Линклар

Шошилинч хабар
29 октябр 2020, Тошкент вақти: 13:09

Toqayev prezidentligining bir yili: Yil og‘ir bo‘ldi¸ ammo undan ham og‘irlari oldinda!


Mustaqil Qozog‘istonning ikkinchi prezidenti Qasim-Jomart Toqayev.

Bundan roppa-rosa bir yil oldin Qasim-Jomart Toqayev Qozog‘iston prezidenti sifatida qasamyodga keltirilgan edi. O‘tgan yil Toqayev hokimiyati uchun qanday bo‘ldi?

Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining Markaziy Osiyo bo‘yicha tahlilchisi Bryus Pannier shu savolga javob izladi.

Nazarboyev bilan cho‘zilib ketgan xayrlashuv

2019 yilning 12 iyun kuni Qasim-Jomart Toqayev mustaqil Qozog‘iston tarixidagi ikkinchi prezident sifatida qasamyodga keltirildi. 2019 yilning 19 mart kuni birinchi prezident Nursulton Nazarboyev iste’foga ketishini e’lon qilishi ortidan¸ prezidentlik vakolati Senat raisi bo‘lgan Toqayevga o‘tdi va uning saylovlar orqali davlat oliy lavozimiga kelishiga shubha qolmadi.

Ammo qozoq jamiyati muayyan qatlamining Nazarboyev to‘ng‘ich qizi Darig‘a Nazarboyevaning mamlakat boshqaruvidagi ikkinchi lavozim - Senat spikerligiga kelish tezligi¸ qolaversa¸ poytaxt Ostonaning Nur-Sulton deb nomlanishiga nisbatan salbiy munosabati ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘ldi. Bularning bari xalq bilan maslahatlashmay turib amalga oshirildi.

Glasgou universiteti professori¸ Qozog‘iston haqidagi kitoblar muallifi Lyuka Ancheski, Nazarboyev nomining qozoq poytaxtiga berilishini mamlakat siyosatidagi «belgilovchi moment» deb ataydi.

Ancheski bu qarorni nafaqat Qozog‘istonda avtoritar boshqaruv davom etishi¸ balki rejimning Nazarboyev bilan cho‘zilib ketgan xayrlashuv jarayonida xalq talab qilgan o‘zgarishlarga kar va ko‘r bo‘lib qolishining majoziy ifodasi sifatida talqin etadi.

Qozog‘istonda o‘zgarishlar bo‘lishini istagan ko‘pchilik liderlar almashinuvini yaxshi yangiliklarni boshlash uchun imkon sifatida qarshi oldi. Ammo bu umidlar Toqayevning Nazarboyev boshlagan siyosiy kursni davom ettirish haqidagi ilk bayonoti¸ Nazarboyevning Xavfsizlik kengashining umrbod raisi etib tayinlanishi ortidan puchga chiqdi. Qozog‘iston konstitutsiyasiga 2018 yili kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra¸ Xavfsizlik kengashi raisiga nihoyatga katta vakolat berilgan. Bu qozog‘istonliklar orasidagi “hech narsa o‘zgarmadi” degan fikrni yanada kuchaytirib yubordi.

2019 yil 9 iyun kungi saylovlarda Toqayev 70,96 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi. Yana olti nomzod qatnashgan saylovlardagi «muxolifat nomzodi» Amirjan Kosanov 16,23 foiz ovoz oldi.

Bu kamida 81 foiz ovoz bilan saylanib kelgan Nursulton Nazarboyevga nisbatan ancha kamtar g‘alaba edi. Shu bois ayrimlar Toqayevning davlatning jamiyat ustidan nazoratini bo‘shashtirishiga nisbatan umiddan voz kechmadi.

Toqayev uchun prezidentlikning birinchi yili¸ nafaqat siyosiy muxolifatning jonlanishi¸ balki boshqa jarayonlar bois¸ og‘ir yil keldi.

«Ikki hokimiyatchilik»

Toqayev prezidentligi birinchi yilining asosiy qismida ko‘pchilik uni ham birinchi prezident¸ ham Xavfsizlik kengashi raisi sifatida nihoyatda katta vakolatni saqlab qolgan Nazarboyev soyasi sifatida qabul qildi.

Nazarboyev mahalliy amaldorlar¸ bank rahbarlari¸ qolaversa¸ mamlakatga kelgan xorij rahbarlari va boshqa yuqori darajali mehmonlarni qabul qilishda davom etdi.

Xususan¸ 2019 yil noyabrida Toshkentda o‘tkazilgan Markaziy Osiyo liderlari sammitiga Toqayev emas¸ Nazarboyev bordi. O‘tgan dekabrda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi rahbarlarining norasmiy sammitida ham Qozog‘istonni Nazarboyev tamsil qildi.

9 oktabr kuni qabul qilinib¸ 21 oktabrda e’lon qilingan prezident qaroriga ko‘ra¸ Toqayev Mudofaa¸ Ichki va Tashqi ishlar vaziridan boshqa ministrlar¸ prezident ma’muriyati a’zolari¸ Bosh prokuror¸ Milliy bank va Milliy gvardiya raisi¸ Korrupsiyaga qarshi kurash idorasi rahbari¸ shahar va viloyat hokimlarini tayinlash uchun Nazarboyev ruxsatini olishi kerak.

Bularning bari Nursulton Nazarboyev iste’foga ketdimi¸ yo‘qmi degan savolni kun tartibiga qo‘ydi. Toqayev muttasil ravishda Nazarboyevni «millat lideri»¸ Qozog‘istonda nihoyatda hurmat qilinadigan arbob va tajribali siyosatchi sifatida ta’riflab¸ ikki hokimiyatchilikka oid savollarga javob berishga majbur bo‘ldi. Ammo bu ikkilikdan qay birining "bosh" ekanini tushunish nihoyatda qiyinligicha qoldi.

Noroziliklar to‘lqini

Toqayev inauguratsiyasi bir necha kunga cho‘zilgan norozilik namoyishlari fonida o‘tdi. Namoyishlar «Haqiqatdan qochib qutula olmaysan»¸ «Toqayev mening prezidentim emas¸ Nur-Sulton mening poytaxtim emas¸ Darig‘a mening Spikerim emas!” kabi shiorlar bilan o‘tkazildi.

Shiorlar orasida “Chol¸ ket!” deganlari ham bo‘ldi va bu qozog‘istonliklar orasida haqiqiy boshliq aynan Nazarboyev ekaniga ishonuvchilar borligini ko‘rsatdi.

Bu namoyishlar¸ xususan¸ 12 iyun – Toqayev inauguratsiyasi kunidagi mitinglarni Nazarboyev hukmronligi ostida katta bo‘lgan yoshlarning «Uyg‘on¸ Qozog‘iston» harakati uyushtirdi. Ular konstitutsiyaga o‘zgartish kiritib¸ mamlakatni prezidentlik boshqaruvidan parlament boshqaruviga o‘tkazishni talab qilib chiqdi.

Shuningdek mamlakatda inson haqlari himoyasi bilan shug‘ullanuvchi yangi guruhlar¸ yangi siyosiy harakat va partiyalar tuzila boshlandi¸ Nazarboyevning qochqinda yurgan muxolifi Muxtor Ablyazov boshchisi bo‘lgan “Qozog‘iston demokratik tanlovi” harakati ham faollashdi.

9-11 iyun kunlari Olmaota va Nur-Sultonda uyushtirilgan norozilik namoyishlari davomida kamida mingga yaqin odam ushlandi. Inson haqlari bo‘yicha BMT idorasi Qozog‘istonni jz grajdanlarining “tinch namoyishlar o‘tkazish” huquqlarini ta’minlashga chaqirdi.

Ko‘p o‘tmay Ichki ishlar vaziri Yerlan Turg‘umbayev 9 iyundan 13 iyunga qadar 4000 ga yaqin odamning ushlanganini e’tirof qildi.

14 iyun kuni Olmaotada «Toqayev mening prezidentim emas» degan banner osildi¸ o‘sha kungi teleintervyusida Toqayev noroziliklarning bosh sababi “kambag‘allik”dir deb bayonot berdi.

Bu esa¸ Toqayevning namoyishchilar talab va chaqiriqlarini eshitmayotgani haqida taassurot qoldirdi.

6 iyuldan Nazarboyev tug‘ilgan kunda nishonlanadigan Poytaxt bayramida namoyishlar yangi to‘lqini boshlandi. Namoyishlar¸ bir kishilik piketlar shaklida yil oxirigacha davom etdi. 16 dekabr¸ Qozog‘iston mustaqillik kunida ko‘p joylarda yana katta mitinglar bo‘lib o‘tdi. Ularda siyosiy mahkumlarni ozod qilish talabi yangradi.

Bu talablar¸ siyosiy faol Dulat Agadilning 24 fevral kuni poytaxt izolyatoridagi sirli o‘limidan so‘ng yanada kuchaydi.

Namoyishlar to‘lqiniga javoban hukumat ularni tashkillashtirishda muhim rol o‘ynagan veb saytlar va ijtimoiy tarmoqlarni bloklashga o‘tdi. Oqibatda¸ Freedom House xalqaro tashkiloti Qozog‘istonni internet erkinligi keskin yomonlashib borayotgan davlatlar ro‘yxatiga kiritidi.

Falokat ortidan falokat

Toqaev prezidentligining birinchi yilini bo‘lishini hech kim oldindan bashorat qila olmagan hodisalar ham murakkablashtirdi.

Turkiston viloyatidagi harbiy omborda chiqqan yong‘in¸ Olmaotani suv bilan ta’minlovchi Karagalinka daryosidagi sel¸ Bek Air kompaniyasi uchqichining qulashi¸ Jambil viloyatida dungan va qozoqlar o‘rtasida chiqqan nizo shular jumlasidandir.

Mart oyi oxirida esa¸ Qozog‘istonda ham koronavirusga chalinishning ilk holati qayd etildi. Iyun o‘rtasiga kelib bu raqam 13,5 mingdan oshdi va virus yuqtirganlardan 67 nafari vafot etdi. Ko‘pchilik bu rasmiy raqamlarning kamaytirilganini aytmoqda.

Bir qoshiq asal

Mamlakatda COVID-19 infeksiyasi yoyilishi Toqayev hukumatini kasallik tarqalishini to‘xtatish uchun keskin choralar qo‘llashga majbur qildi.

Aksar dunyo kabi Qozog‘iston ham qator shaharlarni karantinga yopib qo‘ydi. O‘zi shundoq ham neft narxi tushishidan aziyat chekayotgan iqtisod yanada pastga qulay boshladi.

Karantin choralari namoyishlar to‘lqiniga tanaffus berdi iva Toqayevga nafas rostlash imkonini yaratdi.

Ammo 6 iyundan Olmaota va boshqa shaharlarda yana chiqishlar boshlandi.

Muhimi¸ koronavirus infeksiyasi iyul oyida 80 yoshga kiradigan Nazarboyevning jamoatchilik ko‘zidan yo‘qolishiga olib keldi. Nazarboyev infeksiya tarqagani xabaridan beri ko‘rinmay qoldi.

Bu esa¸ Toqayevni davlatni boshqarishda yolg‘iz qoldirdi va u vaziyatdan foydalanib¸ o‘zini vaziyatni nazorat qilayotgan rahbar sifatida ko‘rsata boshladi. Telekanallarning uning turli vazir va hokimlar bilan o‘tkazayotgan favqulodda uchrashuvlarini muttassil ko‘rsata boshladi.

May oyida Darig‘a Nazarboyevani Senat raisligidan ozod qilish bilan Toqayev o‘z sha’niga dog‘ bo‘lib turgan omillardan biridan qutulishga muvaffaq bo‘ldi.

Qozog‘iston bo‘yicha yetakchi eksperlardan biri Joanna Lillis, Toqayevni nihoyatda og‘ir ahvolda qolgan rahbar¸ deb hisoblaydi.

«U hokimiyatga Nazarboyev siyosatini davom ettirish va’dasi bilan keldi va aynan shuning uchun uni voris qilib tanlashdi. Toqayev prezidentligi avval boshdanoq ana shu fundamentga qurildi»¸ deydi tahlilchi.

Ayni paytda Lillis, «fuqarolik jamiyatining ijtimoiy tarmoq va ko‘cha namoyishlaridan his etilayotgan bosimi islohotlar zaruratini kun tartibiga qo‘ymoqda»¸ degan ishonchda.

-Toqayevda islohotlar instinkti kuchli va u islohotlar foydasini ko‘ra oladi¸ deydi Lillis.

Lyuka Ancheski ham Toqayev prezidentligining birinchi yili nihoyatda og‘ir bo‘lganini aytadi.

"Ayrim qiyinchiliklarni rejimning o‘zi yaratdi¸ ayrimlarini esa tashqi omillar. Ammo ularni hal qilish urinishlari juda zaif bo‘ldi"¸ deydi bu tahlilchi.

Lillis esa Toqayevning birinchi yilini shunday xulosalaydi:

-Toqayev o‘z zimmasiga hokimiyat davomiyligini ta’minlash uchun islohotlar bo‘lmaydigan joyda islohot o‘tkazish kabi bajarib bo‘lmaydigan vazifani oldi. Bu yil Toqayev uchun qiyin bo‘ldi¸ ammo undan ham qiyinlari hali oldinda.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG