv tizimi va resurslar taqsimotida katta kamchiliklar borligini ochib tashlamoqda. “Chap” loyihalar amaliyoti va shu bilan bog‘liq mahalliy korxonalar va aholi mablag‘larini tortib olish holatlari avj olmoqda, ochiq tenderlar bo‘lmagan paytda shartnomalar manfaatlar ziddiyati bor pudratchilarga tegmoqda. Darvoqe, O‘zbekiston qonunchiligiga manfaatlar ziddiyati haqidagi bandlar hali kiritilmagan.

Boshqaruvning bunaqa usullari bilan O‘zbekiston uzoqqa bora olarmikan?

Alisher Ilhomov, Londondagi Sharq va Afrika tadqiqotlari instituti tahlilchisi.

***

OzodTahlilchi - Ozodlikning yangi rukni. Unda turli soha mutaxassislari, ekspertlar, publitsist, jurnalist va blogerlarning Ozodlik o‘quvchilari uchun yozgan tahliliy maqolalari e’lon qilib boriladi.

OzodTahlilchida, shuningdek, Ozodlik formatida bo‘lmagan luqmalar, sharhlar, chizgilarga, bir so‘z bilan aytganda, mualliflarning kundalik voqea-hodisalarga munosabatlari aks etgan matnlarga o‘rin beriladi.

OzodTahlilchida e’lon qilinadigan material muallifi qarashlari Ozodlik qarashlari ifodasi sifatida qabul qilinmasligi kerak.

XS
SM
MD
LG