Линклар

Шошилинч хабар
15 август 2020, Тошкент вақти: 18:14

Chegaradagi nizoda otilgan o‘qdan og‘ir jarohatlangan so‘xlik bokschi yigit oyoqqa turdi


31 may kuni o‘zbek-qirg‘iz chegarasida ikki davlat vatandoshlari o‘rtasida bo‘lgan to‘qnashuvda o‘q otar quroldan jarohatlangan Saidjon Tillaaminov, 19, So‘x, Zangad qishlog‘idan

O‘zbekiston - Qirg‘iziston davlat chegarasida 31 may kuni bo‘lgan insidentda o‘q yeb, og‘ir jarohatlangan 19 yashar so‘xlik boksyor yigit Saidjon Tillaaminov oyoqqa turdi.

Ozodlik bilan suhbatda Saidjon jonlantirish bo‘limidan chiqarilgani va 8 iyun kuni oyoqqa turganini aytdi.

O‘zini ko‘rish uchun O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri kasalxonaga kelganini aytgan bokschi yigit¸ qanday jarohatlangani bilan na IIV va prokuratura¸ na DXXdan hech kim qiziqmayotganini qo‘shimcha qildi.

So‘xning Zangad qishlog‘ida yashaydigan Saidjon Tillaaminov, chegaraning ikki tarafida yashayotgan qo‘shni qishloqlar aholisi o‘rtasida nizo kuchaymasligi uchun o‘ziga o‘q uzganlar jazolanishini talab qilmaslik niyatida.

31 may kuni O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara hududi - Farg‘onaning anklavi bo‘lgan So‘x tumani bilan Botken viloyatining Qadamjoy tumani o‘rtasidagi bahsli hududda joylashgan Chashma bulog‘i suvi ustida janjal kelib chiqdi.

Rasmiy bayonotlarga ko‘ra, janjalda chegaraning ikki tarafidan mingdan oshiq odam qatnashgan, tomonlar bir-birini toshbo‘ron qilgan, bir necha uyga o‘t qo‘yilgan.

Bu insidentda o‘qotar quroldan jarohatlangan Saidjon Tillaaminov hodisa sodir bo‘lgan paytda uyida bo‘lgan va o‘rtoqlari yonayotgan uyni o‘chirish uchun uni yordamga chaqirishgach, voqea joyiga borgan:

- U yerga yonayotgan uylarning olovini o‘chirishda yordam berish uchun borgandim. Birdan o‘q ovozi eshitildi va menga o‘q tegdi. Bitta o‘q uchta joyimdan jarohatladi. Hozir yaxshiman, bugun oyoqqa turdim. Kim o‘q uzganini ko‘rmadim, bilmayman. Kimligini bilishni istamayman ham. Chunki nizo tugashini istayman. Ikki tomondan ham aholi tinchlikni istaydi, men tinchlik tarafdoriman, - dedi Ozodlik bilan 8 iyun kungi suhbatda Tillaaminov.

Bu yigit 31 may kungi insident davomida o‘q yegani aytilayotgan 13 so‘xlikdan biridir.

Quyida Saidjon bilan suhbatni to‘liq tinglang:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:07 0:00
Бевосита линк


Ozodlik suhbatlashgan 19 yashar Saidjonni 31 may kuni shifokor muolaja qilayotgani aks etgan video ham Ozodlikka yuborilgan.

Videoda shifokor qonga belanib yotgan bemorning jarohatlarini ta’riflaydi. Videodagi ta’bni xira qiluvchi kadrlar¸ xususan bemor tanasining intim qismlari ko‘ringani uchun Ozodlik uni e’lon qilmayotir.

31 may kuni Ozodlikka xabar yo‘llangan so‘xlik tibbiyot xodimlaridan biri ayni jarohatlar bilan tushgan bemor haqida bildirgan edi:

"Bir bemor o‘q yegan, pistoletdan. Oyog‘iga, bo‘yniga va jinsiy azosiga o‘q yegan. 2001 yilda tug‘ilgan. O‘q bir tomonidan kirib narigi tomonidan chiqqan. Ahvoli o‘rta og‘ir, ko‘p qon yo‘qotgan".

Saidjonning aniqlik kiritishicha, dastlabki ko‘rikdagi ba’zi tashxis keyingi tekshiruvlarda o‘zgargan:

- Jarohatim uchta, lekin bitta o‘q tegib o‘tgan uchta joyimga. Jinsiy a’zoga deyishgani ham to‘g‘ri emas. Qonning ichida yotganim uchun shunaqa ko‘ringan. Jarohat qornimdan pastda, jinsiy a’zoning yonidan o‘tib, sonimni teshib kirgan - o‘q bir tarafidan kirib, boshqa tarafidan chiqib ketgan. Lekin hozir yaxshiman.

1 iyun kuni So‘x tuman Tibbiyot birlashmasi va bu yerda ishlaydigan bir necha shifokor, insident ro‘y bergan kuni o‘q yegan 13 odamning birlashmaga keltirilgani, jami 187 so‘xlikning jarohatlanganini bildirgan edi.

O‘sha kuni So‘x tuman hokimligi axborot xizmati, jami jarohatlangan 187 bemorning 15 nafari vertolyotlarda viloyat shifoxonalariga yetkazilganini tasdiqlagan edi.

Saidjon o‘q yegani aytilgan 13 bemorning hammasini tanishi va ularning hozirda o‘zi bilan bir shifoxonada davolanayotganini bildirdi:

- Hammasi men bilan birga. Farg‘onadagi Tez tibbiy yordamga qarashli shifoxonadamiz. Hammasining ahvoli yaxshi.

Ozodlik chegaradagi insidentda o‘qotar quroldan jarohatlangan so‘xliklar ishi bo‘yicha huquq-tartibot idoralari surishtiruv olib borayotgani haqida hanuz biror ma’lumotga ega emas.

So‘x tumani IIB bu borada barcha ma’lumotni Farg‘ona viloyati IIBdan olish mumkinligini aytgan.

"Farg‘ona viloyat IIBning matbuot bilan aloqalariga mas’ul Ismoiljon Sharipov", deb taqdim qilingan mulozim Ozodlikka viloyat boshqarmasida aynan quroldan jarohatlanish holati bo‘yicha surishtiruv borayotganidan xabardor emasligini aytdi.

4 iyun kuni bu rasmiy Ozodlik bilan suhbatda mavjud ma’lumotlarni aniqlab, so‘ngra xabar berishni va’da qilgan. Hozircha bu mulozimdan biror ma’lumot kelgani yo‘q.

Qirg‘izistonning Botken viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi Damira Yusupova esa, 4 iyun kuni Ozodlikning qirg‘iz xizmatiga "31 may kungi insidentda qirg‘izistonliklar tomonidan birorta o‘q otilmagan va birorta qurol qo‘llanilmagan", deb bayonot bergan.

Saidjon Tillaaminov So‘x va unga yaqin viloyatlarda bokschi yigit sifatida nom chiqargan. U uch davlat - O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonlik yosh bokschilar orasida o‘tgan turnirlarda qatnashgan, 2019 yilda shunday xalqaro turnirlardan birida ikkinchi o‘rinni olgan.

Aytishicha, 31 may kungi insidentda olgan jarohati uning boksdagi kelgusi karyerasiga tahdid qilmaydi:

- Ikki oyda tuzalaman. Keyin yana mashg‘ulotlarni boshlayman. Keyin Oliy o‘quv yurtiga imtihon topshirishga tayyorlanyapman. Farg‘onada Jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishida o‘qishga kirishni niyat qilganman.

S. Tillaaminov (chapdan birinchi )2019 yildagi mintaqaviy turnirlardan birida, 2019
S. Tillaaminov (chapdan birinchi )2019 yildagi mintaqaviy turnirlardan birida, 2019

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegarada sodir bo‘lgan 31 may kungi to‘qnashuv va bundan so‘nggi voqealar rivojiga oid boshqa ma’lumotlar bilan quyida to‘liq tanishishingiz mumkin:

XS
SM
MD
LG