Линклар

Шошилинч хабар
11 июл 2020, Тошкент вақти: 00:40

Qirg‘izistonda parlament saylovlari arafasida hukmron partiya parchalanishda davom etmoqda


Qirg‘izistonda parlament saylovlariga to‘rt oy qolar ekan, hukmron Qirg‘iziston sotsial-demokratlar partiyasi (QSDP) yana bo‘lindi.

QSDP uzoq yillardan beri mamlakatdagi eng yirik partiyalarning biri bo‘lib keladi. Partiya 2015 yilgi saylovlarda 38, 2010 yilgi saylovlarda 26 va 2007 yilgi saylovlarda 11 o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.

Mamlakatdagi eng eski partiyalardan biri bo‘lmish QSDP 1995 yilgi saylovlarda ham partiyalar orasida eng ko‘p o‘rinni qo‘lga kiritgandi.

Parchalanishda davom etayotgan partiya joriy yilning 4 oktabriga belgilangan saylovlarda avvalgidek yaxshi natijaga erisha olmasligi mumkin.

21 may kuni partiya a’zosi, parlament deputati Irina Karamushkina Facebookda sobiq prezident hamda partiyaning sobiq lideri Almazbek Atambayevning o‘g‘illari Seyitbek va Qadir Atambayevlar yangi tuzilgan Qirg‘iziston sotsial-demokratlari (QSD) partiyasiga a’zo bo‘lgani haqida yozdi.

Karamushkina partiyaning amaldagi raisi Asel Qoduranova Atambayev o‘g‘illarini himoya qilmay qo‘yganini, shuning uchun ular boshqa bir QSDP a’zosi bilan QSD partiyasiga o‘tganini ta’kidladi.

Aslida QSDP bir necha yil oldin – 2017 yili prezident Atambayevning prezidentlik muddati o‘z yakuniga yetganidan keyin parchalana boshlagan edi.

Atambayev prezidentlik lavozimidan ketdi, ammo uning mamlakat siyosiy sahnasini tark etish niyati yo‘q edi. Atambayev joriy prezident So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov saylovda g‘alaba qozonishi uchun qattiq kurashdi.

Ko‘pchilik Atambayev Jeenbekovni qo‘g‘irchoq qilib olib, mamlakatni parda ortidan boshqarishda davom etishini xulosa qildi. Ammo yangi prezidentning o‘z rejalari bor edi va u asta-sekin Atambayev hukumatidan qolgan rasmiylarni birin-ketin lavozimidan chetlatdi.

Ikki sobiq hamkor janjallashib qolgani va ularning to‘qnashuvini matbuot nashrlari keng yoritdi.

2019 yilning martida QSDP ikkiga bo‘lindi. Ko‘pchilik yangi tuzilgan, rasman Atambayevsiz QSDP deb nomlanuvchi partiyaga o‘tdi. Ayrimlar bu ikki partiyaning birortasiga ham a’zo bo‘lmaslikka qaror qildi.

Atambayev 2019 yil avgustida Qo‘ytosh qishlog‘ida sodir bo‘lgan voqealar ortidan hibsga olindi. Unga mamlakat Jinoyat kodeksining bir necha moddasi (shu jumladan o‘ta og‘ir jinoyatlar) bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.

Keyingi oylarda QSPDning partiyaga sodiq a’zolari soni yana ozaydi. Atambayevsiz QSDP partiyasi parlamentda hukmron bo‘lsa-da, uni qo‘llovchilar soni avvalgidek emasligi aytilmoqda.

Sobiq prezidentning o‘g‘illari yangi partiyaga qo‘shilgani asosiy partiyani yanada kuchsizlantirdi.

Atambayevsiz QSDP partiyasi raisi joriy oyda partiya oktabrga belgilangan saylovlarda qatnashishini aytdi. Asosiy QSDP partiyasi ham saylovlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Bugunga qadar partiyaning amaldagi raisi Qoduranova va partiyaning boshqa a’zolari, jumladan, Riskeldi Mombekov, Qunduz Joldubayeva, Irina Karamushkinalar partiyani tark etdi.

Bu orada parlamentdagi ikkinchi yirik partiya bo‘lmish Respublika-Atajurt partiyasi ham ikkiga bo‘lindi. Xulosa qilib aytganda, bu yilgi parlament saylovlari suronli bo‘lishini kutish mumkin

XS
SM
MD
LG