Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:19

O‘sh nizosini o‘rgangan xalqaro komissiya raisi: Nima bo‘lganini rad etsangiz, zo‘ravonlik qaytalanishi mumkin!


Qirg‘iziston surishtiruv komissiyasi raisi Kimmo Kilyunen.
Qirg‘iziston surishtiruv komissiyasi raisi Kimmo Kilyunen.

Qirg‘iziston janubida 2010 yilning iyunida sodir bo‘lgan qonli voqealar kamida 470 nafar odam umriga zomin bo‘ldi. Zo‘ravonliklar davomida minglab odam jarohat oldi, yuz minglab odam o‘z uyini tark etishga majbur bo‘ldi.

Zo‘ravonlik ortidan muvaqqat prezident Roza O‘tunbayeva to‘qnashuvlarni xalqaro mustaqil komissiya ko‘rib chiqishini so‘radi. Natijada Rossiya, Fransiya, Britaniya, Estoniya, Avstraliya va Turkiyadan kelgan yetti nafar a’zoli maxsus komissiya tuzilib, unga Kyrgyzstan Inquiry Commission (KIC) – Qirg‘iziston surishtiruv komissiyasi nomi berildi.

Komissiyaga finlyandiyalik siyosatchi, o‘sha paytda Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasining Markaziy Osiyodagi maxsus vakili bo‘lib ishlayotgan Kimmo Kilyunen yetakchilik qildi.

Kilyunen yetakchiligida komissiya xalqaro huquqshunoslar, inson huquqlari mutaxassislari, mojaro tahlilchilari va boshqa olimlar jamoasini tuzdi. Ular qariyb bir yil mobaynida millatlararo zo‘ravonlikni keltirib chiqargan omillarni o‘rganib, kelajakda bunday nizolar oldini olish hamda o‘zbeklar va qirg‘izlar o‘rtasida tinchlik-totuvlik va yarashishni qo‘llash borasida rasmiy Bishkekka tavsiyalar keltirilgan hisobotni yozishdi.

Yuzlab guvohdan intervyu olgan va qonli voqealar aks etgan minglab surat va videolarni ko‘rib chiqqan komissiya o‘z hisobotini 2011 yilning 3 mayida taqdim etdi.

Hisobot mualliflari genotsid yoki urush jinoyatlari sodir etilmagani, ammo ayrim zo‘ravonlik holatlari insoniyatga qarshi jinoyat o‘laroq ko‘rilishi mumkinligi haqida xulosa qildi.

2010 yil aprelida Qurmanbek Bakiyev hokimiyatdan ag‘darilishi ortidan tuzilgan muvaqqat hukumat va mamlakat parlamenti hisobot xulosalarini tan olmadi.

Hukumat hisobotni «bir taraflama» deb atab, uning mualliflarini o‘zbeklarni «himoyasiz jabrlanuvchilar» qilib ko‘rsatishda aybladi. Komissiyaning Qirg‘izistonda «millatchilikning siyosatga singib ketgani»ni ta’kidlangan hamda O‘sh voqealariga davlat miqyosidagi «etnomillatchilikka asoslangan siyosiy fanatizm» sabab bo‘lgani e’tirof qilingan hisoboti qirg‘iz siyosatchilarni qattiq g‘azablantirdi.

O‘sha paytda prezident O‘tunbayeva komissiyasi hisoboti «muhim va zarur» ekanligini aytib, uni yaxshi kutib oldi.

Ammo qirg‘iz parlamenti hisobotdagi tavsiyalarga amal qilish o‘rniga, 2011 yilning 26 mayida xalqaro komissiya raisi Kilyunenni Qirg‘izistonda persona non grata, ya’ni istalmagan shaxs deb e’lon qildi.

Qonli voqealardan 10 yil o‘tib, Qirg‘izistonda hisobotda ko‘rsatilgan ko‘plab tavsiyalarga hanuz amal qilingani yo‘q.

Ayni damda Yevropa kengashining Parlament assambleyasi vitse-prezidenti lavozimida ishlayotgan Kilyunen bugungi kungacha Qirg‘iziston uchun persona non grata bo‘lib qolmoqda.

Asosan O‘sh va Jalolobod shaharlarida sodir bo‘lgan qonli voqealarning 10 yilligi arafasida Ozodlik bilan suhbatlashgan Kilyunen shunday dedi:

- Bu g‘alati holat, chunki men parlament qarori bilan persona non grata deb e’lon qilingan dunyodagi yagona shaxs bo‘lsam kerak. Jahon bo‘ylab bunday qarorni hukumat chiqaradi va hukumat uni qayta ko‘rib chiqishi mumkin.

Biz haqiqatni aytib, sodir bo‘lgan hodisalarni birma-bir bir ta’riflab, muammoni hal qilishga ko‘maklashamiz, deb o‘ylagandik, shunga chindan umid qilgandik. Faktlarni ochib, kim jabr ko‘rganini, qanday muammoli yerlar borligini ko‘rsatishga urindik.

Komissiya hisobotida zo‘ravonliklarda o‘zbeklar ancha ko‘p jabr ko‘rgani, halok bo‘lganlarning 74 foizi o‘zbeklar bo‘lgani qayd etildi.

Ammo Kilyunen qirg‘iz rasmiylari o‘tkazgan sud va tergovlarning 80 foizi o‘zbeklarni nishonga olganini aytadi.

Komissiya, shuningdek, O‘shdagi o‘zbek mahallalarga qilingan ayrim hujumlar isbotlansa, insoniyatga qarshi jinoyatga teng kelishini xulosa qildi.

Bunday jinoyatlar orasida «qotillik, zo‘rlash va jinsiy zo‘ravonlikning boshqa shakllari, jismoniy zo‘ravonlik hamda entik belgilariga ko‘ra tanib olish mumkin bo‘lgan guruhni ta’qib qilish» kabi jinoyatlar bor.

Kilyunen 10 yil oldin yozilgan hisobot haqida so‘zlar ekan, rasmiy Bishkek hanuz unga e’tibor bermayotganini, chunki «qirg‘iz xalqi uni o‘qishni va muammoni tan olishni istamaganini» aytdi.

- Markaziy Osiyo davlatlari orasida, aytaylik, eng ochiq va demokratik mamlakat bo‘lgan Qirg‘izistonda bunday zo‘ravonlik sodir bo‘lgani butun xalqaro hamjamiyatni xavotirga solib, lol qoldirdi.

Kilyunen hisobotdagi tavsiyalar Qirg‘izistondagi milliy tanglikni yumshatishni ko‘zlab yozilganini va samimiy o‘ylarga asoslanganini aytdi.

- Faktlarni ko‘rib chiqib, bir-birlarini kechirishlari mumkin edi. Ammo faktlarni ochmasangiz, nima bo‘lganini rad etsangiz, zo‘ravonlik qaytalanishi mumkin, - dedi Kilyunen.

Qirg‘iziston janubida 10 iyun kuni zo‘ravonliklar boshlanganida O‘tunbayeva yetakchiligidagi hukumat atigi ikki oy oldin tuzilgan edi.

O‘tunbayeva Ozodlikka bergan intervyusida hukumat o‘sha paytda barqaror yoki kuchli bo‘lmaganini, Bakiyev ag‘darilganidan keyin Bishkekdagi vaziyatni barqarorlashtirish bilan band bo‘lganini tan oldi.

Sobiq prezident zo‘ravonliklarga Qirg‘izistonda millatlar o‘rtasidagi munosabatlar yomon ahvoldaligi sabab bo‘lganini ta’kidladi.

O‘tunbayeva O‘sh voqealari boshlanishidan ikki oy oldin O‘sh gubernatori etib tayinlagan So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov hozir Qirg‘iziston prezidentidir.

Qirg‘iziston surishtiruv komissiyasi Jeenbekov favqulodda vaziyat e’lon qilinishi ortidan vakolatlarini O‘sh komendantiga topshirib, to‘g‘ri yo‘l tutgan, deya xulosa qildi. Shuningdek, hisobotda Jeenbekov qishloqlardagi qirg‘izlar mobilizatsiyasini oldini olishga ko‘rsatma bergani aytildi.

Ammo hisobotda ayrim hukumat va harbiy rasmiylar ko‘rgan choralar etnik qirg‘iz to‘dalarning o‘zbeklar mahallariga bostirib kirishiga to‘sqinlik qila olmagani e’tirof etildi. Xususan, komissiya O‘sh shahri va viloyati komendanti Baqit Alimbekov hamda Jalolobod komendanti Qubatbek Baybolov zo‘ravonlikni to‘xtatish uchun yetarlicha chora ko‘rmagani hamda tinchlik o‘rnatishda inson huquqlariga amal qilinishini ta’minlamagan, deb topdi.

Shuningdek, hisobotda O‘shning o‘sha paytdagi meri Melis Mirzaqmatovning millatchilik ruhidagi chiqishlari tanqid qilindi.

Hisobotda keyinchalik Qirg‘iziston bosh prokurori etib tayinlangan Baybolov jinoyatlar Qirg‘izistonning ichki va xalqaro majburiyatlariga amal qilingan holda olib borilishini ta’minlash uchun kurashmagani ham aytib o‘tildi.

Hisobot e’lon qilinganidan beri Human Rights Watch hamda Amnesty International kabi xalqaro tashkilotlar qonli voqealar ortidan qirg‘iz rasmiylari ochgan 5 mingga yaqin jinoyat ishi asosan etnik o‘zbeklarni nishonga olganini aytib keladi.

XS
SM
MD
LG