Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2020, Тошкент вақти: 13:27

IIV o‘z xodimlarini "qasddan haqorat qilgan" Yulduz Usmonovaga nisbatan chora ko‘rilishi haqida bildirdi


Yulduz Usmonova o‘z uyining oldida Sardoba fojiasida jabr ko‘rganlar uchun yordam yig‘ish aksiyasini o‘tkazdi

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi xalq artisti, sobiq Oliy Majlis deputati Yulduz Usmonovaning ichki ishlar organlariga qarata bildirgan tanqidini “noo‘rin”, “o‘ta salbiy” va “madaniyatsizlik” deb baholadi.

Vazirlik o‘z bayonotida Usmonovani ichki ishlar organlari xodimlari sha’ni va qadr-qimmatini kamsitishga harakat qilganlikda aybladi va unga nisbatan qonuniy tartibda chora belgilanishini bildirdi.

“O‘z qilmishi bilan Y.Usmonova barcha ichki ishlar organlari xodimlarini uyatli so‘zlar, obro‘sizlantiruvchi uydirmalar va beodoblik bilan qasddan haqorat qilgan”, deyiladi Ichki ishlar vazirligi bayonotida.

4 may kuni taniqli xonanda Yulduz Usmonova Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi jonli efirda IIB xodimlarini “nomard”,“padarla’nat”, “nol v korobke”, “lafzsiz” deb atadi va “tuf silarga” deb qo‘shdi.
“Xalq eshitsin, militsiya klizma olmagunicha mutlaqo ishlamaydi”, dedi Yulduz Usmonova.

Ushbu tanqidlarni Usmonova odamlardan yig‘ilgan insonparvarlik yuklarini fojiadan aziyat chekayotgan sirdaryoliklarga tezroq yetkazib berishda yetarlicha ko‘mak bermagan xodimlarga qaratdi.

Ichki ishlar vazirligi esa, o‘z xodimlari Yulduz Usmonovaga vakolati doirasida barcha qo‘lidan kelgan yordamni berib kelganini ta’kidladi.

“Y.Usmonova o‘zining yordamchilari orqali to‘plangan yuklarni darhol, ya’ni 3 may soat 00.10larda YHXB xodimlari kuzatuvi ostida Sirdaryo viloyatiga jo‘natilishini talab qilgan. Shunda xodimlar Y.Usmonovaga Sirdaryo viloyatiga chiqish belgilangan tartibda tegishli ruxsatnoma asosida, kunduzgi vaqtda hamda uyushgan holda amalga oshirilishini tushuntirishlariga qaramasdan, uning asossiz tanqidiga uchraganlar”, deya izohladi Ichki ishlar vazirligi.

Shu kunning o‘zida ijtimoiy tarmoqlarda Yulduz Usmonovaning uzr so‘rab chiqqan videosi tarqaldi.

Assalom alaykum azizlar. Hurmatli Ichki ishlar vazirligi, mudofaa, “silovoy struktura” hammalaringizdan, dillaringizni og‘ritgan bo‘lsam, ulug‘ kunlarda uzr so‘rayman. Hammamizda ayb bor. Men ayol kishiman. Lekin aybsiz ko‘rmaganimni gapirmayman. Man ko‘rganim uchun gapirdim”.

Yulduz Usmonova shu kunlarda o‘zining Toshkentdagi uyida Sardoba to‘g‘oni yorilishi oqibatida aziyat chekayotgan fuqarolarga gumanitar yordam to‘plash va yetkazib berish ishlariga bosh-qosh bo‘lmoqda.

Uning bevosita ishtirokida yordamga muhtoj fuqarolarga millionlab so‘m pul mablag‘lari, bir necha yuk mashinada oziq-ovqat, kiyim-kechak va yosh bolalar uchun zarur mahsulotlar yetkazib berildi.

Yulduz Usmonova jahl ustida aytganlarini shu kunlari kam uxlagani va quyosh tagida qolib ketgani bilan izohladi.

U suv toshqinida halok bo‘lgan Milliy gvardiya xodimining o‘limi yuzasidan ta’ziya bildirdi.

Avvalroq Yulduz Usmonovaga O‘zbekiston Madaniyat vazirligi e’tiroz bildirdi.

“Yurtimizga kelgan sinovlar paytida Yulduz Usmonova tomonidan bildirilgan fikrlar noo‘rindir, shuningdek, san’atkorning xabari bo‘lmasa kerak, ikki oy davomida o‘z oilasi va uyiga xattoki bormayotgan ichki ishlar xodimlari ijtimoiy tarmoqlarda nolishayotgani yo‘q”, deyilgan vazirlik xabarnomasida.

XS
SM
MD
LG