Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:38

G‘ani va Abdulloh kelishuvidan so‘ng Tolibon bilan muzokaralarning qayta boshlanishi kutilmoqda


Ashraf G‘ani raqibi Abdulloh Abdulloh Kobul hukumatining Tolibon bilan muzokaralariga yetakchilik qiladi.
Ashraf G‘ani raqibi Abdulloh Abdulloh Kobul hukumatining Tolibon bilan muzokaralariga yetakchilik qiladi.

Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani va uning siyosiy raqibi Abdulloh Abdulloh uzoq davom etgan siyosiy kelishmovchilikdan keyin hokimiyatni taqsimlash to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Unga ko‘ra, Abdulloh hukumatning Tolibon bilan olib borayotgan tinchlik muzokaralariga yetakchilik qiladi.

Kelishuv, shuningdek, sobiq vitse-prezident general Abdulrashid Do‘stumni yuqori harbiy lavozimga tayinlashni ham ko‘zda tutadi.

17 may kuni prezident matbuot kotibi Sidiq Siddiqiy Twitterda G‘ani va Abdulloh bitimni imzolayotgani aks etgan suratni ulashdi.

BMT hamda AQSh rasmiylari Afg‘onistonda siyosiy inqirozga barham berilganini olqishladi.

Siddiqiyga ko‘ra, Abdulloh yangi tuzilgan Afg‘oniston Oliy milliy yarashuv kengashi raisi bo‘ladi.

Shuningdek, kelishuvga binoan zo‘rlashga urinish hamda dushmanlarini o‘g‘irlab ketishda ayblangan general Do‘stum Afg‘oniston qo‘shinlarining marshali etib tayinlanadi.

Kelishuvning Afg‘onistonda 2019 yili o‘tkazilgan bahsli prezident saylovlari ortidan yuzaga kelgan siyosiy inqirozga barham berishi aytilmoqda. Saylov ortidan ham G‘ani, ham Abdulloh o‘zini g‘olib deb e’lon qilgani ortidan Afg‘onistonda ikki parallel hukumat yuzaga keldi. Bu esa mamlakatda tinchlik o‘rnatish urinishlariga to‘sqinlik qilib kelmoqda.

Kelishuv imzolanishi oldidan Reuters agentligi ochiqlanmagan manbasiga tayanib¸ ikki raqib hokimiyatni 50/50, ya’ni teng ravishda taqsimlab olishini ma’lum qilgan edi. Siddiqiy o‘z tvitida keyinroq bitim haqida ko‘proq ma’lumot berilishini yozdi.

Abdulloh o‘tgan yilning sentabrida o‘tkazilgan saylov natijalarini tan olmay keladi. U 2014 yildagi saylovda ham natijalardan norozi bo‘lgan va hokimiyat taqsimoti bo‘yicha kelishuv bilan bosh vazirlik lavozimini olgan edi.

Dekabr oyida saylov rasmiylari G‘ani g‘olib chiqqanini e’lon qilishi ortidan Abdulloh ham o‘zini prezident deb e’lon qildi. Ammo xalqaro hamjamiyat faqat G‘ani g‘alabasini tan oldi.

Hukumat tarkibi bo‘yicha kelishmovchiliklar Kobul va Tolibon o‘rtasidagi muzokaralarga xalal berib keladi. Joriy yilning fevralida imzolangan kelishuvga binoan Kobuldagi hukumat va jangari guruh 10 mart kuni muzokara o‘tkazishni boshlashi kerak edi.

15 may kuni AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod Afg‘oniston hukumati va Tolibon o‘rtasidagi muzokaralar sanasi belgilanishi kutilayotganini ma’lum qildi.

AQSh Davlat departamenti e’lon qilgan bayonnomada yozilishicha, davlat kotibi Mayk Pompeo G‘ani va Abdullohni erishilgan kelishuv bilan tabriklagan, ammo ular o‘rtasidagi kelishmovchiliklar tufayli vaqt yo‘qotilganidan afsusda ekanini aytgan.

XS
SM
MD
LG