Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:43

Koronavirusga davo izlab - tojikistonlik vrach «g‘alati» dorini o‘z tanasida sinab ko‘rdi


Tojikiston sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi COVID-19 koronavirusini yuqtirgan bemorlarga tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha mahalliy tibbiyot xodimlari uchun qo‘llanma tayyorladi. Vazirlikning ogohlantirishicha, dori preparatlarini vrach retsepti va tavsiyasisiz qabul qilish qat’iyan man etiladi. Biroq ko‘pchilik kasallikka chalinganlar tavsiyani kutib o‘tirmasdan, o‘zini o‘zi davolashga kirishib ketdi.

Rasht tumani markaziy kasalxonasi bosh vrachi o‘zini silga chalingan uy hayvonlarini davolashga mo‘ljallangan preparat yordamida koronavirus xastaligidan tuzatganini ma’lum qildi.

(Ozodlik tojik xizmati COVID-19 xastaligini davolash yoki oldini olishdagi samaradorligi hali isbotlanmagan bu dori nomini e’lon qilmaydi.)

Qobiljon G‘iyosovning 6 mayda Ozodlikka bildirishicha, koronavirus alomatlari bilan Dushanbedan qaytib kelgan mahalliy amaldorni davolagandan so‘ng infeksiya yuqtirib olgan.

− Biz uni kasalxonaning infeksiya bo‘limiga joylashtirdik. Hamma vrachlar qochib ketdi. Men 6 kun davomida uni davolash bilan shug‘ullandim. Yettinchi kuni o‘zimning tanamda koronavirus alomatlari paydo bo‘ldi. Bir necha kun ichida ahvolim butunlay yomonlab ketganiga ishonish qiyin edi. Ko‘zlarim ko‘rmay qola boshladi, endi o‘lib qolsam kerak, deb o‘yladim, − deydi Rasht tumani kasalxonasi bosh vrachi.

Shundan so‘ng Qobiljon G‘iyosov virusga qarshi dorilarni qabul qila boshlagan.

− Lekin ular yordam bermadi, ahvolim battarlasha boshladi, varaja tutadigan bo‘ldi, tanam harorati baland (41 darajagacha) bo‘ldi, nafas olishga qiynalib qoldim, o‘pkam og‘irlashib, yomon xirillash paydo bo‘ldi. Internetdan qidirishni davom ettirib, echkilardagi o‘pka shamollashini davolashda ishlatiladigan bir dorini topdim. Ko‘rsatmasini o‘qib ko‘rib, uni o‘zimda sinashim mumkinligiga ishondim. Baxtimga o‘sha dori veterinariya dorixonasida bor ekan. Dastlab menga uning 1 millitrini ukol qilishdi, lekin ahvolim o‘zgarmadi. Shundan so‘ng uning miqdorini 9 millitrga yetkazishga qaror qildik. Kechqurun ukol qilingan bo‘lsa, kechasi soat 2 larga borib, bir oz yengillashdim, − deb hikoya qiladi G‘iyosov.

Vrachning aytishicha, keyinchalik yana 4 nafar bemorni o‘sha preparat bilan davolagan.

Uy hayvonlaridagi zotiljam xastaligini davolaydigan preparat Niderlandiyada ishlab chiqariladi va u Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dori preparatlari reestriga kiritilgan.

Ayni choqda Tojikiston sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi COVID-19 koronavirusini yuqtirgan bemorlarga tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha mahalliy tibbiyot xodimlari uchun qo‘llanma tayyorladi.

− Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi o‘tgan oyda koronavirus infeksiyasiga tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha vaqtinchalik qo‘llanma tayyorlagan edi, deb xabar qildi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Mirhamuddin Kamolzoda.

Bildirishicha, vrachlarga koronavirusni davolashda “Delagil”, “Arbidol”, “Ribavirin”, “Levofloksatsin” va “Seftriakson” preparatlari tavsiya qilinmoqda. Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi aholini vrachlar tavsiyasisiz ushbu dori preparatlaridan foydalanish qat’iyan taqiqlanishidan ogohlantirmoqda.

Yaqinda So‘g‘d viloyati hokimligi matbuot xizmati viloyat rahbari Rajabboy Ahmadzoda topshirig‘i bilan barcha kasalxonalar gidroksixloroxin dorisi bilan ta’minlanganini bildirdi. Bu dori odatda revmatoid artrit va bezgakni davolashda qo‘llanadi, biroq hozircha uning yangi koronavirusni davolashdagi samaradorligi tasdiqlangan emas.

Bugun butun dunyoda 100 ga yaqin tadqiqot guruhi yangi vaksina ishlab chiqish ustida ishlamoqda. Shulardan faqat 8-11 tasi, ya’ni Xitoy, AQSh, Buyuk Britaniya va Germaniya olimlari muvaffaqiyat qozona bildi va dastlabki sinov ishlarini boshladi. Ayni paytda barcha tadqiqot guruhi o‘zaro axborot almashmoqda.

Xabar qilganimizdek, Londonda yashovchi 35 yashar tojik olimi Bobojon Nazarov rahbarligida bir guruh mutaxassislar Britaniyada koronavirusni davolashga mo‘ljallangan dori sinovini boshladi. Sinovlar Britaniyaning Nazarov rahbarligidagi “Latus Therapeutics” bazasida Oksford universitetidan kelgan bir guruh olimlar ishtirokida o‘tkazildi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, COVID-19 ga qarshi vaksina ishlab chiqish qiyin, chunki koronavirusning boshqa shtammlariga qarshi emlashning mos keluvchi namunalari yo‘q. Masalan, 2003 yilgi atipik zotiljam o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketgani sababli vaksina ishlab chiqarish bo‘yicha ishlanmalarni moliyalashtirish to‘xtatib qo‘yilgan.

Tojikiston sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 6 mayga kelib, mamlakatda COVID-19 yuqtirganlar soni 379 ta, o‘lganlar soni esa 8 taga yetgan.

Biroq ekspertlar va aksariyat ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari Tojikistonda koronavirus yuqtirganlar sonining rasmiy statistikadagidan ancha ko‘pligiga ishonadi.

XS
SM
MD
LG