Линклар

Шошилинч хабар
29 октябр 2020, Тошкент вақти: 02:22

OzodDayjest: "Meni MXX raisi o‘rinbosari Shuhrat G‘ulomov qamatgan edi"


Aktyorga ko‘ra, u MXX raisi o‘rinbosari Shuhrat G‘ulomovning ko‘rsatmasi bilan tuhmat asosida hibsga olingan.

So‘x hokimi o‘rinbosari umra ziyoratiga otlangan 15 kishini chuv tushirdi. Aktyor Matyoqub Matchonov 2016 yilda kimning ko‘rsatmasi bilan qamoqqa olinganini ochiqladi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Umraga otlangan fuqarolarni chuv tushirib Rossiyaga qochgan hokim o‘rinbosariga hukm o‘qildi

Farg‘ona viloyati So‘x tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari umra ziyoratiga borish istagida bo‘lgan fuqarolarni chuv tushirdi (“Adolat” gazetasi, 2020 yil 17-son).

Ismi oshkor etilmagan mansabdor hokim o‘rinbosari sifatida Haj va umra ziyoratini tashkil etish komissiyasiga ham boshchilik qilgan. U 2019 yil iyun – sentabr oylarida umra ziyoratiga borish istagida bo‘lgan 15 fuqarodan 180 million so‘m naqd pul olgan va bu mablag‘ni turli maqsadlarda ishlatib yuborgan.

Aldanganini sezgan fuqarolar hokim o‘rinbosari ustidan huquq idoralariga arz qilgan. Mansabdor esa Toshkent orqali Rossiyaning Qozon shahriga qochib ketgan. Qayd etilishicha, fuqarolarga yetkazilgan zararni hokim o‘rinbosarining otasi to‘lab bergan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumani sudi raisi Farrux Abduraimovga ko‘ra, fuqarolarga firib bergan hokim muoviniga qonuniy jazo tayinlangan. Jazo turi va jinoyat ishiga oid boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan.

Aktyor Matyoqub Matchonov: Meni MXX raisi o‘rinbosari Shuhrat G‘ulomov qamatgan edi

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, Kinoarboblar ijodiy uyushmasi raisi Matyoqub Matchonov 2016 yilda hibsga olingani va 4 oy davomida qamoqda o‘tirgani tafsilotlarini ochiqladi (www.daryo.uz, 15 iyun).

Aktyorga ko‘ra, u MXX raisi o‘rinbosari Shuhrat G‘ulomovning ko‘rsatmasi bilan tuhmat asosida hibsga olingan.

“Shuhrat G‘ulomov biznesdagi sherigimning o‘g‘li bilan nimagadir qasdlashib qolgan ekan. U bola shirkatimizning nomiga olingan mashinani haydab yurardi. Uni qamoqqa olish uchun o‘sha mashinaning ichiga 3,5 kilo nasha solib qo‘yishgan. O‘sha vaqtlarda Shuhrat G‘ulomov boshchiligidagi MXX xodimlari bunaqa ishlarga usta edi... Shu voqeadan keyin o‘sha bolani, so‘ng uni dadasini tiqishdi. Meni ham bir-ikki marta tergovga chaqirishib, shirkat siznikimi, deyishdi, ha, meniki, dedim. Shundan so‘ng hech nima demasdan arafa kuni meni ham Gvardeyskiy degan joyga tiqib qo‘yishdi. Bir yarim oy Gvardeyskiyda o‘tirdim, ikki yarim oy Toshturmada o‘tirdim. Keyin umrlari uzoq bo‘lsin, Prezident kelganlaridan keyin bizni chiqarib yuborishdi”, - deydi aktyor.

M. Matchonov uni qamatgan Sh. G‘ulomov ayni paytda bir umrlik qamoq jazosini o‘tayotganini eslab o‘tgan.

“MXX yaxshi emas, buni hamma biladi, chunki odamni psixologik ezishar edi. Odam sifatida muomala qilinmas edi. U odamga umrbod qamoq jazosi nimaga berildi, bitta u emas, butun jamoasi qamalib ketdi”, - deydi M. Matchonov.

Navoiy viloyatidagi noyob qoyatoshlar tashib ketilmoqda

Navoiy viloyatidagi mashhur Sarmishsoy yodgorligidan 40 kilometr janubiy-sharqda yana bir ko‘hna manzil – Qorong‘uo‘ngir darasi mavjud (“Milliy tiklanish” gazetasi, 18 iyun).

Ushbu hududdagi ko‘hna xarsangtoshlar hamda noyob qoyatosh suratlari (petrogliflar) tarixiy ahamiyatga egadir. Qayd etilishicha, Sarmishsoyga garchi qo‘riqxona-muzey maqomi berilgan bo‘lsa-da, amalda mazkur hudud qarovsiz qolmoqda.

Bu yerda hatto bemalol qo‘y-mol boqilmoqda. Qolaversa, dam olish bahonasida kelganlarning chor atrofni chiqindiga to‘ldirib ketishi ham oddiy holatga aylangan.

“Qorong‘uo‘ngirdagi vaziyat esa bundan-da og‘ir. Xuddi Sarmishsoydagi kabi bu yerdagi qoyatosh suratlariga ham odamlar tomonidan shikast yetkazilmoqda. Qoyatosh suratlari mavjud hududdan tosh kavlanib, tashib ketilyapti. Bu nafaqat katta ekologik xavfni, balki tarixiy fojiani ham keltirib chiqarmoqda”, - deb yozadi gazeta.

XS
SM
MD
LG