Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:09

Prezidentga shikoyat qilgan Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi ishchilari bosim ostida qolganini aytmoqda


O‘zbekistondagi eng yirik zavodlardan biri bo‘lgan Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi daromadi mustaqillikdan so‘ng birinchi oila nazoratida bo‘lib kelgan.
O‘zbekistondagi eng yirik zavodlardan biri bo‘lgan Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi daromadi mustaqillikdan so‘ng birinchi oila nazoratida bo‘lib kelgan.

20 aprel kuni O‘zbekiston prezidenti nomiga shikoyat maktubi yozgan Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining 280 dan oshiq ishchisi¸ ular vakillarining Ozodlikka aytishicha¸ bosim ostida qolgan.

Prezident portaliga yo‘llangan bu xatga 280 nafardan oshiq ishchi imzo chekkan va ular zavodning Jizzakh Petroleum MChJga besh yillik ishonchli boshqaruvga berilgani ortidan boshlangan keskin o‘zgarishlarga o‘z noroziligini bildirgan.

Maktubga qo‘l qo‘ygan ayol ishchilardan biri Ozodlikka o‘zining Farg‘ona IIB tergovchisi tomonidan so‘roq qilinganini aytsa¸ boshqalari zavod ma’murlari tomonidan ishdan bo‘shatilib¸ jinoyat ishiga tortilish bilan qo‘rqitilayotganini aytmoqda.

Nafaqat O‘zbekiston¸ balki Markaziy Osiyodagi eng yirik zavodlardan biri sanalgan Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi 2020 yilning 7 fevral kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan (benefitsiar) Jizzakh Petroleum MChJga besh yillik ishonchli boshqaruvga berilgan.

Shikoyat xati

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi (FNQIZ) ishchilaridan 287 nafari qo‘l qo‘ygan shikoyat maktubi 20 aprel kuni Prezident Xalq qabulxonasiga topshirilgan.

Nusxasi Ozodlikka yuborilgan bu maktubda zavodning bir guruh ishchilari FNQIZga 2019 yil noyabrida Adhamjon Isomov direktorlikka kelganidan so‘ng¸ “ishchilar yuziga tabassum kelgani”¸ ular oyligi oshirilib¸ mukofot pullari va turli ijtimoiy yordam berila boshlagani¸ ishlab chiqarish ham jonlanganini yozgan.

Prezident portaliga yuborilgan maktub nusxasi.
Prezident portaliga yuborilgan maktub nusxasi.

Maktubda yozilishicha¸ ishchilarning bu shodligi FNQIZ 2020 yilning 7 fevral kuni Jizzakh Petroleum MChJ boshqaruviga berilganidan so‘ng tugagan.

Ishchilarga ko‘ra¸ yangi boshqaruvchi direktorlikka tayinlanganiga 6 oy ham bo‘lmagan Adhamjon Isomovni ishdan ketishga majburlagan va darhol keng ko‘lamli qisqartishlarga kirishgan.

Yangi boshqaruvchilar Toshkentdan keldi. Bizni umuman odam o‘rnida ko‘rmaydi. Zavoddagi beshta sex – 2¸ 8¸ 9¸ 11 va 12 sexning 32-qurilish montaj sexiga qo‘shib yuborilishini aytishdi. Bular koksoviy¸ asbobsozlik¸ aloqa¸ elektr va remont sexlari. Zavod juda katta va bu sexlar yopilsa¸ u qanday ishlaydi¸ tushunmayapmiz. Zavod Jizzakh Petroleumdan katta qarz bo‘lgani uchun¸ go‘yo shularga berilganmish. Lekin bilishimizcha¸ zavod Jizzakh Petroleumga olgan mahsulotlari narxini predoplata shaklida to‘lab kelgan. Hozir oylik berishga pul yo‘q emish va shuning uchun ishchilarni Sardoba¸ Toshkent¸ Andijondagi qurilishlarga mardikor qilib yuborishar ekan. Bu esa¸ zavodning minglab ishchisini avvaliga vaqtincha ishga chiqarib yuborib¸ keyin butunlay bo‘shatish deganidir”¸ deydi FNQIZning Ozodlik gaplashgan ishchilaridan biri.

Bunday o‘zgarishlardan norozi bo‘lgan ishchilar 20 aprel kuni prezident portaliga maktub bilan murojaat qilib¸ unda Jizzakh Petroleum boshqaruviga noroziligini ifodalagan va Isomovni zavod rahbarligiga qaytarishni so‘ragan.

287 nafar ishchi o‘z ismi sharifi va tabel raqami bilan qo‘l qo‘ygan bu maktub rasman qabul qilinganidan bir hafta o‘tib¸ Ozodlik gaplashgan ishchilarga ko‘ra¸ FNQIZ yangi rahbarlari maktubga qo‘l qo‘yganlarni bittama-bitta so‘roq qilishni boshlagan.

Xuddi kinolardagi Gestapodek¸ bittadan olib kirib gaplashishdi. Ko‘pchilikni xatlar bo‘limining boshlig‘i Ixtiyor so‘roq qildi. Ishdan ketasan¸ ustingdan jinoyat ishi ochtiraman¸ deb qo‘rqitdi. Bitta ishchimizni zavodning yangi direktori Latipov va Jizzakh Petroleum bosh direktori Fayzullayev savol-javob qildi. Xatni uyushtirganlikda ayblangan bu ayolni direktor urmoqchi ham bo‘ldi. Keyin bu ayol kasal bo‘lib yotganida uni Farg‘ona IIBning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi tergovchisi Soliyev dopros qilib¸ “san oldingi direktordan pora olgansan¸ qamatvoraman”¸ deb rosa po‘pisa qilgan”¸ deydi FNQIZ ning Ozodlik gaplashgan ishchilaridan biri.

Suhbatdoshlarga ko‘ra¸ bu ayol - Feruza Umirzoqova zavodning hozirgi rahbari tomonidan tazyiqqa uchrayotgani, direktor o‘zini haqorat qilib urmoqchi bo‘lganidan ochiq shikoyat qilgan.

Xususan¸ u 9 iyun kuni “O‘zbekiston 24” radiokanalining “Huquqiy maslahat” dasturida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi mas’ul xodimi Farrux Jo‘rayevdan yordam so‘rab murojaat qilgan.

Ozodlik bilan suhbatda Feruza Umirzoqova Jizzakh Petroleum olib borayotgan qisqartish va boshqa harakatlarning ishchilar noroziligiga sabab bo‘layotgani bois prezidentga yozilgan xatga qo‘l qo‘ygani va buning uchun o‘zining yangi direktor tazyiqiga uchraganini tasdiqladi.

Zavod mulozimi muammoni tan oldi¸ lekin tazyiqlarni inkor qildi

Ozodlik prezidentga shikoyat qilgan FNQIZ ishchilarining yangi ma’muriyat tomonidan qattiq bosimga uchrayotgani haqidagi ma’lumotlarga izoh olish uchun Kadrlar bo‘limi bilan bog‘landi.

7000 dan oshiq ishchi ishlayotgan FNQIZ mulozimi¸ zavoddagi qisqartishlar va xat yozganlar bilan bittama-bitta gaplashilganini inkor qilmadi.

Bular prezidentga xat yozganidan keyin¸ haqiqatan ham xatlar va murojaatlar bilan ishlaydigan mas’ullarimiz ular bilan suhbatlashdi. Nimadan noroziligini surishtirdi. Lekin ularga qo‘rqitish¸ tahdid bo‘lgani yo‘q. Hammasi ishlab yuribdi. Zavodning moliyaviy ahvoli og‘ir bo‘lgani uchun¸ ishlamay turgan tsexlarni qurilish-montajga qo‘shyapmiz. Odamlarni ko‘chaga haydamaslik¸ ularni jilla qursa qurilishlarda ishlatib turish uchun shunday qilinyapti. Oyliklar kam¸ mukofotlar bekor bo‘lgani ham bor gap. Lekin hozircha hech kim ishdan bo‘shatilgani yo‘q”¸ dedi zavod mulozimi.

Yalpi attestatsiya

Ozodlikka bog‘langan FNQIZ ishchilari yangi boshqaruvchi – Jizzakh Petroleum rahbarlari o‘z hatti-harakatlariga e’tiroz bildirayotganlardan “qonuniy yo‘l” bilan qutulish uchun zavod tarixida uchramagan yangi jarayon – yalpi attestatsiya o‘tkazilishini e’lon qilganini aytdi.

Bu attestatsiyadan¸ prezidentga yozilgan xatga qo‘l qo‘yganlar¸ albatta¸ o‘tkazilmaydi. Shunday qilishsa¸ go‘yo Mehnat qonunchiligini buzmagan bo‘ladi bular. Zavodda bo‘layotgan o‘g‘riliklar haqida biz yangi boshliqlarga ochiq aytganmiz. Bu zavodni Gulnora Karimova¸ Akbar Abdullayev¸ ya’ni Mirziyoyev aytgan “Farg‘ona kalamushlari” qanday talaganini butun respublika yaxshi biladi. Lekin hozirgisi undan o‘tib tushdi. Bizni ana shu o‘g‘riliklarga ko‘z yummayotganimiz uchun ham jazolashmoqchi”¸ deydi FNQIZning shaxsini ochiqlamaslik so‘rovi bilan gapirgan yana bir mutaxassisi.

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida yalpi attestatsiya o‘tkazish haqidagi buyruq 9 iyun kuni berilgan.
Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida yalpi attestatsiya o‘tkazish haqidagi buyruq 9 iyun kuni berilgan.

Ozodlik bilan suhbatda ishchilar¸ xususan¸ "zavoddan har kuni 25 ta 30 tonnalik benzovozning hech qayerda qayddan o‘tmasdan noma’lum yo‘nalishda chiqib ketishi haqida yangi rahbariyatdan izoh so‘ragani va bunday savol ham ular qahriga uchraganini" iddao qildi.

Zavod Kadrlar bo‘limi rasmiysi¸ FNQIZ yangi rahbariyati 7000 dan oshiq ishchining hammasini attestatsiyadan o‘tkazishga qaror qilgani va buning zavod yaqin tarixidagi birinchi yalpi attestatsiya bo‘lajagini tasdiqladi.

Endi zavodning yangi boshqaruvchisi uni foyda keltiradigan qilmoqchi. Ishlamay turgan sexlarni qisqartirib¸ keraksiz ishchilarni bo‘shatmoqchi. Bu istalgan kompaniyaning haqqiku! Hozir hech kim ertaga attestatsiyadan kim o‘tib¸ kim qolishini bilmaydi. Ishini yaxshi bilsa¸ zavodga foyda keltirsa¸ qoladi. Bo‘lmasa¸ u yog‘i qonunchilikka ko‘ra hal bo‘ladi”¸ dedi zavod boshqaruviga aloqador mas’ul.

Markaziy Osiyodagi eng katta zavod yangi egasi kim?

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi¸ uning o‘z rasmiy saytida yozilishicha¸ yonilg‘i-surkov materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha Markaziy Osiyodagi eng yirik korxonalardan biridir.

Bu zavod uzoq yillar O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimovning qayinsingli Tamara Akbarova va uning o‘g‘li Akbarali Abdullayevlar orqali birinchi oila nazoratida bo‘lib kelgan. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Gulnora Karimovaga qo‘ygan rasmiy ayblar orasida ayni zavodning 40 milliard so‘mdan ortiq pulini o‘zlashtirganlik ham bor.

FNQIZ va boshqa muhim strategik obyektlardan qariyb 1 milliard dollarga yaqin davlat mablag‘ini o‘zlashtirganlikda ayblangan Akbarali Abdullayev Mirziyoyev hukumati tomonidan qidiruvga berilgan va hozirda chet elda bekinib yashab yuribdi.

Shavkat Mirziyoyev bu zavod aksiyalarining 100 foizini Indoneziyada ro‘yxatga olingan «RT Trans Asia Resources» kompaniyasiga 16 million AQSh dollariga sotish haqida qaror chiqargan edi. Mirziyoyevning 2019 yilning 10 aprel kungi 4275-sonli qarorida asli o‘zbekistonlik ota-bola Aslanovlarga tegishli bo‘lgan Indoneziyadagi shirkatning Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish va to‘liq quvvat bilan ishlashini ta’minlashga katta investitsiya kiritishi belgilangan edi.

2019 yil 6 may kuni prezident matbuot xizmati FNQIZni 16 million dollarga sotib olgani aytilgan Aslanovning Mirziyoyev bilan birga zavodda tushgan suratini chop qilgan edi.
2019 yil 6 may kuni prezident matbuot xizmati FNQIZni 16 million dollarga sotib olgani aytilgan Aslanovning Mirziyoyev bilan birga zavodda tushgan suratini chop qilgan edi.

Mirziyoyevning FNQIZga qilgan safari haqida yozgan prezident matbuot xizmati¸ 2019 yilning 6 may kuni prezidentning Aslanov bilan birga tushgan suratini e’lon qilgan va “PT Trans Asia Resources” kompaniyasining zavodga 2022 yilgacha kamida 875 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kiritishini xabar qilgan edi.

Ammo Ozodlik gaplashgan zavod ishchilariga ko‘ra¸ ota-bola Aslanovlar prezident bilan zavodda ko‘ringanidan so‘ng yana bir oydan ko‘proq FNQIZ ishi bilan tanishgan va shundan so‘ng qaytib kelmagan.

2020 yilning 7 fevral kuni¸ prezidentning 4275-sonli qarori hali kuchda qolayotgan bir paytda¸ O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi FNQIZ va Jizzakh Petroleum MChJ bilan uch tomonlama kelishuv tuzdi (rus tilidagi bu hujjat nusxasi Ozodlikda mavjud). Mazkur kelishuvga ko‘ra¸ FNQIZ besh yillik ishonchli boshqaruvga Jizzakh Petroleum MChJga olib berildi.

Ozodlik Jizzak Petroleum MChJsining kimga oidligi¸ O‘zbekistondagi eng yirik yoqilg‘i zavodining qaysi asos va qaysi yo‘l bilan nega aynan shu MChJga berilganiga oid savollar bilan Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga murojaat qildi.

Bu jarayon va Jizzakh Petoleum MChJ faoliyatiga oid ma’lumot va rasmiy izoh bilan yaqin kunlarda alohida maqolada tanishishingiz mumkin bo‘ladi.

Agar siz bu jarayondan xabardor bo‘lsangiz¸ixtiyoringizda unga oid hujjatlar bo‘lsa¸ ularni Ozodlik orqali jamoatchilik bilan baham ko‘rishingiz mumkin.

Buning eng qisqa yo‘li - Telegramdagi +420 724 951 539 raqami orqali @ozodnewsga aloqaga chiqishdir.

XS
SM
MD
LG