Линклар

Шошилинч хабар
22 сентябр 2020, Тошкент вақти: 22:22

O‘zbekiston kichik korxonalari karantin tugashini intiqib kutmoqda


Pandemiyadan oldin kichik korxonalarning O‘zbekiston YaIMdagi ulushi 56 foizni tashkil etayotgan edi. Koronavirus tarqalishining oldini olishga qaratilgan cheklovlar bekor qilingach, kichik biznes yana o‘zini o‘nglay oladimi? eurasianet.org saytida e’lon qilingan maqola shu haqda. E’tiboringizga maqola tarjimasini havola qilyapmiz.

***

Farhod Tog‘ayev nazdida karantin tez orada bekor qilinishi dargumon. U boshida bunga hech ko‘nika olmadi. Odaticha, har kuni ertalab soat 5 da uyg‘onib ketar va birinchi qiladigan ishi oyog‘i chigilini yozish hamda do‘stlari yoki oila a’zolari bilan uch-to‘rt og‘iz gaplashishi bo‘lar edi.

Biroq mart oxiridan boshlab O‘zbekistonning janubidagi Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘i ko‘chalari bir soat ichida bo‘shab qoldi. Qishloq, avvalo, buyuk sarkarda Amir Temur tug‘ilgan joy sifatida mashhur.

42 yashar Tog‘ayev ko‘chada biror kishini uchratib qolsa, o‘zbekcha odatga ko‘ra, “assalomu alaykum” deb salom berish hamda chap qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, o‘ng qo‘li bilan ko‘rishish istagi paydo bo‘lar edi. Biroq ijtimoiy masofalanish qoidalari bunday muloqotni taqiqlaydi.

Koronavirus Tog‘ayevning kayfiyatini buzdi. Zo‘rg‘a talaffuz qiladigan ushbu so‘z uning jahlini chiqaradi. Virus asosiy daromad manbasidan ayirib, metalli simlarini tovuq katagiga aylantirdi. U odatda kuniga bitta yasagan qafasini 10 dollarga sotib, 5 dollar foyda oladi.

− Shu virusni deb mijozlarimdan, kundalik daromadimdan ayrildim, − dedi u Eurasianet muxbiriga. – Oilamizda davlat ishida ishlaydigan biror kishi yo‘q.

Karantin e’lon qilinishi bilan buyurtmalarning keti uzildi. U qafas tayyorlash barobarida 1,2 ming kvadrat metr yerida kartoshka bilan boshqa sabzavotlar yetishtiradi. O‘z qo‘li bilan qurgan issiqxonaga pomidor bilan bodring ekdi. Bu faqat oilani qo‘shimcha oziq-ovqat bilan ta’minlash uchun yetadi, xolos, dedi u.

Tog‘ayevning 4 farzandi bor. Umr yo‘ldoshi ishlamaydi, lekin ma’lumotli – o‘qituvchilikka o‘qigan. Ota-onasi ular bilan birga turadi. Binobarin, oilada yeyman-ichaman degan 8 og‘iz bor.

Tog‘ayev har kuni kechqurun karantin butunlay tugagani to‘g‘risida xabar eshitish uchun televizor ko‘radi. Buning o‘rniga prezident Shavkat Mirziyoyev aholiga va biznesga yordam berishga va’da qilganini eshitadi. Eurasianet muxbiriga aytishicha, eshitgan rasmiy gaplarining ko‘pchiligini tushunmaydi, eshitganlarining juda oz qismi o‘zi, oilasi va biznesiga naf beradi.

Pandemiya boshlanishidan oldin O‘zbekistondagi yalpi ichki mahsulotning deyarli 56 foizi kichik biznes ulushiga to‘g‘ri kelayotgan edi. Har ming bosh aholiga 13,3 ta shunday korxona to‘g‘ri kelayotgan, bunday kichik korxonalar soni tez ortib borayotgan edi.

O‘zbekiston ushbu boshi berk ko‘chadan chiqib ketish uchun xalqaro moliya institutlariga yordam so‘rab murojaat qildi. Mirziyoyev aprelda Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Saudiya Arabistoni yetakchiligidagi Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va Xitoy ko‘maklashayotgan Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki singari tashkilotlardan 3,1 milliard AQSh dollarilik qarz olishga qaratilgan farmon chiqargan edi.

Hukumat koronavirusga qarshi kurash uchun ajratgan 10 trillion so‘mlik mablag‘ning yarmidan ko‘prog‘i – taxminan, 5,5 trillion so‘m (540 million dollar) korxonalar va ish o‘rinlarini qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan. Kredit olgan tadbirkorlarga ham bir oz yengillik berilyapti va uni qaytarish vaqti ortga surilyapti, ayrim soliqlar bekor qilinyapti.

Bu qanchalik naf beradi?

Bu yog‘i – tavakkalchilik, qisqa muddat vaziyat og‘ir bo‘lishi muqarrar. Xalqaro valyuta jamg‘armasi joriy yilda O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘sish 18 foizga qadar pasayishini bashorat qilmoqda, ushbu ko‘rsatkich 2019 yilda 5,5 foiz bo‘lgan edi. Ammo jamg‘arma 2012 yilda vaziyat keskin o‘zgarishini va iqtisodiyot 7 foiz o‘sishini kutmoqda.

‒ Bashorat qilish qiyin va iqtisodiyotning tiklanishi ko‘plab omillarga bog‘liq, ‒ dedi Bahrom Rajabov Eurasianet muxbiriga.

Rajabovga ko‘ra, 2020 yilning ikkinchi yarmidagi mo‘’tadil o‘sish koronavirus nechog‘li yaxshi jilovlangani va karantin choralari qanchalik yengillatilganiga bog‘liq.

Rasmiy raqamlar umid uyg‘otadi. 10 may holatiga ko‘ra, rasman qayd etilgan koronavirus yuqtirganlik holatlari 2411 taga yetdi. O‘sha kishilarning 3/4 qismiga yaqini tuzaldi, o‘lgan kishilar soni esa yaqinda ikki xonali songa etdi. Shunga qaramasdan, jurnalistlarning bunday ijobiy natijalarni mustaqil ravishda tasdiqlatish imkoniyati juda kam.

11 mayda boshlangan bosqichda mamlakat nisbiy epidemiologiya xavfi sirg‘aluvchi qizil, sariq, yashil tolifalariga bo‘lindi. Unga ko‘ra, so‘nggi ikki hafta ichida koronavirus yuqtirganlik holatlari qayd etilgan hududlar qizil bo‘ladi. Spektrning boshqa chetida koronavirus yuqtirganlar aniqlanmagan yoki kasal bo‘lganlar butunlay sog‘ayib ketgani e’lon qilingan yashil guruh turadi. O‘sha joylardagi cheklovlar yengillashtirildi.

Tog‘ayevning qishlog‘i joylashgan Yakkabog‘ tumani – yashil hududlar ro‘yxatida.

Ish o‘rinlarini qanday yaratish mumkin?

Ushbu inqiroz mehnat bozoriga qanchalik zarar yetkazganini hali tushunib olish kerak bo‘ladi.

− Inqiroz oqibatida mehnat bozori o‘zgarishlarga yuz tutadi va ishsizlar soni ortadi, − dedi Rajabov. – Hukumat nafaqalarni to‘lash xarajatlarini qoplash uchun moliyaviy resurslar qidirmoqda, biroq kelajakda yangi ish joylari tashkil etish to‘g‘risida bosh qotirish ham kerak bo‘ladi. Bu qo‘shimcha moliyaviy resurslarni taqozo qiladi.

Siyosatshunos Farhod Mirzayevning iqtisodiyot tez orada tiklanib ketishiga ishonchi komil.

‒ Davlat to‘lanmagan soliqlar va korxonalarning olinmagan djaromadlari sabab katta zarar ko‘rdi. Biroq karantin abadiy emas, ‒ dedi u. ‒ Barcha zararlar qoplanishi mumkin.

Mirzayev aytishicha, O‘zbekistonning mavqei yaxshi, chunki sanoatning ko‘plab sohalari faoliyati umuman to‘xtagani yo‘q.

‒ Karantin bekor qilingach, birinchi bo‘lib ishga tushirilish kerak bo‘lgan sohalar transport, savdo, ya’ni bozorlar bo‘lishi kerak, ‒ dedi u.

Iqtisodiyotni tiklash ushbu inqirozning og‘ir yuki zimmasiga tushgan sog‘liqni saqlash sohasiga ko‘proq investitsiya kiritishni ham talab etadi, deydi Rajabov. U misol tariqasida O‘zbekistonning Global xavfsizlik indeksidagi o‘rni juda past ekanini keltirdi. Jons Hopqins universitetining Salomatlik xavfsizligi markazi, Yadro tahdidlariga qarshi kurash tashabbusi va Economist Intelligence Unit kompaniyasi sog‘liqni saqlash tizimi ishonchliligini baholash bo‘yicha yaratgan tizimda O‘zbekiston 195 ta mamlakat orasida 116-o‘rinda qayd etilgan.

Toshkent tashqarisida aprelda 10 000 o‘rinli yuqumli kasalliklar shifoxonasi ochilgani koronavirus tarqalgandan so‘ng ushbu muammoni hal etishga qaratilgan choralardan biri bo‘ldi.

Shu bilan bog‘liq muammo farovonlik ekanini ekanini ko‘rsatadi va ish unumdorligiga ta’sir qiladi.

‒ Ijtimoiy himoya vazirligi va umuman olganda, butun boshli ijtimoiy himoya tizimini yaratish zarur. Inqiroz zaif joylarni ochib tashladi, ‒ dedi Rajabov. ‒ Hokimiyat o‘zaro kelishilgan tadbirlarni amalga oshirishidan oldin volontyorlar – talabgorlar qashshoq va nogiron kishilarga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berib turdi. Mahalla qo‘mitalari hech ish qilmayotganidan shikoyatlar bo‘ldi. Vaholonki, ushbu muassasa hammadan ko‘ra aholiga yaqin bo‘lishi kerak edi.

Tog‘ayev yangi daromad manbasini qidirish uchun karantin choralari yengillashuvini kutib o‘tirmadi. U uch g‘ildirakli mo‘’jaz yuk mashinasini olib, chorvador fermerlarga pichan yetkazib bera boshladi. Bir necha soatlik vaqt ketadigan har qatnagani uchun 2 dollar haq oladi. Bu unchalik ko‘p emas, lekin Tog‘ayev bahor seryog‘in kelgani sababli bu ishi kamida yozgacha ishlab turishi uchun yetishiga umid qilmoqda.

‒ Men Rossiya televideniyesi ko‘rsatuvlaridan Qo‘shma Shtatlar, Germaniya, hatto Qozog‘iston hukumati kichik korxonalarga naqd pul va arzon kredit berayotganini bilib oldim. O‘zbekiston ham shunday qiladimi? ‒ dedi Tog‘aev. ‒ Bunga shubham bor. Shuning uchun bunday og‘ir vaziyatdan faqat o‘zim chiqishim mumkin.

XS
SM
MD
LG