Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:01

«Brat 2» filmi titrlari o‘rniga AQShdagi zo‘ravonliklarni efirga uzatgan "Perviy kanal" tanqidga uchradi


Atlantadagi norozilik namoyishi qatnashchilari.
Atlantadagi norozilik namoyishi qatnashchilari.

Rossiyaning "Perviy kanal"i 2000 yil suratga olingan «Brat 2» filmini 7 iyun kuni efirga uzatar ekan, film yakunida titrlar o‘rniga AQSh shaharlari ko‘chalarida sodir bo‘lgan talon-toroj va politsiya zo‘ravonligi aks etgan video montajni ko‘rsatdi. Ko‘rsatilgan kadrlarning AQShda oq tanli politsiyachi tomonidan afroamerikalik Jorj Floydning o‘ldirilishi ortidan boshlanib ketgan tartibsizliklar videolari ekanligi aytilmoqda.

Film yakunida musiqa ovozi pastlab borar ekan, kadr ortidagi ovoz «Ozod dunyoning muhim qadriyatlari politsiya dubulg‘alari zarbi ostida chil-chil bo‘lmoqda. Ular talon-toroj qilingan do‘konlar olovi qa’rida yonmoqda, murosasiz ahvol shiddatida cho‘kmoqda», deya xitob qildi.

Floyd o‘limi ortidan boshlangan irqchilikka qarshi namoyishlarni Rossiya matbuoti aynan shunday ruhda tasvirlab keladi. Hukumat boshqaruvidagi tele va radiokanallar boshlovchilari va ko‘rsatuv mehmonlari AQShni zo‘r berib ikkiyuzlamachilikda ayblab, namoyishchilarga qarshi kuch ishlatilgani haqida jar solmoqda.

7 iyun kuni Sergey Bodrov bosh rolni o‘ynagan film titrlari o‘rniga ko‘rsatilgan videolar Nautilus Pompilius guruhining Goodbye, America yoki «Xayrlashuv maktubi» deb nomlanuvchi ashulasi fonida qo‘yildi. Kadrlarda olomon avtomobillarni ag‘darib, ularga o‘t qo‘yayotganini, politsiya avtomobili namoyishchilar ustiga haydab yuborilganini va politsiya xodimlari o‘tkinchilarni itarib yuborayotganini ko‘rish mumkin bo‘ldi. Shuningdek, kadrlarning birida eshiklari vayron bo‘lgan do‘kondan aftidan o‘g‘irlangan mollarni olib chiqayotgan shaxslarni ko‘rish mumkin.

Kadr ortidagi ovoz tinchiganidan keyin "Perviy kanal" muxbiri Georgiy Olisashvili Manhetten ko‘chalarida aksiyaga chiqqan namoyishchilar orasida o‘z lavhasini boshladi. Shu yo‘sinda film yakuni "Perviy kanal"ning asosiy xabar dasturi bo‘lmish «Vremya»ga silliq tutashtirildi.

Ammo Rossiya bo‘ylab ko‘plab tomoshabin "Perviy kanal"ni manipulyatsiyada ayblamoqda.

Muxolifatchi faol va huquqshunos Lyubov Sobol Twitterda video yakunida prezident Vladimir Putinga 5 va 6-marta prezident bo‘lish imkonini berishi mumkin bo‘lgan konstitutsion o‘zgarishlar haqida ham lavha ko‘rsatilishi kerak edi, deb istehzo bilan yozdi. Sobol «"Perviy kanal" muharrirlarini «hayvonlar» deb atadi.

Bloger Aleksandr Gorbunov esa «Agar Amerika telekanali fojia haqidagi film ortidan Norilsk suratlarini ko‘rsatganida, Kremldagi targ‘ibotchilar qanday dod solishini tasavvur qilyapman», deb yozdi. Yaqinda Norilьsk shahrida dizel yoqilg‘isi oqib ketib, Rossiyaning Arktika mintaqasida bir necha daryoni ifloslantirgan edi.

«Brat 2» 2000 yilda chiqarilgan bo‘lib, filmga 20 yil to‘lgani munosabati bilan Rossiya telekanallari uni efirga uzatmoqda. 7 iyun kuni "Perviy kanal" 1997 yil suratga olingan «Brat» va uning davomi «Brat 2» filmlarini ketma-ket efirga uzatdi.

Har ikki filmga Aleksey Balabanov rejissyorlik qilgan. Balabanov Rossiyada Sovet ittifoqi parchalanib ketganidan keyingi turmush aks etgan filmlari bilan shuhrat qozongan. Rejissyor 2013 yil vafot etgan.

Twitter foydalanuvchilaridan biri istehzo bilan «Balabanov bunga ruxsat berdimikin, qiziq?» deb yozdi va o‘z postiga rus tilida putinchiTVyolg‘onlari va #BlackLivesMatter (qora tanlilar hayoti muhim) xeshteglarini ilova qildi.

XS
SM
MD
LG