Линклар

Шошилинч хабар
22 октябр 2020, Тошкент вақти: 06:56

OzodMikrofon: "Niqobing yo‘q deb Milliy gvardiya harbiylari meni bo‘g‘di, xushimdan ketdim"


Milliy gvardiya xodimlari tomonidan kaltaklangani, bo‘g‘ilganini da’vo qilgan surxondaryolik tadbirkor Dovar Jo‘raqulov

Surxondaryolik tadbirkor Dovar Jo‘raqulovning Ozodlikka da’vo qilishicha, karantin qoidalarini nazorat qilib yurgan Milliy gvardiya harbiylari uni bo‘g‘ib, xushidan ketkizishgan.

Aytishicha, harbiylar uni niqobsiz yuribdi, deb uyi oldida to‘xtatishgan va e’tiroz qilmoqchi bo‘lganida, biri unga nisbatan kuch qo‘llagan.

Dovarning otasi - 49 yashar Muhammadjon Rajabov 13 iyun kuni sodir bo‘lgan hodisa guvohlarida biridir. Uning aytishicha, atrofdagilar vaqtida aralashmaganda, Dovar o‘lib qolishi mumkin edi.

Dovarning otasi shu kunga qadar IIV yoki prokuratura bu hodisa ortidan surishtirib kelmaganini aytmoqda.

Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanidagi Yangi turmush qishlog‘ida yashaydigan 24 yashar tadbirkor Dovar Jo‘raqulovning OzodMikrofon rukniga aytishicha, hodisa 13 iyun kuni uning uyi oldida sodir bo‘lgan:

- Men uydan endi chiqqan edim. Otamga nimadir aytgandim, u meni eshitmadi. Shuning uchun niqobni biroz tushirib, unga gapirib turgan paytimda birdan Milliy gvardiya harbiylari kelishdi. Niqobsizsiz, sizni suratga oldik, deyishdi. Qani suratni menga ko‘rsating, degan edim, meni sudrab ko‘chaning narigi tarafidagi avtobusni oldiga olib o‘tishdi. O‘sha paytda, avtobusdan ichidan bittasi meni bo‘g‘ib, avtobusni ichiga tortdi.Yerdan oyog‘im uzilishi bilan hushimdan ketdim.

Uning iddao qilishicha, tuyqusdan unga kuch qo‘llagan harbiy, Dovar hushidan ketganidan keyin qo‘yib yuborgan.

U avtobus yoniga yiqilib tushgan:

- Otam ularga nima qilyapsizlar, deb kelayotgandi orqamdan, men orqaga burilgan paytida bo‘g‘di bittasi, keyin hushimdan ketdim. Keyin otam-onam meni kasalxonaga olib borishgan. Umurtqada qon tomir qisilganmi, shunaqa deyishgan, anig‘ini bilmayman. Bir kun shifoxonada yotdim, keyin o‘zim uyga ketaman, dedim. Hozir uydaman, o‘rnimdan tursam, ko‘z oldim qorong‘ulashib, yana yotib qolyapman.

Quyida tadbirkor bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:45 0:00
Бевосита линк


Tadbirkorning otasi 49 yashar Muhammadjon Rajabovning Ozodlikka da’vo qilishicha, o‘sha kuni voqea guvohlari aralashib, o‘g‘lini o‘limdan saqlab qolgan:

- Bo‘g‘ib, shunday bir narsa qildiki, buni qanday aytishga ham odam o‘ylanadi. Meni ko‘z o‘ngimda bo‘ldi, darvozamizni oldida. Og‘zida maskasi bor edi, maskasini sal pastroqqa tushirib, men bilan gaplashayotgan edi. Yonimizda ustalar bor edi, ular aralashgan edi, ularga ham tashlanib qolishdi. Haliyam qutqarib qoldik, qutqarmaganimizda, Xudo biladi nima bo‘lishini. O‘zlari ketib qolishdi, na yordam berdi, na do‘xtir chaqirdi. Hammasi qochib qoldi keyin. Hozir o‘g‘lim uyda og‘ir yotibdi, tuzukroq yeb-icholmaydi.

Tadbirkorning oilasi 13 iyun kuni shifoxonada ularga taqdim qilingan tibbiy ma’lumotnoma nusxalarini ham Ozodlikka taqdim qildi:

Dovar Jo‘raqulov unga 13 iyun kuni shfioxonada berilganini aytgan tibbiy ma’lumotnoma, 2020
Dovar Jo‘raqulov unga 13 iyun kuni shfioxonada berilganini aytgan tibbiy ma’lumotnoma, 2020

Dovar Jo‘raqulov unga 13 iyun kuni shifoxonada berilganini aytgan tibbiy ma’lumotnoma, 2020
Dovar Jo‘raqulov unga 13 iyun kuni shifoxonada berilganini aytgan tibbiy ma’lumotnoma, 2020

Dovar Jo‘raqulovga 13 iyun kuni yetkazilgan tan jarohati aks etgan suratlar, 2020
Dovar Jo‘raqulovga 13 iyun kuni yetkazilgan tan jarohati aks etgan suratlar, 2020

M. Rajabovning aytishicha, shifoxonada shifokorlar hodisa tafsilotlarini so‘rashgan va IIVga darxol xabar berilishini bildirishgan:

- O‘sha kuni kasalxonadagi doktorlar IIVga xabar qilgan bo‘lishlari kerak. Hammasini so‘rashdi, aytib berdik. Xabar borgandan keyin buni o‘zlari surishtirishlari kerak emasmi?! Men hozir bola bilan ovora bo‘lib qoldim. Hech qayerga murojaat qilmadim hali. Kutib turibman, qani chora ko‘risharmikin, unga qarab harakat qilamanda.

Ya’ni, tadbirkorning otasi bu hodisa bo‘yicha IIV va prokuraturaga hanuz murojaat qilmaganini aytmoqda.

13 iyun kuni sodir bo‘lgan hodisa guvohlaridan birining Ozodlikka iddao qilishicha, o‘sha kuni Yangi turmush qishlog‘ida reyd uyushtirgan harbiylar mahalliy aholiga juda qo‘pol munosabatda bo‘lgan, boshqalarga ham kuch qo‘llagan.

- Dovarni niqobi bor edi. Niqobing yo‘q, deb bo‘g‘ishdi. Men borib ajratmoqchi edim, sen kimsan, deb menga ham nayezd (zug‘um) qilib ketishdi. Zo‘rg‘a ajratib oldik, bo‘lmasa bo‘g‘ib qo‘yishardi uni. O‘sha yerdan velosipedda kelayotgan 7-8 sinf o‘quvchisi Shohrux, degan bolaniyam to‘xtatishib, xuddi qo‘yni yuklaganday avtobusga otishdi. Meni qutqaringlar, deb baqirdi. Katta yoshdagilar sizlarni ishingizni ko‘radiganlar ham bordir, deb gapirishdiyam, parvo qilishmadi, deydi hodisaning ismini sir saqlayotganimiz guvohi.

Ozodlik bu hodisa yuzasidan Sariosiyo kuchishlatar tuzilmalari yoki Surxondaryo huquq-tartibot idoralaridan biror rasmiy izoh ololmadi.

Sariosiyolik tadbirkorning otasi, shu kunda ijtimoiy tarmoqlarda katta bahslarga sabab bo‘lgan Andijondagi hodisa - bir fuqaroning IIV xodimlari tomonidan qiynoqqa solinishi ortidan vafot etganidan xabardorligini bildirdi.

Ozodlik radiosi 13 iyun kuni shu yilning 30 mayida Andijon shahar IIBsining 4-bo‘limidan qiynoq belgilari bilan koma holatida chiqarilgan 32 yoshli A.Abdukarimov ​11 iyun kuni hayotdan ko‘z yumgani haqida xabar bergan edi.

M. Rajabov kuch ishlatar tuzilmalari xodimlarining bu kabi zo‘ravonligiga chek qo‘yilishi shart, deb ta’kidladi:

- Internetda Andijondagi voqeani ham o‘qidim. Bundaylarga qonun doirasida chora ko‘rishsin, tergov qilishsin! Bunga bugun chora ko‘rishmasa, ertaga bular birortasining bolasini o‘ldirib qo‘yishi mumkin!

-----------------------------------------------------------------------------------------------

OzodMikrofon rukni ostida berilayotgan fikr va mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas’ul emas!

Agar sizni tashvishga solayotgan muammolar bo‘lsa, shuningdek, o‘zingiz guvohi bo‘layotgan voqea-hodisalar borasida Ozodlikka xabar bermoqchi bo‘lsangiz¸ bizga qo‘ng‘iroq qiling.

SMS va qo‘ng‘iroqlaringizni +420 724 971 539 va +420 724 740 755 raqamiga yo‘llang.

OzodMikrofon sizga muntazir!

XS
SM
MD
LG